Badavlat sahobalar

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar, Alloh ilmingizni ziyoda qilsin. Badavlat sahobalarning hayotlari davomida qilgan kasb korlari va sahovatlari haqida ma’lumot bera olasizlarmi? Javob uchun rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Sizga miliondan birini misol qilib quyida keltiramiz.
Buyuk sahobiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar:
«Abu Bakrning vaqtida odamlar qahatchilikka uchradilar. Xalifa ularga:
«Inshaalloh, ertaga kechqurungacha Allohning kushoyishi kelib qolar», dedi.
Ertasiga tong chog‘i Usmonning karvoni etib keldi.
Tojirlar darhol uning oldiga etib keldilar. U ridosining peshlarini elkasiga tashlab olgan holda chiqdi. Tojirlar karvonda kelgan molni ulgurji savdo qilib, ularga sotishini so‘rashdi.
«Qancha foyda berasizlar?» dedi Usmon.
«O‘ntaga o‘n ikkita», dedilar.
«Bundan ko‘p beradigan bor», dedi Usmon.
«O‘ntaga o‘n beshta», dedilar.
«Bundan ko‘p beradigan bor», dedi Usmon.
«Senga bundan ko‘p beradigan kim edi? Madinaning tojirlari biz bo‘lsak!» dedilar.
«U Allohdir. U Zot menga har dirhamga o‘n barobar ziyoda berishni va’da qildi. Sizlar undan ko‘p bera olasizlarmi?» dedi.
Tojirlar qaytib ketdilar. U esa:
«Allohim! Bularning hammasini Madinaning kambag‘allariga ehson qildim. Narx ham yo‘q. Hisob ham yo‘q!» deb nido qildi».
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu ana shunday nodir xislatlar sohibi bo‘lgan bir zot edilar. U kishi faqirlarga amirlarning taomini bersalar ham, o‘zlari zaytun yog‘ini sirkaga aralashtarib, quruq non bilan eb o‘tirar edilar. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 00:58 | Savol-javoblar | 161 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar