Buni dinga aloqasi bormi?

Assalomu alaykum! Alloh sizlardan rozi bo‘lsin. Savolim shuki muchal yoshiga to‘lganda bo‘y baravar oqlik va ehson qilib masjid yoki ziyoratgoh joylarga olib borish kerakmi? Buni dinga aloqasi bormi o‘zi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bu kabi ishlarni umuman dinga aloqasi yo‘q. Bularni dinni yaxshi tushunmaydigan bid’atchi odamlar to‘qib chiqarishadi. Bid’atchi bo‘lishdan qattiq saqlanish kerak.عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ أَصْدَقَ الْحَدِيثِ كِتَابُ اللهِ، وَأَحْسَنَ الْهَدْيِ هَدْيُ مَحَمَّدٍ، وَشَرُّ الْأُمُورِ مُحْدَثَاتُهَا، وَكُلُّ مَحْدَثَةٍ بِدْعَةٌ، وَكُلُّ بِدْعَةٍ ضَلَالَةٌ، وَكُلُّ ضَلَالَةٍ فِي النَّارِ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالنَّسَائِيُّ وَاللَّفْظُ لَهُJobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Albatta, eng sodiq Kalom Allohning Kitobidir, eng yaxshi hidoyat Muhammadning hidoyatidir. Ishlarning eng yomoni yangi paydo bo‘lganlaridir. Har bir yangi chiqqan ish bid’atdir. Har bir bid’at zalolatdir. Barcha zalolat do‘zaxdadir», dedilar».Ikki Shayx va Nasaiy rivoyat qilishgan. Lafz Nasaiyniki.Sharh: Muallifning bu hadisni «Kitob va Sunnatni mahkam tutish haqida» nomli bobda keltirishdan ko‘zlagan maqsadlari aniq. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu hadislarida bir necha haqiqatni bayon qilmoqdalar: 1. «Eng sodiq Kalom Allohning Kitobidir». Shunday bo‘lganidan keyin Allohning Kitobini o‘qish-o‘rganish va unga amal qilish kerak. Kim Qur’ondan boshqani undan ustun qo‘ysa, katta xato qilgan bo‘ladi. Hadisdagi bu jumla Kitobni mahkam tutish zarurligini ko‘rsatadi. 2. «Eng yaxshi hidoyat Muhammadning hidoyatidir». «Hidoyat» so‘zi lug‘atda bir narsaga lutf bilan yo‘llab qo‘yishni ifoda etadi. Dunyoda odamlarni hidoyat qilishni da’vo qiladiganlar ko‘p. Lekin eng yaxshi hidoyat – oxirgi va eng afzal Payg‘ambar – Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hidoyatlaridir. U zot sollallohu alayhi vasallamning hidoyatlari o‘zlarining Sunnatlarida bayon qilingan. Kim haqiqiy hidoyatni topaman, desa Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hidoyatlarini mahkam tutsin! Kim haqiqiy to‘g‘ri yo‘lda yuraman, desa Muhammad sollallohu alayhi vasallamning yo‘llarida yursin! 3. «Ishlarning eng yomoni yangi paydo bo‘lganlaridir». Avval aytganimizdek, bu gap Islom yangilikka qarshi degan ma’noni bildirmaydi. Bu erda Qur’on va Sunnatga xilof ravishda paydo bo‘lgan narsalar to‘g‘risida gap ketmoqda. Darhaqiqat, Kitob va Sunnatga xilof ravishda yangi paydo bo‘lgan har bir ish eng yomon ishdir. Ana shunday sharoitda paydo bo‘lgan «Har bir yangi chiqqan ish bid’atdir».  «Bid’at» so‘zi lug‘atda yangidan o‘ylab chiqarilgan narsani anglatadi. Shariatda esa bid’at deb Qur’on va Sunnatda zikri kelmagan narsalarning yangidan paydo bo‘lishiga aytiladi. Qur’on va Sunnatga xilof ravishda paydo bo‘lgan har bir narsa bid’atdir. «Har bir bid’at zalolatdir». Qur’on va Sunnatga xilof narsa zalolat bo‘lmay, nima ham zalolat bo‘lar edi. «Barcha zalolat do‘zaxdadir». Qur’on va Sunnatga xilof ravishda paydo bo‘lgan ish ham, uning qiluvchisi ham do‘zaxga tushadi. Shuning uchun ham Qur’on va Sunnatni mahkam tutish lozim. Buning uchun esa avvalo ularni yaxshilab o‘rganish kerak. Haqiqiy islomiy ish nima, haqiqiy bid’at nima ekanligini yaxshi ajrata bilish kerak. Ushbu hadisi sharifni suiste’mol qilib, hamma narsani bid’atga chiqarib, hammani do‘zaxga mahkum qilib yubormaslik ham zurur. Bu ma’no avvalgi hadisning sharhida batafsil bayon qilib o‘tildi. Ushbu hadisdan olinadigan foydalar: 1. Allohning Kitobi eng sodiq kalomligi. 2. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hidoyatlari eng yaxshi hidoyatligi. 3. Qur’on va Sunnatga xilof narsalar bid’at ekanligi. 4. Har bir bid’at o‘z egasi bilan do‘zaxda ekanligi. Biz musulmonlar bugungi kunda ushbu hadisni hayotga tatbiq qilishga juda muhtojmiz. Allohning kalomini yaxshi o‘rganib, unga amal qilishimiz lozim. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hidoyatlari – Sunnatlarini yaxshi o‘rganib, unga amal qilishimiz kerak. Allohning Kitobi va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlarini mahkam ushlamog‘imiz, ularga xilof bo‘lgan barcha bid’atlardan xalos bo‘lmog‘imiz lozim. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 07:02 | Savol-javoblar | 154 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar