Javobgar bo‘ladilarmi?

Assalomu alaykum! Akam 23 yoshda. Lekin namoz o‘qimaydi. Onam har qancha tayinlasalar ham unamaydi. Akamning namoz o‘qimasligi uchun onam javobgar bo‘ladilarmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Yoshligida diniy ta’lim bermagan bo‘lsa, onangiz javobgar bo‘ladi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu tunda namoz o‘qigani turganlarida yonlarida uxlab yotgan farzandiga qarab yig‘lab “Men bu nafl namozlarni sening porloq kelajaging uchun ham o‘qiyman” der va “وكان أبوهما صالحًا”* oyatini tilovat qilar edilar. •    Ularning otalari solih odam edi. (Kahf surasi 82-oyat). Tobe’inlarning kattalaridan bo‘lgan Said ibn Musayyib rahmatullohi alayh ham “Men namoz o‘qiyotib farzandlarim yodimga tushadi. Shunda namozimni yanada ziyoda qilaman” der edi. Fuzayl ibn Iyoz rahmatullohi alayh “Men ibodatga beparvoligimning kasrini ayolimda, farzandlarimda, hatto minib yurgan ulovimda ham sezaman” der edilar. Doktor Nabil Avdo aytadilar “Men qachon nafllarda sustkashlikka yo‘q qo‘ysam, tezdan mening farzandlarim va dunyo musibatlari yodimga keladi va nafllarga bo‘lgan beparvoligim va dangasaligim farzandlarimni xulqini buzilishiga, rizqini kamayishiga sabab bo‘lmasin deb yanada ibodat va yaxshilikka kirishaman”. Farzandlarning xulqi go‘zal va dunyoviy balolardan najot topishligiga eng muhim sabab ota-onaning solih hamda hamma vaqt yaxshi ishlarda faol bo‘lishliklaridir. Hamma inson farzandlari solih va baxtu saodatga to‘lib hayot kechirishlarini orzu qilishadi. Lekin orzuning o‘zi kifoya qilmaydi. Buning uchun ota-ona o‘zi solih bo‘lishlari, farz hamda nafl ibodatlarda bardavom bo‘lishi kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:31 | Savol-javoblar | 166 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar