O‘g‘irlik bilan etishgan mol

Assalomu alaykum!  Birovni puliga yomon niyatda bo‘lish, o‘sha pulga harom yo‘l bilan etishni xohlasa va shunga etishsa, uning gunohi qanday bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Niso” surasida marhamat qiladi : يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ لاَ تَأْكُلُواْ أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ إِلاَّ أَن تَكُونَ تِجَارَةً عَن تَرَاضٍ مِّنكُمْ وَلاَ تَقْتُلُواْ أَنفُسَكُمْ إِنَّ اللّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا۝ 29. Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan emang. Magar o‘zaro rozilik ila tijorat bo‘lsa, mayli. O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga o‘ta rahmlidir. Birovning molini botil yo‘l bilan eyishga ribo, qimor, poraxo‘rlik, aldamchilik, narxni sun’iy ravishda ko‘tarish, o‘g‘rilik, qimorbozlik, tovlamachilik va boshqalar kiradi. «Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan emang». Oyati karimada botil yo‘l bilan birovning molini eyishdan «Magar o‘zaro rozilik ila tijorat bo‘lsa, mayli», – deb istisno qilinmoqda. Albatta, halol rizq topishning yo‘li faqat tijorat emas. Ammo bu maqomda tijoratning zikr qilinishiga sabab, botil yo‘l bilan mol eyishning ba’zi turlarida tijoratga o‘xshashlik bor. Misol uchun, Arabiston yarim orolida riboxo‘rlik avj olgan edi. Alloh taolo bu ishni harom qilganida, mushriklar, ribo ham tijoratga o‘xshash, degan da’voni ilgari surdilar. Shunga o‘xshash tushunmovchiliklar yoki noo‘rin da’volarning bo‘lmasligi uchun o‘zaro rozilik bilan bo‘lgan tijorat istisno qilinmoqda. Chunki tijorat – halol mehnat. Tojir mehnat qilib, molu pulini ishga solib, ishlab chiqaruvchi va xaridor orasida vosita bo‘ladi. Bu vazifani bajarish uchun orada anchagina xizmatlarni ado etadi. Uning kelajakda foyda ko‘rish-ko‘rmasligi, foydaning oz yoki ko‘p bo‘lishi gumon bo‘ladi. U kasod bo‘lish, sinib, molsiz-pulsiz qolish ehtimollarini ham bo‘yniga olib, bu ishga qo‘l uradi. Eng muhim omillardan biri – tijorat ikki tarafning roziligi bilan bo‘ladi. Xaridor rozi bo‘lmasa, olish-olmaslikda hur, boshqa tomonga ketaveradi. Oyatning davomida Alloh taolo mo‘min bandalariga xitob qilib: «O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang», – demoqda. Sirtdan qaragan odam «Bir-birining molini botil yo‘l bilan eyish va o‘zini o‘zi o‘ldirish orasida nima aloqa bor?» deyishi mumkin. Lekin chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, hayotiy tajribaga nazar solinsa, haqiqatda, bu ikki narsa o‘rtasida bevosita aloqa borligi ko‘riladi. Bir-birining molini botil yo‘l bilan eyish odati bor jamiyatlar o‘zini o‘zi halokatga olib borajagini va borayotganini ko‘ramiz. Umuman, Allohning aytganidan chiqish, unga ma’siyat qilish halokatga eltishi aniq ekanida shubha yo‘q. Jumladan, mazkur botil yo‘l bilan mol emoq ham katta ma’siyat sifatida halokatga sabab bo‘ladi. Bu ishni qilganlar o‘zlarini o‘zlari o‘ldirgan bo‘ladilar. «Albatta, Alloh sizlarga o‘ta rahmlidir». U siz, mo‘min-musulmonlarga rahm qilgani uchun ham halokatga olib boruvchi ishlardan, jumladan, bir-biringizning molingizni botil yo‘l bilan eyishdan qaytarmoqda. Sizni najotga sabab bo‘luvchi ishlarga buyurmoqda. Bu hol Allohning rahmatidir. Agar U rahm qilib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib bermaganida, noto‘g‘risidan qaytarmaganida, katta mashaqqatda qolgan bo‘lar edingiz. ("Tafsiri hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:26 | Savol-javoblar | 128 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar