Biz xam umid qilamizmi?

Assalomu alaykum! Xalifa Muoviya ibn Abu Sufyon Oisha (r.a.) onamizga 100.000 dirxam yubordilar. Oisha onamiz bu pulni xammasini tarqatib yuborayotganlarida cho‘rilari - "Ey ona bu puldan ozginasiga go‘sht olib qornimizni to‘yg‘izsak va kiyimingiz yirtilibti, shuni yangilasangiz" - debti. Oisha onamiz unga - "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga "Ey Oisha, agar dunyoda men bilan birga bo‘lgandek oxiratda xam birga bo‘lishni istasangiz dunyoda musofir odam o‘ziga jamg‘arma to‘plagandek narsani to‘plang va boylarni majlisidan uzoqroq bo‘ling va bir ko‘ylagizzi eskitib yuzatmasdan turib yangisini sotib olmang " deb vasiyat qilganlar. Men ular bilan oxiratda xam birga bo‘lishni istayman" - deb tarqatib tashladilar. Xaqiqatan shunday bo‘lganmi? Agar bo‘lgan bo‘lsa biz xam yuqoridagi uch ishni qilsak Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘lishdan umid qilamizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Haqiqatan shunday bo‘lgan. Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qo‘shni bo‘lish uchun u zot sollallohu alayhi vasallamning sahobalariga aytgan ishlarini qilishimiz kerak. قَالَ اللهُ تَعَالَى: وَمَن يُطِعِ اللّهَ وَالرَّسُولَ فَأُوْلَئِكَ مَعَ الَّذِينَ أَنْعَمَ اللّهُ عَلَيْهِم مِّنَ النَّبِيِّينَ وَالصِّدِّيقِينَ وَالشُّهَدَاء وَالصَّالِحِينَ وَحَسُنَ أُولَئِكَ رَفِيقًا۝ Alloh taolo:
«Kim Allohga va Rasulga itoat qilsa, bas, ana o‘shalar Alloh ne’mat bergan nabiylar, ‎‎siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birgadirlar. Va ular qanday ham yaxshi ‎‎rafiqlardir!», degan («Niso» surasi, 69-oyat).
Ushbu oyatni o‘qigan har bir kishining qalbida Allohga va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish istagi tug‘ilishi va kuchayishi turgan gap. Chunki o‘zini bilgan, esi bor har bir odam uchun nabiylar, siddiqlar, shahidlar va musulmonlar ommasi ichidan etishib chiqqan solihlar (yaxshi ishlari ila mashhur bo‘lgan kishilar) bilan birga bo‘lishdan ortiq baxt yo‘q!
Bu birlik, albatta, jannatda bo‘ladi. Jannatdagi maqomlarda esa mazkur baxtiyor toifalarning maqomi eng yuksak maqomlardir. Bu dunyoda ba’zi bir solihlar bilan bir marta ko‘rishib qo‘ygan, birorta majlisda birga bo‘lgan kishilar umr bo‘yi yodlab, faxrlanib yuradilar.
Bu oyatda zikr qilinayotgan birgalik esa u dunyoda bitta emas, balki barcha nabiylar, siddiqlar, shahidlar va ahli solihlar bilan, abadiy bo‘ladi. Bunday tengsiz baxtni yaxshiroq tasavvur qilish uchun insoniyat tarixidagi eng baxtli avlod – sahobalar avlodi Payg‘ambarlarning oxirgisi bo‘lmish Muhammad alayhissalom bilan birga bo‘lishga qanday ahamiyat berganini o‘rganib chiqaylik.
Ibn Jariyr Sa’iyd ibn Jubayrdan rivoyat qiladilar:
«Ansoriylardan bir odam Payg‘ambarimiz alayhissalomning huzurlariga xafa holida keldi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam unga:
«Ey Falonchi, senga nima bo‘ldi? Xafa ko‘rinasan?» dedilar.
«Ey Allohning Payg‘ambari, bir narsani o‘ylab, xafa bo‘ldim», dedi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«U nima edi?» deb so‘radilar.
«Biz ertayu kech yuzingizga nazar solamiz, siz bilan birga o‘tiramiz. Ertaga Payg‘ambarlar huzuriga ravona bo‘lsangiz, sizga etisha olmay qolamiz», dedi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam biror narsa demay, jim qoldilar. Bir ozdan so‘ng Jabroil:
«Kim Allohga va Rasulga itoat qilsa, bas, ana o‘shalar ‎Alloh ne’mat bergan nabiylar, ‎‎siddiqlar, shahidlar ‎va solihlar bilan birgadirlar» oyatini olib keldi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam haligi kishining ortidan odam yuborib, bashorat berdilar».
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Rabi’ ibn Ka’b al-Aslamiy quyidagilarni aytdilar:
«Payg‘ambar alayhissalomning huzurlarida tunab qolgan edim. U kishiga kerakli narsalarni, tahoratlariga suvni tutdim. U zot menga:
«So‘ra», dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, jannatda sizning rafiqingiz bo‘lishni so‘rayman», dedim.
«Bundan boshqani emasmi?» dedilar.
«Faqat shuni», dedim. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Menga bu ishda sen o‘zing ko‘p sajda qilish ila yordam ber», dedilar».
Bu dunyoda Payg‘ambar alayhissalomning suhbatlarining halovatini totgan sahobalarda u zot bilan oxiratda ham hamsuhbat bo‘lishga zo‘r va mislsiz ishtiyoq bor edi. Har bir mo‘min-musulmon bunday maqomga erishishni xohlasa, hozir biz o‘rganayotgan oyatga amal qilib, Allohga va Uning Rasuliga so‘zsiz itoat etmog‘i lozim. Ana o‘shanda ular yaxshi rafiqlarga sohib bo‘ladilar. Bu narsa Allohning ularga bergan fazli-marhamati bo‘lur. عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، كَيْفَ تَقُولُ فِي رَجُلٍ أَحَبَّ قَوْمًا وَلَمْ يَلْحَقْ بِهِمْ؟ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: الْمَرْءُ مَعَ مَنْ أَحَبَّ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ  Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey Allohning Rasuli! Bir qavmni yaxshi ko‘rgan va ularga etisha olmagan odam haqida nima deysiz?» dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kishi suyganlari bilan birgadir», dedilar».
To‘rtovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharifdagi «ularga etisha olmagan» jumlasini ikki xil tushunish mumkin. Biri «ularga borib qo‘shila olmagan», ikkinchisi «ular qilgan yaxshi amallarcha amal qila olmagan» bo‘lishi mumkin. Ammo har ikkisida ham o‘sha qavmga bo‘lgan muhabbat o‘z egasining o‘zi muhabbat qilgan qavmlarga borib qo‘shilishiga sabab bo‘lar ekan.
Kim yaxshilarni yaxshi ko‘rsa, ularga qo‘shib qayta tiriltirilar ekan. Kim yomonlarni yaxshi ko‘rsa, ular bilan bo‘lar ekan. Shuning uchun doimo mo‘min-musulmon va taqvodorlarga muhabbat qo‘ymoq zarur. عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَجُلًا سَأَلَ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَتَى السَّاعَةُ يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَالَ: مَا أَعْدَدْتَ لَهَا؟ قَالَ: مَا أَعْدَدْتُ لَهَا مِنْ كَثِيرِ صَلَاةٍ وَلَا صِيَامٍ وَلَا صَدَقَةٍ وَلَكِنِّي أُحِبُّ اللهَ وَرَسُولَهُ، قَالَ: أَنْتَ مَعَ مَنْ أَحْبَبْتَ. زَادَ فِي رِوَايَةٍ: فَقُلْنَا: وَنَحْنُ كَذَلِكَ، قَالَ: نَعَمْ، فَفَرِحْنَا يَوْمَئِذٍ فَرَحًا شَدِيدًا. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِيُّ. وَاللهُ أَعْلَمُ  Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan:
«Qiyomat qachon, ey Allohning Rasuli!» deb so‘radi.
«Sen unga nima tayyorlading?» dedilar.
«Men unga ko‘p namoz, ro‘za va sadaqa tayyorlaganim yo‘q. Lekin Allohni va Uning Rasulini yaxshi ko‘raman», dedi.
«Sen o‘zing yaxshi ko‘rganlar bilan birgasan», dedilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«Biz ham shundaymi?» dedik.
«Ha», dedilar.
O‘sha kuni qattiq xursand bo‘ldik»
ni ziyoda qilgan.
Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilganlar. Alloh bilguvchiroqdir.
Sharh: Demak, Alloh taologa va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbat ulug‘ narsa. Bu muhabbat o‘z egasini bu dunyoda Alloh taologa va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilishga va u dunyoda jannatga etaklaydi. Jannatda bo‘lganda ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘ladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 03:53 | Savol-javoblar | 141 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar