Alloh taolo makondami?

Assalomu alaykum! Alloh taolo osmonda deyish, unga makon bergan hisobiga o‘tib kufr keltirgan bo‘lamizmi? Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo yoniga chiqishda Jabroil alayhissalom uchar jonzot bilan osmonga ko‘targanligi haqida bilamiz. Bu aniq dalil bo‘la olmaydimi? Savolim bir hikmatli so‘zdan kelib chiqyabdi. Iqtibos: «Erdagi jonzotlarga rahm qil, shunda yuqoridagi zot senga rahm qiladi» degan. Oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ali roziyallohu anhudan shu haqida so‘ralganida : “Alloh taolo Arsh va butun maxluqotlarni yaratishdan oldin ham mavjud edi, hozir ham o‘sha mavjud bo‘lganidekdir” deganlar. "Arsh tepasida", "Samoda" ma’nosidagi oyat va hadislar mutashobih bo‘lib, ularni haqligiga iymon keltiramiz, nimani iroda qilganligining ilmini O‘ziga havola qilamiz. Alloh taoloni biror makonda deyishdan saqlanamiz. “Aqiydatut-Tahoviya sharhining talhiysi” kitobida : وَتَعَالَى عَنِ الْحُدُودِ وَالْغَايَاتِ، وَالْأَرْكَانِ وَالْأَعْضَاءِ وَالْأَدَوَاتِ، لَا تَحْوِيهِ الْجِهَاتُ السِّتُّ كَسَائِرِ الْمُبْتَدَعَاتِ 44. U Zot chegaralar, nihoyalar, arkonlar, a’zolar va asboblardan oliydir. U Zotni boshqa paydo bo‘lgan narsalarga o‘xshab, olti taraf o‘ray olmas. Sharh: Sharhni boshlashdan oldin ijobiy va salbiy sifatlar bahsida mash’ala bo‘lishi uchun Imom Valiyulloh Dehlaviyning Allohning sifatlariga iymon haqidagi gaplarini zikr qilaylik: «Bilki, Haq taolo aql etadigan va his qilinadigan narsaga qiyos qilinishdan; yoki jismlarda bo‘ladigan xossalarga (harorat, o‘lcham, hajm kabi sifatlarga) ega bo‘lishdan; yoki ommaning aqli U Zotni tahlil qilishidan yoki urfiy lafzlar ifoda qilishidan ustundir... Shuning uchun quyidagilar vojib bo‘ladi: 1. Sifatlar dastlab vujudga keladigan ma’noda emas, ularning maqsadi ma’nosida ishlatiladi. Misol uchun, «rahmat» – qalbning yumshashi ma’nosida emas, ne’matlarni ko‘plab berish ma’nosida bo‘lishi kerak. Bilki, hamma sifatlarda ham dastlab vujudga keladigan ma’no emas, ularning maqsadi iroda qilinavermaydi. Agar unday bo‘lsa, mo‘’taziliylarga o‘xshab, hamma sifatlarni inkor qilish lozim bo‘lib qoladi. Ammo biz aytgan narsada dastlabki ma’nosi nuqsonga dalolat qiladigan g‘azab va rahmatga o‘xshash sifatlar ko‘zda tutilmoqda. 2. Alloh taoloning jamiki maxluqotlarini O‘ziga bo‘ysundirishini podshoh o‘z shahrini o‘ziga bo‘ysundirib olganiga istiora qilishga o‘xshash lafzlarni ishlatish lozim. Chunki bu ma’noda shundan ko‘ra fasohatliroq ma’no – ibora yo‘qdir. 3. O‘xshatishlar ularning o‘zini qasd qilmagan holda ishlatilmog‘i lozim. Balki urfda ularga munosib bo‘lgan ma’nolar qasd qilinmog‘i kerak. Misol uchun, qo‘lni cho‘zishdan saxiylik qasd qilingani kabi. Yana bir shart shuki, bu muxotab (ya’ni xitob qilinayotganlar) uchun ochiq-oydin hayvoniy qudratlarni anglatmasligi kerak. Bu esa muxotabning holiga qarab o‘zgarib turadi. Bas, Alloh ko‘radi, eshitadi, deyiladi. Ammo tatib ko‘radi, silab ko‘radi, deyilmaydi. 4. Biror narsada barcha ma’nolarni ifodalovchi bir ismga ittifoq qilingan bo‘lsa, U Zotni o‘sha ism bilan nomlanadi. Masalan, Roziq, Musavvir. 5. Alloh taologa U Zotga loyiq bo‘lmagan narsalar, xususan, zolimlarning U Zot haqida gapirgan narsalari nisbat berilmasligi kerak. Samoviy dinlarning barchasi sifatlarni shu tariqa bayon qilishda ittifoq bo‘lganlar. Shuningdek, o‘sha iboralarni o‘z o‘rnida ishlatishga, iste’mol qilishdan nariga burib bahs qilmaslikka ittifoq qilganlar. Yaxshiligi haqida guvohlik berilgan asrlar shunday o‘tdi. So‘ngra musulmonlardan bir toifasi ularni kuchli hujjat-dalilsiz bahs qilishga, ma’nolarini tadqiq qilishga sho‘ng‘idilar» («Hujjatullohil Bolig‘a» 1-jild, 131-132-betlar). Endi imom Tahoviy rahmatullohi alayhining gapini sharh qilishga qaytaylik. U kishi rahmatullohi alayhi o‘zining «U Zot chegaralar...» degan gapi ila Alloh taolo Uni birortasi o‘z chegarasi bilan ihota qilishidan oliy ekanini ta’kidlamoqda. Chunki U Zot O‘z maxluqotlaridan ajralib turadi, ulardan tamoman o‘zgachadir. Abdulloh ibn Muborakdan: «Robbimizni nima ila taniymiz?» deb so‘ralganda, u kishi: «U Zot Arshda ekani va O‘z maxluqotlaridan ajrab turishi bilan», deganlar. Bilki, agar «chegara» deganda bir narsaning boshqalardan ajralib turish belgilari ko‘zda tutilgan bo‘lsa, buni Alloh taolodan rad qilish to‘g‘ri emasdir. Chunki bu Robbining mavjudligini va Uning haqiqatini rad qilishga olib keladigan narsadir. Agar «chegara»dan murod biror narsaning zotini va ulardan tarkib topgan qavlni bilish bo‘lsa, hech shak-shubha yo‘qki, Ahli sunna ittifoqi ila u narsa Alloh taologa nisbatan manfiydir. «Nihoyalar»dan murod jismlarga xos bo‘lgan tugash nuqtalaridir. Alloh taolo narsalarning haqiqatini bayon qiluvchi chegaralar ihotasidan ham oliy – ustun bo‘lganidek, nihoyalarning ihotasidan ham oliydir. Chunki jismning nihoyasi sathdir. Sathning nihoyasi chiziqdir. Chiziqning nihoyasi nuqtadir. Bu narsalarning hammasi jismlarga xosdir. Alloh taoloni chegara yoki nihoyaning bayoni bilan tanib bo‘lmaydi. U Zotni sifatlaridan, af’ollaridan va payg‘ambarlarining bayonidan taniladi. Shuningdek, Alloh taolo arkon, a’zo va asboblardan ham oliydir. «Arkonlar»dan oliyligiga kelsak, rukn mohiyatning bir bo‘lagidir. Alloh taolo esa yakkayu yolg‘izdir, bo‘laklarga bo‘linmas. «A’zolar»dan oliyligiga kelsak, unda ham bo‘linish va parchalanish ma’nosi bordir. Alloh taolo bunday narsalardan oliydir. Shu ma’noda Alloh taolo: «Qur’onni parcha-parcha qilganlarga», (Hijr surasi, 91-oyat) degan. Ya’ni uni bo‘lak-bo‘lak, qism-qism qilib, bir qismini qabul qilib, bir qismini inkor qilishdi (Qur’onni parchalab bo‘lmasligi Alloh taoloni ham bo‘laklarga parchalab bo‘lmasligiga dalildir). «Asbob» esa manfaat topish yoki zararni daf qilish uchun ishlatiladigan narsadir. Bu ma’noni hech qachon Allohga nisbatan ishlatib bo‘lmaydi. Shuningdek, Alloh taoloni o‘ng, chap, ust, ost, old va ortdan iborat olti taraf ham ihota qila olmaydi. Alloh taoloni maxluqotlardan hech biri ihota qila olmaydi va chegaralay olmaydi. Olti taraf xoh nisbiy, xoh haqiqiy ma’noda bo‘lsin, maxluqotlarga xos narsadir. Ammo ust haqida gap ketganda, makon e’tibori ila gap ketadigan bo‘lsa, Alloh taolo bundan pokdir. Agar martaba, ustunlik haqida gap ketadigan bo‘lsa, u ma’noni Allohdan rad qilish noto‘g‘ridir. Chunki U Zot martaba jihatidan olamning hammasidan ustundir. Xulosa qilib aytganda, Alloh taolo Uni maxluqlaridan biror narsa ihota qilishidan va biror narsaga muxtoj bo‘lishdan pokdir. Jumladan, Arsh yoki undan boshqasiga. Alloh taoloning quyidagi oyatlari bunga dalildir: إِنَّ اللَّهَ هُوَ الْغَنِيُّ الْحَمِيدُ۝ «Albatta, Alloh O‘zi o‘ta behojatdir, o‘ta maqtalgandir». (Luqmon surasi, 26-oyat). وَرَبُّكَ الْغَنِيُّ ذُو الرَّحْمَةِ «Va Robbing behojatdir, rahmat sohibidir». (An’om surasi, 133-oyat). وَاللَّهُ الْغَنِيُّ وَأَنتُمُ الْفُقَرَاء «Va holbuki, Alloh behojat, sizlar muhtojsizlar». (Muhammad surasi, 38-oyat). اللَّهُ الصَّمَدُ۝ «Alloh somaddir». (Ixlos surasi, 2-oyat). Ya’ni hamma narsa Unga muhtojdir, U Zot hech narsaga muhtoj emasdir. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:41 | Savol-javoblar | 157 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar