Motrudiy aqiydasi

Assalomu alaykum! Motrudiy aqiydasiga ko‘ra musulmon odam hukumatga xuruj qilmaslik aqiydasida bo‘lishi kerak ekan. Shuni kengroq tushuntirib bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Imom Moturidiy rahimahullohning Ahli Sunna aqiydasi mujtahidlaridan biri ekanlarida Islom ummatining ixtilofi yo‘q. Shu ma’noda bu savolni aslida  Ahli sunna val jamoa aqiydasiga ko‘ra musulmon odam hukumatga qarshi qurol ko‘tarib chiqmasligi kerakmi, tarzida berilishi ilmiy omonatga muvofiq bo‘ladi. Ahli sunna val jamoaning aqiyda matnlarining barchasida ishboshilar garchi zolim bo‘lsalarda ularga qarshi  qurol ko‘tarish to‘g‘ri ishlardan emasligi alohida ta’kidlangan. Tarixda dastlab ishboshilardan javr ko‘rilgach ummat orasidan ularga qilich ko‘tarishni joiz bilganlar bo‘lgan. Lekin bu ishning natijasi Islom ummati uchun juda katta zararlar keltirgan. Vaziyatning avvalgisidan ko‘ra yomonroq holga tushganini ko‘rgan ulamolar qurolli xuruj muammoning birlamchi echimi emasligini e’tirof qilishgan. Ahli sunna aqiydasining Ash’ariy mazhabi namoyondalaridan biri alloma, muhaddis Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh aytadilar: “Qadimda zolim imomlarga qarshi qilich ko‘tarishni salaf to‘g‘ri deb bilardi. Lekin bu ish joiz emasligi keyinroq qaror topdi. Chunki Ibn Ash’as va Harra voqealaridagi kabi zolimga qilich ko‘tarish vaziyatni yanada yomonroq holatga keltirib qo‘ydi. Bularda tadabbur ahli uchun ibrat bor!” “Tahzibut Tahzib” Ibn Hajar Asqaloniy, 2/288. Ja’far ibn Sulaymon aytadi: “Molik ibn Dinor bizga aytib berdi: “Ibn Ash’as hodisasidan keyin Ma’bad Juhaniyni Makkada yarador holda ko‘rdim. U Hajjojga qarshi har jabhada qurolli kurashgan edi. Lekin Hajjoj bilan qurolli kurashgani uchun nadomat qilardi va: “Fuqaholar bilan ko‘rishdim, ular orasida Hasan kabisini ko‘rmadim. U: “Afsuslar bo‘lsin! Itoat qilganimiz afzal ekan!” der edi. “Mezonul e’tidol fiy naqdir Rijol” Imom Zahabiy, 4/141. Shu kabi holatlardan keyin xuruj borasida Ahli sunnaning aqiyda matnlarida bu mavzuga alohida e’tibor qaratish zarurati yuzaga chiqqan. Qurolli xuruj o‘rniga nasihat, islohga chaqirish, salohiyat bilan duoda bo‘lish muqobil qo‘yilgan. Imom Tahoviy rahimahulloh o‘zlarining aqiyda matnlarini yozar ekanlar, shunday deydilar: ولا نرى الخروج على أئمتنا وولاة أمورنا ، وإن جاروا ، ولا ندعوا عليهم ، ولا ننزع يداً من طاعتهم ، ونرى طاعتهم من طاعة الله عز وجل فريضة ، ما لم يأمروا بمعصية ، وندعو لهم بالصلاح والمعافاة Matn: Imomlarimizga va ishboshilarimizga qarshi (qurol bilan) chiqishni to‘g‘ri deb bilmaymiz, garchi ular javr qilsalar ham. Ularga qarshi da’vat qilmaymiz. Ularga itoatdan qo‘limizni tortmaymiz. Ularga itoatni Alloh azza va jallaga itoatdek farz deb bilamiz. Garchi ma’siyatga buyurmaslar. Ular haqqida salohiyat va ofiyat so‘rab duoda bo‘lamiz. Matn tugadi. Bu matnning sharhida oyat va hadislardan bir qancha dalillar keltirilgan.  Ahli sunna val jamoaning mansublari ushbu matnning sahih ekaniga ijmo qilishgan. Moturidiy mazhabi ham Ahli sunna val jamoa mazhabi deya e’tirof qilinar ekan, bu mavzuda ushbu matnning haq   ekanini ta’kidlaydi va unga amal qilish Ahli sunna val jamoa mazhabiga amal qilish hisoblanadi. Kengroq ma’lumot olish uchun shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning “Tahoviy aqidasi sharhi” tarjimasi asarlarini o‘qish tavsiya qilinadi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:09 | Savol-javoblar | 166 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar