Katta ulamolar mavlud haqida
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Katta ulamolar mavlud haqida
Mavlud haqida ulamolarning gaplari haqida ma’lumot axtarish davomida birinchi bo‘lib Ahmad ibn Muhammad ibn Ali ibn Hajar Haytamiyning mashhur «Tuhfatul muhtoj fii sharhil minhoj» kitobidagi matn e’tiborimni tortdi. Uni o‘qib chiqqandan so‘ng maqsadni bayon qilish uchun etarli deb bilib boshqalarini axtarishdan voz kechdim. Mazkur matnni siz muhtaramlarning e’tiboringizga havola qilishni ma’qul topdim. Chunki, mazkur matndan ko‘p narsalarni anglab olish imkoni bor ekan. Jumladan, mavlud haqida bahs yuritgan ulamolarning vakillari haqida ham ma’lumot olish mumkin.
Mazkur matn boshidan-oxirigacha mash-hur alloma, hofiz Jaloliddin Suyutiy rahmatulloh, alayhga oid bo‘lib, biz nomini aytib o‘tgan kitob egasi Ibn Hajar Haytamiy u kishidan to‘liq ko‘chirgan.
Matnni e’tiboringizga havola qilishdan oldin unda nomi zikr qilingan va mavludni qo‘llab-quvvatlagan ulamolardan faqat ikkitalari kim ekanligi haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tish masalani anglab etishga yordam berar, deb umid qilishimizga sabab bo‘ldi.
Hofiz Jaloliddin Abul Fazl Abdurrohman ibn Abu Bakr ibn Muhammad Suyutiy Shofe’iy. Muhaqqiq va mashhur olim. O‘ta mashhur va foydali kitoblar muallifi. 849 hijriy sananing Rajab oyida tavallud topgan. Sakkiz yoshligida Qur’onni xatm qilgan. Ko‘plab matnlarni yod olgan. Yozgan kitoblarining soni besh yuztadan oshgan. Kitoblarining shuhrati haqida gapirishning hojati ham yo‘q.
U kishi o‘z zamonasining hadisga oid barcha ilmlarida peshqadam ham bo‘lgan. U kishi ikki yuz ming hadisni yoddan bilgan va yana boshqalarini topsam yodlar edim, degan. Qo‘shimcha tarzda aytadigan bo‘lsak, hammaga ma’lum va mashhur «Jalolayn» tafsirining ikki muallifidan biri xuddi shu imom Jaloliddin Suyutiy bo‘ladilar.
Endi, Ahmad ibn Muhammad ibn Ali ibn Hajar Haytamiyning mashhur «Tuhfatul muhtoj fii sharhil minhoj» kitobidagi matnni sharhlashga o‘taylik. Sharhdan ajrab turishi uchun matnning ostiga chiziq qo‘ydik.
Hofiz Suyutiyning fatvolarida, valiyma bobida Robiy’ul-avval oyida mavludinnabiy qilish haqida, uning shar’iy hukmi, bu ish yaxshimi, yomonmi, qilgan odamga savob bo‘ladimi, yo‘qmiligi haqida so‘raldi.
U kishi quyidagi javobni berdi:
«Mening javobim shuki, aslida odamlarning jamlanib muyassar bo‘lganicha Qur’on tilovati, Nabiy sollalohu alayhi vasallam ishlarining avvalida bo‘lgan xabarlarni, u zotning tug‘ilishlarida sodir bo‘lgan mo‘’jizalarni rivoyat qilishlari va oxirida ularga egulik narsa ulashilib, bunga boshqa narsalar ziyoda qilinmay tar-qalib ketadigan bo‘lsalar, bid’ati hasanadir.
Uni qilgan odamga Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ulug‘lagani, u zotning mavludlari munosabati ila xursanchilik izhor qilgani uchun savob beriladi».
Hofiz Jaloliddin Abul Fazl Abdurrohman ibn Abu Bakr ibn Muhammad Suyutiy Shofe’iy rahmatullohi alayhning mavlud haqidagi bu fatvolaridan bir necha xulosalar chiqarib olamiz.
1. Mavlud bid’ati hasanadir.
Mavludda quyidagi ishlarni qilishga ruxsat beriladi:
2. Qur’on tilovati.
Iloji bo‘lsa, Rasululloh sollalohu alayhi vasallam haqlaridagi oyatlarni o‘qib, har qavm o‘z tilida tafsir qilsa, juda ham yaxshi bo‘ladi.
3. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ishlarining avvalida bo‘lgan xabarlarni rivoyat qilish.
Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning tug‘ilish davrlarida bor jaholat holatini, u zotning xayr va baraka bo‘lib tug‘ilganlariga oid sahih rivoyatlarni o‘qib, tarjima va sharh qilib berilsa, xalq ommasi kerakli ma’lumotni olgan bo‘ladi.
4. U zotning tug‘ilishlarida sodir bo‘lgan mo‘’jizalarni rivoyat qilish.
Bunda asossiz, mubolag‘ali va to‘qima xabarlardan ehtiyot bo‘lish lozim. Ba’zi kitoblarda ana shunday narsalar aralashib qolganini unutmaslik kerak. Hadis va ishonchli siyrat kitoblarida kelgan xabarlarning o‘zi etarli.
5. Oxirida egulik narsa ulashish.
Bunda ham haddan oshmaslik, isrof va noshar’iy narsalarga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
6. Boshqa narsalarni ziyoda qilmay tar-qalib ketish.
Ya’ni, yuqorida zikr qilingan narsalardan ortiqcha ish qilmaslik kerak. Bizning odamlarimiz bundan boshqa nima bo‘lishi mumkin, deyishlari mumkin. Boshqa erlarda, xususan, arablarda turli bid’at va xurofot ishlar bo‘lgan. Shuning uchun ham imom Jaloliddin Suyutiy bu shartni alohida ta’kidlamoqdalar.
7. Mavlud qilgan odamga savob berilishi.
Bu savob mavlud qilgan odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ulug‘lagani, u zotning mavludlari munosabati ila xursandchilik izhor qilgani uchun savob beriladi.
Keyin yana quyidagilarni zikr qilgan:
«Buni birinchi bo‘lib qilgan shaxs Irbilning Kattasi Malik Muzaffar bo‘lgan. Uning huzuridagi mavludga ulamo va so‘filarning a’yonlari hozir bo‘lar edi. So‘ngra Hofiz Abul Xattob ibn Dihya unga (Malik Muzaffarga) mavludin-nabiy haqida bir kitob tasnif qildi va «Tanviyr fii mavludi bashiyrin naziyr» deb nomladi.
Imom Jaloliddin Suyutiyning ma’lumotlari bo‘yicha birinchi bo‘lib mavlud marosimini tashkil qilgan odam Irbilning Kattasi Malik Muzaffar bo‘lgan.
Bu gapni boshqa ulamolar ham qo‘llab-quvvatlaydilar. Shayx Muhammad Zakiy Ibrohim «Abjadiyatu tasavvufil islamiy» nomli kitobda quyidagilarni aytadi:
«Mavludin-nabiyni birinchi bo‘lib nishonlagan shaxs Malik Muzaffar (Tog‘ril) Iroqdagi Irbilning podshohi bo‘lgan. U imom Abu Shoma va boshqa ulamolarning roziligi bilan bu ishni qilgan».
Dastlabki mavlud marosimlari katta ulamolar va so‘fiylar huzurida bo‘lgani alohida e’tiborga sazovor holdir.
Yana mavlud haqida kitoblar yozilgani ham bejiz emas.
So‘ngra molikiylarning keyingilaridan Fokihoniy nomi bilan mashhur bo‘lgan shayx Tojiddin Umar ibn Ali Laxmiy Sakandariy mavludin-nabiy yomon bid’at ekanini da’vo qilib chiqdi va bu haqda «Al-Mavrid fil kalami ala amalil mavlud» degan kitob yozdi.
O‘sha vaqtda oz bo‘lsa-da mavludga qarshi chiqqanlar va hatto bu masalada kitob yozganlar bo‘lgan ekan.
Hofiz Abul Xattob o‘sha kitobni avval hammasini ko‘chira turib, keyin birma-bir chiroyli tanqid qildi va balog‘atli rad-diyalar berdi. Alloh bunday Hofizning xayrini bersin!
Ammo mavludga qarshi bo‘lganlarga o‘z o‘rnida va qoyillatib ilmiy javob hamda raddiyalar berilgan ekan.
Asrning hofizi bo‘lmish Shayxul Islom Abul Fazl Ahmad ibn Hajardan mavlud haqida so‘raldi. U kishi quyidagi javobni berdi:
«Mavludning asli bid’at bo‘lib, uning haqida birinchi uch asrdagi salafi solihlardan hech narsa naql qilinmagan. Lekin, shu bilan birga bu ish yaxshiliklarni va unga zid bo‘lgan narsalarni o‘z ichiga olgandir. Bas, kim yaxshiliklarini olib, yomonliklaridan chetda bo‘lsa, bid’ati hasana bo‘ladi. Kim bunday qilmasa, bo‘lmaydi».
Avvalo, butun boshli bir asrning hofizi bo‘lmish Shayxul Islom Abul Fazl Ahmad ibn Hajar kimligini bilib olaylik.
U kishi Hofiz, Shayxulislom Abul Fazl Shahobiddin Ahmad ibn Ali ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Ali ibn Ahmad ibn Hajar Asqaloniydir. Bu zot hijriy hisob bo‘yicha 773 - 852, melodiy hisob bo‘yicha 1372 - 1449 yillarda yashab o‘tgan. Hofiz Ibn Hajar Asqaloniyning hadis, tarix, fiqh, adabiyot, usulud-din va usulul-fiqh bo‘yicha yozgan kitoblari yuz ellikdan ziyoddir. Jumladan, butun dunyoga mashhur «Fathul Boriy sharhu sahihil Buxoriy» kitobi ham Hofiz Ibn Hajar Asqaloniyning qalamiga mansubdir. U kishining «Isoba fii tamyizis Sahoba» kitobi ham o‘z bobida tengi yo‘q kitoblardan hisoblanadi.
Hofiz Ibn Hajar Asqaloniyning mavlud haqidagi gaplari ham bu borada asos bo‘ladigan gaplardandir. Ulardan quyidagi foydalarni olamiz:
1. Birinchi uch asrda mavlud bo‘lmagani.
2. O‘sha vaqtdagi mavludlarda yaxshi va yomon narsalar aralash bo‘lgani.
3. Mavludning yaxshiliklarini olib, yomonliklaridan chetda bo‘linsa, bid’ati hasana bo‘lishi.
4. Mavluddan ko‘zlangan yaxshi maqsadlardan boshqa narsani aralashtirib bo‘lmasligi.
Imom Jaloliddin Suyutiy gaplarining davomida yana quyidagilarni aytadi:
So‘ngra menga bu ishni sobit asosdan chiqarib olish zohir bo‘ldi. Ikki sahihda (Buxoriy va Muslimda) Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelib yahudiylar Oshuro kuni ro‘zasini tutayotganlarini ko‘rdilar va:
«Bu nima?» - dedilar.
«Bu solih kundir. Bu–Alloh Bani Isroilni dushmanidan qutqargan kun. O‘shanda Muso uning ro‘zasini tutgan dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam:
«Men, sizlardan ko‘ra Musoga haqliroqman», dedilar va uning ro‘zasini tutdilar, tutishga amr qildilar».
Mana shundan Allohga mu’ayayan kunda bergan ne’mati va baloni rad qilgani uchun shukr qilish hamda uni har yili o‘sha kunda qaytarib turish joizligi istifoda qilinadi. Allohga keltiriladigan shukr sajda, ro‘za, sadaqa va tilovat kabi turli ibodatlar bilan ado etiladi. O‘sha kunda rahmat nabiysi bo‘lgan nabiyimizning dunyo-ga kelishlaridan ham ulug‘ ne’mat bormi?! Shuning uchun, Oshuro kuni Musoning qissasiga to‘g‘ri keladigan tayinli bir kunni ixtiyor qilish lozim bo‘ladi. Kim buni mulohaza qilmasa, oyning qaysi kunida bo‘lsa ham mavlud qilaveradi. Ba’zi birlar bundan ham keng olib, yil bo‘yi qiladilar. Bular mavludning asliga tegishli gaplardir.
Endi o‘sha kunda qilinadigan amallarga keladigan bo‘lsak, ular shukr ma’nosini anglatadigan, avval aytib o‘tganimiz tilovat, sadaqa, taom ulashish, nabiyni madh etuvchi va qalblarni harakatga keltiruvchi zohidlik she’rlarini o‘qish, yaxshilik va oxirat uchun kerak ishlarni qilishdan iborat bo‘lishi lozim.
Ammo samo’ va lahv narsalar haqida aytish lozimki, xursandchilikka sabab bo‘ladigan muboh narsalar bo‘lsa, hechqisi yo‘q. Lekin harom va makruh narsalardan va yaxshilikka xilof bo‘lganlaridan tiyilish kerak.
Imom Jaloliddin Suyutiy ushbu qit’a-da mavludning savobli ish ekaniga, uni qilish joiz ekanligiga hadisi sharifdan dalil keltirmoqdalar. Yahudiylar nishonlab kelgan Oshuro kunini Rasululloh sollalohu alayhi vasallam biz ham kelasi yili ro‘za tutamiz, deb qabul qilishlari mavludga o‘xshash narsalarni joriy qilish mumkinligiga asos qilinishi mumkinligini aytmoqdalar.
Shu bilan birga, Imom Jaloliddin Suyutiy mavludning asli, uni qachon qilish mumkinligi va unda qilinadigan va qilinmaydigan amallar bo‘yicha ham umumiy qoida bo‘ladigan iboralarni keltirmoqdalar. Bu iboralarni mavlud qilish tarafdorlari yaxshilab o‘rganishlari va ularga amal qilishlari lozim.
So‘ngra zikr qilindiki, Hofiz Ibn Nosiriddin o‘zining «Virdis Sodiy fii mavludil hodiy» nomli kitobida quyidagilarni aytadi:
«Sahih qavlda aytilishicha, har dushanba kuni Abu Lahabdan do‘zaxning azobi engillatiladi. Chunki, u shu kuni Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning tug‘ilganlaridan masrur bo‘lib Suvaybani ozod qilgan. She’r:
Ikki qo‘li qurisin deb yomonlangan kofirga.
Jahannamda abadiy qoldirilgan kofirga.
Ahmad tug‘ilganiga masrur bo‘lgan kofirga.
Har dushanba azob engil bo‘lsa bu kofirga.
Umr bo‘yi Ahmaddan masrur bo‘lgan mo‘minga.
Ne mukofotu sharaf, ne maqomlar bo‘larkin».
Bu qit’ada Imom Jaloliddin Suyutiydan boshqa olimlar ham mavludning joizligiga dalil keltirganlariga namuna sifatida Hofiz Ibn Nosiriddin «Virdis Sodiy fii mavludil hodiy» nomli kitobida keltirgan gaplari taqdim qilinmoqda.
Yuqorida keltirilgan ma’noni imom Buxoriyning «Sahih»larida ham topamiz:
«Urva aytadi: «Suvayba Abu Lahabning cho‘risi bo‘lgan. Abu Lahab uni ozod qilgan. Bas, u Nabiy sollallohu alayhi vasallamni emizgan. Abu Lahab o‘lganidan keyin ba’zi ahli uni tushida juda yomon holda ko‘rgan. Unga, senga nima bo‘ldi, deb so‘ragan. Abu Lahab unga, sizdan keyin Suvaybani ozod qilganim uchun mana shuncha sug‘orilganimdan boshqa yaxshilik ko‘rmadim, degan.
Imom Badriddin Ayniy ushbu rivoyatning sharhida: «Suhayliy zikr qilishicha, Abbos roziyallohu anhu quyidagilarni aytgan:
«Abu Lahab o‘lganidan bir yil o‘tib uni tushda juda ham yomon holda ko‘rdim. U menga, sizdan keyin hech bir rohat ko‘rmadim. Faqatgina har dushanba kuni mendan azob engillatilmoqda, dedi. Buning sababi Nabiy sollallohu alayhi vasallam dushanba kuni tug‘ildilar va Suvayba Abu Lahabga u zotning mavludlarini suyunchilagan va Abu Lahab shuning uchun uni ozod qilganligidandir».
Boshqa ulamolar ham mavlud qilish joiz-ligiga turli dalillarni keltirganlar. Ammo biz yuqorida zikr qilinganlari bilan kifoyalanamiz. Xulosa shuki, ummatning ulkan ulamolari mavludning joizligini ta’kidlaganlar hamda kerakli hujjat va dalillarni taqdim qilgan ekanlar.
28 Aprel 2022, 09:52 | Savol-javoblar | 238 | Siyrat va tarix