Uxlashda tahorat ketish

Assalomu alaykum! Kishi yonboshlab yoki bir narsaga suyanib uxlasa va shu suyangan narsasi olib qo‘yilganda yiqiladigan darajada bo‘lsa, tahorati sinadimi yoki qay holatda uxlasa ham sinadimi? Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Suyangan narsasi olib tashlansa, yiqilib tushuvchining uyqusi. Ya’ni bir odam bir narsaga suyanib o‘tirgan holida uxlamoqda. Agar o‘sha suyangan narsani olib tashlanganda yiqilib tushsa, tahorati ketgan bo‘ladi. عَنْ عَلِيِّ بْنِ أَبِي طَالِبٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ «الْعَيْنُ وِكَاءُ السَّهِ، فَمَنْ نَامَ فَلْيَتَوَضَّأْ» رَوَاهُ أَحْمَدُ وَأَبُو دَاوُدَ وَابْنُ مَاجَهْ Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘z ortning bog‘ichidir. Bas, kim uxlasa, tahorat qilsin», dedilar». Imom Ahmad, Abu Dovud va Ibn Moja rivoyat qilishgan. Agar kishi maq’adi – dumbasini bosmay uxlasa, tahorati ketadi. Misol uchun, yonboshlab, chalqancha tushib, erga ko‘ksini berib yoki maq’adini erga bosmagan holda bir narsaga suyanib o‘tirib uxlasa, tahorati ketadi. Agar orqasini erga bosib (ya’ni o‘tirib) yoki ulov ustida uxlasa, tahorat ketmaydi. عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ كَانَ أَصْحَابُ رَسُولِ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم يَنْتَظِرُونَ الْعِشَاءَ الْآخِرَةَ حَتَّى تَخْفِقَ رُؤُوسُهُمْ، ثُمَّ يُصَلُّونَ وَلَا يَتَوَضَّؤُونَ رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari xuftonga intizor bo‘lib o‘tirardilar, xatto (mudroq bosganidan) boshlari egilib ketardi. So‘ng namoz o‘qirdilar. Tahorat qilmasdilar». Imom Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan. Agar bir narsaga suyanib uxlab qolgan bo‘lsa, o‘sha narsani olib yuborilganda yiqilib tushsa, tahorati ketadi. Namozdagi holatlardan birida uxlab qolsa, tahorat ketmaydi. Bunda namozda bo‘lish yoki bo‘lmaslikning farqi yo‘q. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ «لَيْسَ عَلَى مَنْ نَامَ سَاجِدًا وُضُوءٌ» رَوَاهُ أَحْمَدُ وَأَبُو يَعْلَى Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sajda qilgan holida uxlagan kimsaga tahorat qilish yo‘q…» dedilar». Imom Ahmad va Abu Ya’lo rivoyat qilishgan. Bunda el chiqish xavfi bo‘lmasagina tahorat sinmaydi. O‘tirgan holida uxlayotgan odam yiqilib ketsa, yonboshi erga tekkuncha o‘zini o‘nglab olsa, tahorati sinmaydi. Qo‘lini erga tirab uxlasa ham tahorati sinmaydi. Orqasini erga, boshini tizzasiga qo‘yib uxlagan odamning tahorati ham sinmaydi. Bemor yonboshlab namoz o‘qidi. So‘ng uxlab qoldi. Tahorati sinadi. Yonboshlab yotib, engil mudrab qoldi. Atrofidagi odamlarning gaplarini eshitsa va tushunadigan bo‘lsa, tahorati sinmaydi. ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:48 | Savol-javoblar | 178 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar