Mevali daraxtga ishlov berish

Assalomu alaykum! Ba’zi bir bog‘bonlarimiz mevali daraxtlarni payvand qilishadi. Albatta daraxtni parvarish qilish bu yaxshi lekin bitta daraxtga ikki uch xil mevali daraxt novdasini payvand qilish to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bu shar’an joiz. Barcha narsa inson manfaati uchun yaratilgan. Undan qulay va to‘g‘ri maqsadda foydalanishga hech qanday qarshilik yo‘q. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonalarida ot bilan eshakni urchitib hachir olinar edi. Bu eshak xizmat qiladigan o‘rinda ko‘proq foyda berardi, chunki u oddiy eshakdan bir necha bor kuchli bo‘lardi. Shahar kabi joylarda birgina daraxtdan bir necha xil meva olish albatta foydali bo‘ladi. Qolaversa manzarasi ham chiroyli bo‘ladi. Ammo bu kabi ishlarni insonlar ustida olib borish joiz emas. Alloh taolo insonni mukarram qilib yaratib, inson naslini himoya qilish uchun zinoni harom qildi va bir ayol bir vaqtning o‘zida bir necha erkakka nikohlanishini harom qildi. Hatto iddasi chiqmasidan turib eridan boshqasiga nikohlanishini ham harom qildi. Inson asliy holatida qolishi uchun hatto qoshini terishni ham man qildi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 05:29 | Savol-javoblar | 157 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar