Soqol haqida

Assalomu alekum! Hurmatli uztozlar, bir inson soqolni otadan oldin qo‘yib bo‘lmaydi dedi. Shunga oydinlik kiritib bersangizlar. Oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Hanafiy mazhabida soqol qo‘yish vojib amal hisoblanadi. Bu ham soqol chiqqan yoshidan boshlanishi kerak. Qirib olmaslik kerak. Xususan keksa yoshdagilar qirib olishlari Allohning nazdida gunohi kattaroqdir. Bu xuddi o‘zi faqir bo‘lib, mutakabbirlik qilish bilan barobardir. عَنْ نَافِعٍ، عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: خَالِفُوا الْمُشْرِكِينَ، وَفِّرُوا اللِّحَى، وَأَحْفُوا الشَّوَارِبَ. وَكَانَ ابْنُ عُمَرَ إِذَا حَجَّ أَوِ اعْتَمَرَ قَبَضَ عَلَى لِحْيَتِهِ، فَمَا فَضَلَ أَخَذَهُ Nofe’ aytadi: «Ibn Umar roziyallohu anhumo Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: «Mushriklarga xilof qilinglar: soqolni o‘stiringlar, mo‘ylabni taroshlanglar». Ibn Umar haj yoki umra qilsa, soqolini tutamlab turib, ortganini olib tashlar edi. SOQOLNI O‘STIRISh HAQIDA عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: انْهَكُوا الشَّوَارِبَ، وَأَعْفُوا اللِّحَى Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mo‘ylabni yaxshilab qisqartiringlar, soqolni esa o‘stiringlar», dedilar». (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Yuqoridagi hadislar asosida “Musulmon kishi yahudiy, nasoro va majusiylarga zid tarzda soqol qo‘yishni vojib” deganlar. Alloh taolo Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odatlarini qilish, amrlariga bo‘yinsunish va Alloh taoloni haqiqatan sevish alomati ekanligini bayon etib quyidagicha marhamat qilgan: قُلْ إِن كُنتُمْ تُحِبُّونَ اللّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَاللّهُ غَفُورٌ رَّحِيمٌ۝ 31. «Agar Allohni sevsangiz, bas, menga ergashing, Alloh sizni sevadir va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladir. Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir», – deb ayt. Allohga muhabbat, iymon quruq gaplar emas. Odamlar orasida o‘zining iymoni borligini, Allohga muhabbati borligini aytishi bilan sobit bo‘ladigan narsa ham emas. Allohga haqiqiy muhabbat, haqiqiy iymon og‘izda aytiladigan gap, vijdoniy his-tuyg‘u yoki ba’zi rasm-rusumlarni ado etishdan iborat ish emas. Aslida u Allohga va Uning Rasuliga to‘liq bo‘ysunishdan iboratdir. «Agar Allohni sevsangiz, bas, menga ergashing...» Kim Allohga muhabbati borligini da’vo qilsa, bu da’voning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqidagi hukm uning Nabiy alayhissalomga ergashishiga qarab chiqariladi. Agar u Nabiy alayhissalomga to‘g‘ri ergashsa, da’vosi to‘g‘ri. Ergashmasa, to‘g‘ri emas. Payg‘ambar alayhissolatu vassalomga ergashish har bir bandaga bitmas-tuganmas baxt-saodat keltiradi. Bu narsa oyatda quyidagicha bayon qilinmoqda: «Alloh sizni sevadir va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladir». Mo‘min banda uchun Allohning muhabbatidan ham yaxshiroq baxt-saodat bormi?! Buning ustiga, uning gunohlarini ham mag‘firat qilib tursa! Ha, ey bandalar! قُلْ أَطِيعُواْ اللّهَ وَالرَّسُولَ فإِن تَوَلَّوْاْ فَإِنَّ اللّهَ لاَ يُحِبُّ الْكَافِرِينَ۝ 32. «Allohga va Rasulga itoat qiling. Agar yuz o‘girsangiz, bas, albatta, Alloh kofirlarni sevmas», – deb ayt. ("Oli Imron” surasi Tafsiri Hilol kitobidan). Ba’zi kishilar soqol qo‘ymaslikka soqol qo‘yib gunoh ish qilib yuruvchi ba’zi kishilarni hujjat qilishadi. Bu dalillari ajoyib, axir har bir jamoatda yaxshi ham yomon kishilar ham bo‘ladida. Dunyoda Nobel mukofotini olgan erkak kishi erkak kishiga nikohlanib turibdi. Eng katta proffesor doktorlar pora, zino va aroqxo‘rlikka mubtalo bo‘lgan. Qancha-qancha shoira va yozuvchilar ichida vino va konyakka mubtalo bo‘lgan ayollar bor. Shu kabi namozxon kishilarning ichida ham soqolni qo‘yib gunoh ish qiluvchilari ham topilishi tabiiy. Ularni deb dindan mahrum bo‘lmaslik kerak. Alloh va rasulining amridan yuz o‘girmaslik kerak. Chunki birorta odam qo‘lini yuvmay, burnilari oqib turgan bolani yoki birortasini asalni eb turganini ko‘rsa “shunday odamlar asal eydigan bo‘lsa men asal emayman” deyishi axmoqlikku. Ba’zilar “Arab ham turk ham qori ham imom ham soqolini olyaptiku” deb dalil qiladi. Asl hujjat-dalil Qur’on va hadisdir, ularga zid ish tutish fosiqlik hisoblanadi. Bunda arab ham ajam ham hammasi barobardir. Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 19:45 | Savol-javoblar | 279 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar