Kechirib yuborish

Assalomu alaykum! Bir oyatning tarjimasida «Inson ojiz yaratilgandir» deyilgan ekan. Odamlarni kechirib yuborishda shu oyatni asos qilib olsak to‘g‘ri bo‘ladimi? Hayotimda har kuni qandaydir anglashilmovchilik, va’dabozlik va xatolar yuz beradi. Ilgari odamlarning bu ishlaridan dilim xira bo‘lardi. Bu oyatni eshitib, ularni kechirib yuborishim kerakmikan deb o‘ylab qoldim. Axir Alloh taoloning O‘zi menga inson ojiz yaratilgan deb turgan edi-da.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Islomda g‘azabni yutish ulug‘ ahloqlardan hisoblanadi. Qur’oni Karim oyatlaridan tashqari bu oliy sifatning maqtovi Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislarida, salafi solihlarimizning ishlari va so‘zlarida o‘z aksini topgan. عَنْ حُمَيْدِ بْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ، عَنْ رَجُلٍ مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: قَالَ رَجُلٌ: يَا رَسُولَ اللهِ، أَوْصِنِي. قَالَ: لَا تَغْضَبْ. قَالَ: قَالَ الرَّجُلُ: فَفَكَّرْتُ حِينَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَا قَالَ، فَإِذَا الْغَضَبُ يَجْمَعُ الشَّرَّ كُلَّهُ. رَوَاهُ أَحْمَدُ Humayd Ibn Abdurrahmondan, u Nabiy alayhissalomning sahobalarining biridan rivoyat qiladi: «Bir kishi Nabiy alayhissolatu vassalomga: «Ey Allohning Rasuli, menga nasihat qiling», dedi. «G‘azab qilma», dedilar. «Nabiy alayhissalom shu gapni aytganlarida o‘ylab ko‘rsam, g‘azab hamma yomonlikni o‘zida jamlagan ekan». Ahmad rivoyat qilgan. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: عَلِّمْنِي شَيْئًا، وَلَا تُكْثِرْ عَلَيَّ لَعَلِّي أَعِيهِ. قَالَ: لَا تَغْضَبْ فَرَدَّدَ ذَلِكَ مِرَارًا كُلُّ ذَلِكَ يَقُولُ: لَا تَغْضَبْ .رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Menga bir narsa o‘rgating. Ko‘paytirib yubormang. Shoyadki, anglab olsam», dedi. «G‘azab qilma!» dedilar. U o‘z so‘zini bir necha marta takrorladi. U zot har safar: «G‘azab qilma!» dedilar». Buxoriy, Termiziy va Ahmad rivoyat qilishgan. عَنْ سَهْلِ بْنِ مُعَاذٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنْ أَبِيهِ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ كَظَمَ غَيْظًا وَهُوَ قَادِرٌ عَلَى أَنْ يُنْفِذَهُ دَعَاهُ اللهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ عَلَى رُؤُوسِ الْخَلَائِقِ حَتَّى يُخَيِّرَهُ مِنْ أَيِّ الْحُورِ الْعِينِ شَاءَ .رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ Sahl ibn Mu’oz roziyallohu anhudan, u otasidan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim g‘azabini unga amal qilishga qodir bo‘lib turib ichiga yutsa, Alloh uni qiyomat kuni xaloyiqning oldida chaqirib, huri iynlardan istaganini tanlash ixtiyorini beradi», dedilar». Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan. G‘azabni yutish fazilatli ishlardan hisoblanadi. Bunga har qanday odam ham qodir bo‘la olmaydi. Alloh taolo Qur’oni Karimda g‘azabni yutuvchilarni madh qilib: الَّذِينَ يُنفِقُونَ فِي السَّرَّاء وَالضَّرَّاء وَالْكَاظِمِينَ الْغَيْظَ وَالْعَافِينَ عَنِ النَّاسِ وَاللّهُ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ۝ «Ular engillikda ham, qiyinchilikda ham nafaqa qiladiganlar, achchig‘ini yutadiganlar va odamlarni afv qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadir», deya marhamat qilgan (Oli Imron surasi, 134-oyat). G‘azabni yutish eng qiyin ishlardan hisoblanadi. G‘azab insonda turli munosabatlar ila qo‘zg‘alib turadi, uni jilovlab olish har bir kishining ham qo‘lidan kelavermaydi. Lekin taqvodor kishi bu og‘ir ishni eplashi mumkin. Ya’ni qalbida taqvodorlik mavjud bo‘lgan insongina g‘azabdan g‘olib chiqa oladi. ("Ruhiy tarbiya" kitobidan). Vallohu a’lam!
28 Aprel 2022, 01:22 | Savol-javoblar | 111 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar