Erim to‘g‘ri ish qilyaptilarmi?

Assalomu alaykum! Meni dadam bir yil avvl qazo qildilar. Ini-singillariga judda mehribon odam edila. Dadamga ko‘p adolatsizliklar qilishganiga qaramay biz xam shunga o‘rganganmiz. Hozir rossayam yaxshi amakilarim dadam yo‘qliklarini bildirmaslikka xarakat qilishadi. Lekin erim to‘yimizga qarshi bo‘lishgani uchun kechirolmaydila. Kichik amakim rossiyada yashaydila. Uyga borsam kelgandim deb hol ahvol so‘rab tel qilaman. Qilmasam hafa bo‘ladila. Lekin erim buni hohlamaydila. Men esa otamni xotiralari xurmatidan ham amaki ammalarimni ko‘ngillarini olishni hohlayman. Savolim erim hohlamaganlari uchun ular bilan gaplashmasligim to‘g‘rimi yoki holidan xabar olib turishimmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Eringiz amakilaringizga gina saqlashi, ular bilan gaplashmasligi, sizni ular bilan silai rahmni bog‘lashdan to‘sishi joiz emas. عَنْ أَبِي أَيُّوبَ الْأَنْصَارِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا يَحِلُّ لِرَجُلٍ أَنْ يَهْجُرَ أَخَاهُ فَوْقَ ثَلَاثِ لَيَالٍ، يَلْتَقِيَانِ فَيُعْرِضُ هَذَا وَيُعْرِضُ هَذَا، وَخَيْرُهُمَا الَّذِي يَبْدَأُ بِالسَّلَامِ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُAbu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«
(Musulmon) kishiga o‘z birodaridan uch kechadan ortiq arazlash halol emas. Uchrashib qolsalar, bu ham yuz o‘girib ketadi, u ham yuz o‘girib ketadi. Ikkovining yaxshirog‘i salomni boshlaganidir», dedilar».
To‘rtovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Islomda birov bilan so‘kishish, urishish, janjal qilish gunoh hisoblanadi. Bandachilik qilib, urishib, janjallashib, gunohkor bo‘lib yurganlarning bir-birlariga nisbatan adovat saqlab, arazlashib yurishlari gunoh ustiga gunohdir. Jahldan tushib, o‘zlariga kelishlari uchun urishgan taraflarga uch kun muhlat berilgan. O‘sha muhlatdan keyin ham arazlashib, bir-birini ko‘rganda yuz o‘girib ketish haromdir. O‘rtada yuzaga kelgan noqulay holatdan chiqishni o‘z bo‘yniga olib, qarshi tomonga birinchi salom bergan odam yaxshi odam bo‘ladi.عَنْ مُحَمَّدِ بْنِ جُبَيْرِ بْنِ مُطْعِمٍ أَنَّ جُبَيْرَ بْنَ مُطْعِمٍ أَخْبَرَهُ أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: لَا يَدْخُلُ الْجَنَّةَ قَاطِعُ رَحِمٍ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ فِي الْأَدَبِ.Muhammad ibn Jubayr ibn Mut’imdan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Qarindoshlik aloqasini uzgan odam jannatga kirmaydi», – dedilar».
Buxoriy «Adab»da rivoyat qilgan.
Silai rahmni uzish insonning jannatga kirmay qolishiga sabab bo‘ladigan katta gunoh ishlardandir. Alloh taolo bundan O‘z panohida asrasin.عَنِ الْأَعْمَشِ وَالْحَسَنِ بْنِ عَمْرٍو وَفِطْرٍ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَيْسَ الْوَاصِلُ بِالْمُكَافِئِ، وَلَكِنِ الْوَاصِلُ الَّذِي إِذَا قُطِعَتْ رَحِمُهُ وَصَلَهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.A’mash, Hasan ibn Amr va Fitrdan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Qilganiga yarasha qaytargan silai rahm qiluvchi emas. Ammo silai rahm qiluvchi qarindoshlari aloqani kesganda bog‘lovchidir», – dedilar».

Buxoriy rivoyat qilgan.
Ya’ni boshqalar undan qarindoshlik aloqasini uzsa ham u silai rahm qilaveradi. «Sizdan ugina, bizdan bugina» degan niyatda bo‘lsa, «U qilsa, men ham qilaman» desa, mukofot uchun qilgan bo‘ladi. Bunday odam silai rahm qilgan hisoblanmaydi. Bunday muomala begonalarga ham qilinadi.
Qarindoshi yomonlik qilsa ham, silai rahm qilavergan odam haqiqiy silai rahm qiluvchi bo‘ladi. Bu erda juda katta gap bor. Hozirgi kunda qarindoshlik aloqalarining buzilishiga ko‘pincha ana shu omil, ya’ni «U qilsa, men ham qilaman, u qilmasa, men ham qilmayman» degan tushuncha sabab bo‘lmoqda.
Lekin ushbu hadisi sharifga amal qilinsa, «Mayli, boshqalar qilmasa qilmasin, lekin bu mening burchim, qilaveraman», deb silai rahm qilaversa, bir-ikki martalik harakatdan keyin narigi taraf ham «Bu qilyapti, men ham qilmasam, uyat bo‘ladi» deb, ikki tomondan ham aloqalar yo‘lga qo‘yilib ketadi.
Musulmonlik burchini anglab etgan kimsa bu ishni avvalroq qilishga urinadi. Natijada qarindoshlik, do‘stlik, birodarlik aloqalari hech qachon uzilmaydi.عَنْ جُبَيْرِ بْنِ مُطْعِمٍ أَنَّ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ رَضِي اللهُ عَنْهُ يَقُولُ عَلَى الْمِنْبَرِ: تَعَلَّمُوا أَنْسَابَكُمْ ثُمَّ صِلُوا أَرْحَامَكُمْ، وَاللهِ إِنَّهُ لَيَكُونُ بَيْنَ الرَّجُلِ وَبَيْنَ أَخِيهِ الشَّيْءُ وَلَوْ يَعْلَمُ الَّذِي بَيْنَهُ وَبَيْنَهُ مِنْ دَاخِلَةِ الرَّحِمِ لَأَوْزَعَهُ ذَلِكَ عَنِ انْتِهَاكِهِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ فِي الْأَدَبِ.Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Umar ibn Xattob roziyallohu anhu minbarda turib, dedilar:
«Nasablaringizni o‘rganing, so‘ngra qarindoshlar bilan silai rahm qiling. Allohga qasamki, bir odam bilan ikkinchi odam o‘rtasida narsalar
(turli munosabatlar) bo‘ladi. Agar ular oralaridagi qarindoshlik omilini bilganlarida, uni poymol qilishdan saqlangan bo‘lar edilar», – dedi».
Buxoriy «Adab»da rivoyat qilgan.
Ya’ni bir odam boshqa bir odamga qarindosh ekanini bilmay turib, biror yomonlik qilib qo‘yishi mumkin. Lekin «qarindosh» degan tushuncha bo‘lsa, qarindoshim ekan, deb, yomonlik qilmaydi. Shuning uchun qarindoshlarni aniqlab, bilib olish lozim.
Aslida, Islomda hech kimga yomonlik qilishga targ‘ib yo‘q. Lekin bandaning odati shu – qarindoshga boshqacharoq, iliqroq munosabatda bo‘ladi. Shuning uchun nasabi qaerga borib taqaladi, kim qanday qarindosh bo‘ladi – bularni aniq bilib olsa, juda yaxshi bo‘ladi. Bu narsa hatto oddiy insoniy munosabatlarga – yumshoq gapirish, iliq muomalaga ham ta’sir qilar ekan.
Har bir kishi o‘z nasabini va u orqali qavm-qarindoshini yaxshilab o‘rganib borishi yaxshi ish hisoblanadi. Ko‘pgina musulmon xalqlar aynan qarindoshlarini yaxshi tanib, ularga silai rahm qilish niyatida avlodlari tarixini o‘rganib kelganlar. Ularning bu borada avloddan avlodga o‘tib kelayotgan silsilalari ham bor.
Boshqalar ham bu ishga ahamiyat bersalar, ushbu rivoyatda ko‘tarilgan masalaga amal qilingan bo‘ladi. Vallohu a’lam!

19 Iyun 2022, 13:35 | Savol-javoblar | 181 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar