Quyosh chiqayotganda Qur’on o‘qish

Assalomu alaykum! Ustozlar savolim noo‘rin bo‘lsa uzr surayman. Xolamlarni iltimoslari bilan shu savolim beryapman, izlash xizmatidan topa olmadim. Savolim shuki, ertalab bomdod namozini o‘qib bo‘lib Qur’onni ochib xatm qilashshi yaxshi ko‘rar ekanlar to charchagunlaricha o‘qirkanlar. Ularning qiynoyotgan masla uch xolatda namoz o‘qib bo‘lmasligni bilganlari uchun quyosh chiqayotgan bo‘lsa xam Qur’onni o‘qiyveraman, bu xam ibodatku deb aytdilar. Zarari yo‘qmikan deb mandan so‘radilar. Manimcha bo‘laversa kerak bu namozdan tashqri xolatku, bu hukm faqat namozga tegishli bo‘lsa kerak dedimda, man noto‘g‘ri fatvo aytib yuborishdan qo‘rqib sizlarga muroajat qildim. Javob uchun oldindan katta rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Siz to‘g‘ri aytgansiz, u faqat namozlarga tegishli. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا تَحَرَّوْا بِصَلَاتِكُمْ طُلُوعَ الشَّمْسِ وَلَا غُرُوبَهَا، فَإِنَّهَا تَطْلُعُ بِقَرْنَيِ الشَّيْطَانِ. وَفِي رِوَايَةٍ: إِذَا طَلَعَ حَاجِبُ الشَّمْسِ فَأَخِّرُوا الصَّلَاةَ حَتَّى تَرْتَفِعَ، وَإِذَا غَابَ حَاجِبُ الشَّمْسِ فَأَخِّرُوا الصَّلَاةَ حَتَّى تَغِيبَ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالنَّسَائِيُّ  Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Namozingiz ila quyoshning chiqishini ham, botishini ham namoz vaqti qilib olmanglar. Chunki u shaytonning shoxlari orasidan chiqadi», dedilar».
Yana bir rivoyatda:
«Quyoshning qoshi chiqsa, namozni u ko‘tarilib bo‘lguncha kechga suringlar. Quyoshning qoshi botsa, namozni u botib bo‘lguncha kechga suringlar», dedilar».
Ikki Shayx va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu rivoyatdagi «quyoshning qoshi» iborasidan murod, quyosh doirasining bir tarafi – qoshga o‘xshab egilgan joyi tushuniladi.
Hadisdan olinadigan foydalar:
1. Quyosh chiqayotgan vaqtda namoz o‘qimaslik.
2. Quyosh botayotgan vaqtda namoz o‘qimaslik.
3. Quyoshning bir tarafi chiqib, ko‘ringanidan ke¬yin u to to‘liq ko‘tarilib bo‘lguncha namoz o‘qimay turish.
4. Quyoshning bir tarafi botganidan keyin to u to‘liq botib bo‘lmaguncha namoz o‘qimay turish.
5. Mazkur vaqtlarda namoz o‘qib bo‘lmasligining sababi «Chunki u shaytonning shoxlari orasidan chiqadi» degan ibora bilan bayon qilingan.
Imom Muslimning rivoyatida:
«Va kofirlar unga sajda qilurlar» jumlasi ziyoda kelgan.
Demak, quyoshparastlar quyoshga u chiqayotgan va botayotgan paytda sajda qilar ekanlar. Shayton esa o‘sha joyda turib olib, ular menga sajda qilyaptilar, deb masxara qilar ekan. Ana shu kofirlarga o‘xshamaslik uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni mazkur vaqtlarda namoz o‘qishdan qaytarganlar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:35 | Savol-javoblar | 257 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar