Islomni qabul qilganda avvalgi gunohlari

Assalomu alaykum! Alloh bizga ota-onamizdan ham mehribon. Keng rahmati sababli ham tavba eshiklarini hamma uchun ochiq qilgan. Banda qancha kufr keltirib va shirk qilmasin, gunohlarning xar turini qilmasin Allohning rahmatiga kirishga imkon bor. U uchun tavba eshigi ochiq. So‘zlarimning tasdig‘i o‘laroq Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bilan bir qariya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatni keltiraman. Rasululloh sallalohu alayhi vasallam qoshiga keksalik belini dol qilgan, sochlarini to‘kib, tishlarini qoqqan chol oyoqlarini zo‘rg‘a sudrab hassaga suyanib keldi. Uzoqlardan, ko‘zlarini to‘sayotgan kipriklari orasidan yo‘l qarab keldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oldilariga kelganida qaltiroq ovozda so‘zladi: - Ey Rasululloh, bir kishi gunohlarni ko‘p qilgan. Ko‘p qilganda ham hech turini qo‘ymay qilgan. Gunohlarini butun insoniyatga taqsimlansa, hammasini baxtqaro qilishga etadi. Shunday odamning tavbasi qabul bo‘ladimi? Rasululloh sollallohu alayhi va sallam boshlarini ko‘tarib qariyaga tikildilar. Yoshi bir joyga borib beli bukilibdi. Gunohlar iliklarining quvvatini olib, yuzidan nurni o‘chiribdi. – Islomga kirdingizmi? – Men Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, sizni Allohning elchisi ekaningizga guvohlik beraman! – Yaxshiliklar qilasiz, yomonliklardan tiyilasiz. Alloh sizga o‘sha gunohlarning barchasini yaxshilikka aylantirib beradi! – Xiyonatlarim, buzuqliklarimni ham-a?! – Shunday! – Allohu akbar!.. Allohu akbar! .. Allohu akbar!.. Takbir ayta-takbir ayta ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bu hikoyani Tabaroniy va Bazzor rivoyat qilgan. Savolim shuki yuqoridagi rivoyat to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Avval musulmon bo‘lmagan inson har qancha gunoh qilgan bo‘lsin Islomni qabul qilsa uning barcha gunohlari yuviladi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:32 | Savol-javoblar | 182 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar