Gunoh yozilmas ekan

Assalomu alaykum! Bir kishidan eshitishim bo‘yicha qandaydur uchta gunoh yozilmas ekan. Shu haqida malumot bersangizlar. Oldindan rahmat Alloh rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ اللهَ وَضَعَ عَنْ أُمَّتِي الْخَطَأَ وَالنِّسْيَانَ وَمَا اسْتُكْرِهُوا عَلَيْهِ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh mening ummatimdan xatoni, unutilgan va majbur qilingan narsani kechirgandir», dedilar». Ibn Moja rivoyat qilgan. Sharh: Bu hadisi sharif Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinmoqda. Keling, u kishining tarjimai hollari bilan tanishaylik. Ismlari Abdulloh, otalari Abbos ibn Abdulmuttolib, onalari Ummu fazl Luboba binti Horis. Hijratdan uch yil oldin Quraysh mushriklari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlarni Makka tog‘larida moddiy va ma’naviy qamalda ushlab turgan bir paytda dunyoga keldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Robbim, Abdulloh ibn Abbosga hikmatni o‘rgatgin», deb duo qilganlar. Ibn Abbos ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlarining haqlariga ko‘p duo qilayotganlarini ko‘rgach, ilm uchun tug‘ilganlarini angladilar va ilm o‘rganishga kirishdilar. Yosh bo‘lishlariga qaramay, ko‘p oyat va hadislarni yod oldilar. Kishilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Ibn Abbos ushbu ummatning ilm dengizidir», degan so‘zlariga keyinroq shohid bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida Ibn Abbos o‘n uch yoshda edilar. U zot agar hadis yodlagan kishini bilib qolsalar, darhol o‘sha odamning uyida paydo bo‘lar edilar. Ubaydulloh ibn Abdulloh aytadilar: «Ibn Abbos insonlardan ko‘p xislatlarda o‘zib ketdi. Ilmda u kishiga etadigani yo‘q edi. Fiqhda doimo u kishining fikriga suyanilar edi. Halimlikda va nasabda hech kim u zotga teng kela olmas edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini u kishidan yaxshi biladigan yoki xalifalarning qozilik ishlarini u kishidan ko‘ra yaxshiroq anglaydigan kishi topilmas edi». Ibn Abbos nafaqat hadis ilmi, balki Qur’on, fiqh, arab she’rlari ta’villaridan ham voqif edilar. U kishining eshiklari doimo ilm istab keluvchilar bilan gavjum bo‘lgan. Ibn Abbos 1660ta hadis rivoyat qilib, ko‘p hadis rivoyat qiluvchi sahobalarning beshinchisi bo‘lganlar. Ibn Abbos hijratning 68-yili 71 yoshlarida vafot etdilar. Ushbu hadisi sharifda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga Alloh taolo tomonidan bo‘lgan ulkan marhamat haqida so‘z ketmoqda. Ya’ni, musulmon kishi beixtiyor sodir etgan gunohlari uchun javobgar bo‘lmasligi bayon etilmoqda. Bu hadis o‘zida ulkan ma’noni mujassam qilgandir. Insonning haqiqiy aybdor yoki aybdor emasligini aniqlashdagi katta va asl qoidani bayon etmoqda. Fuqaholarimiz ushbu hadisi sharifdan fiqhiy hukmlarni ishlab chiqishda keng foydalanganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadislarida Alloh taolo u zotning ummatlaridan uch narsani kechib yuborganligi haqida bayon bermoqdalar. 1. Xato, ya’ni bir narsani bilmasdan qilib qo‘yish. Misol uchun, bir ishni qilsa bo‘ladi, deb tushungan holda qiladi, keyin shariatda man qilinganligi ayon bo‘ladi. Shuningdek, bir niyat bilan qilsa, natija aksincha chiqadi. Misol uchun, ovlash maqsadida hayvonga otgan o‘qi odamga tegib ketishi mumkin. Bunga o‘xshash holatlarda inson xato qilgan bo‘ladi. Uning xatosi kechiriladi. Chunki bu narsa uning ixtiyoridan tashqari sodir bo‘ldi. Sodir etilgan xato Allohning haqqi bo‘lsa, butunlay kechib yuboriladi. Bandaning haqqi bo‘lsa, engillashadi. Masalan, inson bir kishini xato tufayli o‘ldirgan bo‘lsa, oldingi misolda aytilganidek, hayvonga otgan o‘qi odamga tegib ketsa, qasos uchun o‘qni otgan kishi o‘ldirilmaydi, balki u o‘gan kishi uchun xun to‘laydi. 2. Unutish, ya’ni yodidan ko‘tarilib, taqiqlangan ishni qilib qo‘yish. Misol uchun, falon ishni qilmayman, deb qasam ichsayu, qasamini unutib, o‘sha ishni qilib qo‘ysa, gunoh bo‘lmaydi. Xato va unutish tufayli moddiy zarar etkazilsa, to‘lanadi. Bir amal unutish tufayli bajarilmagan bo‘lsa, eslagan zahoti darhol uni bajarish lozim bo‘ladi. Misol uchun, birov namozni unutib qo‘ygan bo‘lsa, eslashi bilan darhol o‘qib oladi. 3. «Majbur qilingan narsa», ya’ni bir odamni boshqalar kuch bilan majburan gunoh ishni qildirsa, majburlangan odamga gunoh bo‘lmaydi. Majbur qiluvchilar esa gunohkor bo‘ladilar. Majbur qilib ro‘zasini ochdirish, namoz o‘qitmaslik, dinga qarshi gaplarni aytdirish va boshqalar bunga misol bo‘ladi. Shu bilan birga, majburlash majbur qilinayotgan odamning joniga yoki biror a’zosiga tahdid solishi shart. Bundan past darajadagi majburlash gunoh ishni qilaverishga yo‘l ochmaydi. Oylik maoshining kamayishi yoki ishdan bo‘shatilishi va shunga o‘xshash narsalar uzr hisoblanmaydi. Faqat o‘lim xavfi yoki tanasidagi a’zolaridan birining yo‘q bo‘lishi, mayib bo‘lishi kabi xavflargina shar’iy e’tibordagi majburlash hisoblanadi. Bularga qo‘shimcha ravishda, ba’zi hadislarda uxlab qolish ham uzr hisoblangan. Ya’ni bir kishi uxlab qolib, namoz vaqtini o‘tkazib yuborsa, uyg‘ongan zahoti o‘qib oladi. Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar: 1. Islomning osonlik dini ekanligi. 2. Xato bilan sodir etilgan gunohning kechirilishi. 3. Unutish tufayli sodir etilgan gunohning kechirilishi. 4. Majburlash ila sodir etilgan gunohning kechirilishi. Bu narsalarning hammasi Alloh tomonidan musulmonlar uchun ulkan marhamatdir. Agar Alloh taolo mazkur holatlarda ham gunohni hisobga olishni xohlasa, haqqi bor edi. Ammo bandalariga og‘irlikni xohlamaganidan kechib yubordi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:06 | Savol-javoblar | 171 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar