Soxta foto suratlar emasmikan?

Assalomu alaykum! Alloh tabaroka va taolo qilayotgan hayrli ishlaringizga barokat ato etsin. Savolim shuki, bugungi kunga kelib internet qidiruv xizmatlari juda ommalashgan, men ham ulardan doimiy tarzda foydalanib kelaman. Google ga Allohning Mo‘jizalari deya qidiruv berganimda juda ham ko‘plab inson aqlini shoshirib qo‘yadigan fotolar chiqadi. Allohni zikr qilayotgan bulut, ya’ni bulut samoda shunday joylashganki xuddi arab yozuvidagi ALLOH so‘zining o‘zginasi va xuddi shu holatning boshqacharoq variantini daraxtlar tuzilishida ko‘rishimiz mumkin. Otamga ko‘rsatsam ular «Biz Allohga shundoq ham iymon keltiramiz, bunday shubhali fotolarga o‘rin yo‘q nazarimda» degan javobni qildilar. Savolim shundan iboratki bunday fotolar rostdan ham Alloh taoloning qudratimi yoki bandalari tomonidan qilingan soxta fotolarmi yoki otamning yuqoridagi so‘zlari o‘rinlimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Fussilat” surasida marhamat qiladi : سَنُرِيهِمْ آيَاتِنَا فِي الْآفَاقِ وَفِي أَنفُسِهِمْ حَتَّى يَتَبَيَّنَ لَهُمْ أَنَّهُ الْحَقُّ أَوَلَمْ يَكْفِ بِرَبِّكَ أَنَّهُ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ شَهِيدٌ۝ 53. Ularga ham ufqlardagi, ham o‘zlaridagi oyat(belgi)larimizni yaqinda ko‘rsatamiz. Toki, ularga uning haqligi ravshan bo‘lsin. Robbing har bir narsaga shohid ekani kifoya qilmasmi?! Ushbu oyatda Alloh taolo bundan o‘n besh asr ilgari odamlarga ufqlardagi o‘z oyat – belgilarini ko‘rsatib, Qur’oni Karimning haqligini ravshan etishni va’da bermoqda. Allohning va’dasi haq. Alloh va’dasiga vafo qiladi. «Ularga ham ufqlardagi, ham o‘zlaridagi oyat(belgi)larimizni yaqinda ko‘rsatamiz. Toki, ularga uning haqligi ravshan bo‘lsin». Darhaqiqat, o‘tgan davr ichida Alloh taolo odamlarga ufqlarda, tevarak-atroflarda ko‘plab ajoyibotlarni anglatib qo‘ydiki, o‘sha belgilarni o‘rgangan odamlar Qur’onning haq ilohiy Kitob ekanini tan olib, musulmon bo‘lmoqdalar. Ershunos, osmonshunos, tabiatshunos, hayvonshunos va boshqa turli soha olimlari Allohning ufqlardagi oyat-belgilarini o‘rganib, Alloh taologa iymon keltirmoqdalar. Shuningdek, insonning o‘zini o‘rgangan olimlar ham Qur’onni tan olmoqdalar. Holbuki, «Robbing har bir narsaga shohid ekani kifoya qilmasmidi?!» Alloh taoloning har bir kattayu kichik narsaga guvoh ekani kifoya qilmasmidiki, ularga oyatlarni ko‘rsatish lozim bo‘ldi?! ("Tafsiri hilol" kitobidan). Atrofdagi Allohning yaratgan xalqlaridan ibrat olish bor. Faqat turli rasmlarga berilib ketmaslik kerak. Chunki, ko‘pincha bu kabi holatlarni yolg‘onligi keyinroq bilinib qolyapti. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 08:26 | Savol-javoblar | 154 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar