Namoz xatolarni o‘chirishi haqidagi hadis

Assalomu alaykum! Hurmatli uztozlar, bitta xadis eshitdim shu xadis sahihmi? Yo shunga o‘xshagan xadis bormi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam saxobalar bilan o‘tirganlarida, yonlaridan bitta ariq o‘tgan ekan. Keyin “Odamzot shu ariqni suviga 5 maxal yuvinsa uning badanida kir qoladimi” ma’nosida edi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَرَأَيْتُمْ لَوْ أَنَّ نَهَرًا بِبَابِ أَحَدِكُمْ يَغْتَسِلُ مِنْهُ كُلَّ يَوْمٍ خَمْسَ مَرَّاتٍ هَلْ يَبْقَى مِنْ دَرَنِهِ شَيْءٌ؟ قَالُوا: لَا يَبْقَى مِنْ دَرَنِهِ شَيْءٌ، قَالَ: فَذَلِكَ مَثَلُ الصَّلَوَاتِ الْخَمْسِ يَمْحُو اللهُ بِهِنَّ الْخَطَايَا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أَبَا دَاوُدَ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Aytinglar-chi, agar biringizning eshigi oldida anhor bo‘lsa, u o‘shanda har kuni besh marta yuvinib tursa, uning kiridan biror narsa qoladimi?» dedilar.
«Uning kiridan hech narsa qolmaydi», deyishdi.
U zot sollallohu alayhi vasallam:
«Ana shunga o‘xshab, Alloh besh vaqt namoz ila xatolarni yuvadi», dedilar».
Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.
Sharh: Hadisi sharifdan namozning fazilati va gunohlarning yuvilishi bobida uning tutgan o‘rni yaqqol ayon bo‘lmoqda. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu ma’noni yaxshiroq tushuntirish uchun misol keltirmoqdalar.
Birovning eshigi oldidan anhor oqib tursa-yu, u odam o‘sha anhorda har kuni besh mahal yuvinib tursa, unda kir qolmaydi. Xuddi shuningdek, har kuni besh mahal namoz o‘qigan odamning ham gunohlari yuvila-yuvila, gunohdan asar ham qolmaydi.
Kim bir mahal namozni o‘qimasa, uning gunohlaridan bir qismi to‘kilmay qolishi aniq. Ikki mahalni o‘qimasa, yana ham ko‘proq qoladi va hokazo. Bir kungi namozlarini o‘qimasa, anchagina kir to‘planadi. Bir hafta o‘qimasa, bir oy o‘qimasa, bir yil o‘qimasa, nima bo‘lishi ma’lum. Bir umr o‘qimaganlar esa bir umr yuvinmagan odamdan ko‘ra bir necha million marta jirkanch holga keladi. Chunki badanning kiri – moddiy kir, namoz o‘qimaganning kiri esa ma’naviy, ruhiy kirdir.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Shar’iy masalalarni tushuntirish uchun misollar keltirish yaxshiligi.
2. Namozning o‘ta fazilatli ekanligi.
3. Namoz tufayli bandaning gunohlari yuvilishi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 00:10 | Savol-javoblar | 147 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar