Nafl ro‘zadagi holat

Assalomu alaykum! Shavval oyining ro‘zasini tutgan kunimda qo‘shnim piyoz so‘rab chiqdi. Xafa bo‘lib qolmasin deb berib yubordim. Shunday vaziyatda zarari yo‘qmi, yani biron eydigan narsa bersak! Alloh rohi bo‘lsin,rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Dinimizda ro‘zador falon narsani bersin-bermasin yoki qo‘liga bersin, idishda bersin, kechqurunda bermasin degan narsalar yo‘q. Alloh taolo “Shuuro” surasida marhamat qiladi: أَمْ لَهُمْ شُرَكَاء شَرَعُوا لَهُم مِّنَ الدِّينِ مَا لَمْ يَأْذَن بِهِ اللَّهُ وَلَوْلَا كَلِمَةُ الْفَصْلِ لَقُضِيَ بَيْنَهُمْ وَإِنَّ الظَّالِمِينَ لَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ۝ 21. Yoki ularning dindan Alloh izn bermagan narsalarni shariat qilib bergan sheriklari bormi?! Agar ajrim kalimasi bo‘lmaganida, albatta, ular o‘rtasida hukm qilingan bo‘lar edi. Albatta, zolim kimsalar uchun alamli azob bordir. Ushbu oyati karimaning tafsirida mufassirlar mushrik kofir va bid’atchilar Alloh taolo shariat qilib bergan to‘g‘ri dinni qo‘yib, jinlar va johil insonlardan iborat shaytonlar joriy qilgan ishlarga tobe’ bo‘lishlarini, ular nimani bo‘ladi desa qilib, bo‘lmaydi deganini tark qilishlarini bayon qilganlar. Bunga hozirgi kundagi biror diniy ilmning mutaxassisi bo‘lmay turib dindan gapiruvchilar, xususan dam solishni o‘rganib fatvo amalini bajaruvchilar, o‘zbek tilidan 1-2ta hadisni o‘qib olib hadisni da’vo qiluvchilar, mahallani kattasi bo‘lib olib shariatga zid gaplarni gapiruvchilar, dunyoviy fandan mutaxassis bo‘lsada diniy ta’limga ijozat olmasdan “menimcha” deb gapiruvchilar ham kiradi. Yoki 4 yillik madrasani chala-chulpa bitirib oynaijahonning mullai jahonlari bo‘lib dinni noto‘g‘ri talqin qiluvchilar ham kiradi. Bu o‘ta darajada og‘ir holatdir. Har bir o‘zini musulmonman degan inson shariat aytgan narsani qilib, qilma deganini tark qilish kerak. Ularning barchasi oyat va hadislarda bayon qilingan. Dinda yo‘q narsalarni dinga kirituvchi va birinchi bo‘lib odamlar orasiga odat qiluvchi kishilar haqida quyidagilar kelgan. عَنِ الزُّهْرِيِّ قَالَ: سَمِعْتُ سَعِيدَ بْنَ الْمُسَيَّبِ قَالَ: الْبَحِيرَةُ الَّتِي يُمْنَعُ دَرُّهَا لِلطَّوَاغِيتِ وَلَا يَحْلُبُهَا أَحَدٌ مِنَ النَّاسِ، وَالسَّائِبَةُ الَّتِي كَانُوا يُسَيِّبُونَهَا لِآلِهَتِهِمْ فَلَا يُحْمَلُ عَلَيْهَا شَيْءٌ. قَالَ: وَقَالَ أَبُو هُرَيْرَةَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:  رَأَيْتُ عَمْرَو بْنَ عَامِرِ بْنِ لُحَيٍّ الْخُزَاعِيَّ يَجُرُّ قُصْبَهُ فِي النَّارِ، وَكَانَ أَوَّلَ مَنْ سَيَّبَ السَّوَائِبَ Zuhriydan rivoyat qilinadi:  Sa’id ibn Musayyabning bunday deganini eshitdim:  Bahiyra – tog‘utlarga atalgani sababli sutini sog‘ish man qilingan tuya bo‘lib, uni birorta odam sog‘maydi. Soiba – ularning olihalar uchun o‘z holicha qo‘yib yuborilgan hayvonlari bo‘lib, unga hech narsa ortilmaydi . Abu Hurayra roziyallohu anhu dedi:  Nabiy sollallohu alayhi vasallam:  Men Amr ibn Omir ibn Luhay Xuzo’iyning do‘zaxda ichak-chavog‘ini sudrab yurganini ko‘rdim. U hayvonlarni soiba qilgan birinchi kishidir , dedilar . (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 07:08 | Savol-javoblar | 158 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar