Vitr namozini o‘qimaslik

Assalomu alaykum! Xufton namozini uqib vitr namozini o‘qimasa gunoh yoziladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Vitr namozi vojib hisoblanib uni tark qiluvchisi gunohkor bo‘ladi.
Hanafiy ulamolar «Vitr namozi vojibdir», degan gapni o‘z xayollaridan chiqarib emas, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga suyanib aytganlar.
Sakkizta sahobiydan, shu jumladan, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, Alloh sizlarga bir namozni ziyoda qildi. U – vitrdir», deganlar. Bu – besh vaqt farz namozlar ustiga yana bir namozni ziyoda qildi, deganlaridir.
Imom Abu Dovud, Nasaiy, Ibn Moja, Ahmad ibn Hanbal, Ibn Hibbon va Hokimlar Abu Ayyub al-Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Vitr har bir musulmonga haqqu vojibdir», deganlar.
Ko‘rinib turibdiki, vitr namozining saviyasi sunnat namozining saviyasidan yuqoridir. Agar shunday bo‘lmasa, ushbu hadislar aytilmas edi. Shu bilan birga, bu hadislarning kuchi farz namozlariga dalil bo‘lgan oyat va hadislarning dalillik kuchi darajasida emas. Shuning uchun Hanafiy ulamolar vitr namozini vojib deb, uni farz namozidan keyingi, sunnat namozidan oldingi o‘ringa qo‘yganlar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 02:05 | Savol-javoblar | 166 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar