Biror kishini la’natlasa

Assalomu alaykum! Dugonamning dadasini uyiga mexmonlar kup keladi, ularning hammasi dadasining do‘stlari aroq ichib ketmasa ko‘ngli to‘lmaydigan kishilar. Dugonamning jaxli chiqib, menga ularni aytib qarg‘ab, la’natlab, o‘lim tilaydigan gaplaram aytgan. Shu mehmonlarni dugonam ularni qarg‘ab og‘ir gunohga botdimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Mo‘min kishini la’natlash uning Alloh taoloning rahmatidan uzoqda bo‘lishini tilashdir. Mo‘min kishi uchun Alloh taoloning rahmatidan uzoqda bo‘lish o‘lim bilan barobar. Shuning uchun hech qachon mo‘min kishini la’natlab bo‘lmaydi. وَقَالَ أَنَسٌ  رَضِي اللهُ عَنْهُ: لَمْ يَكُنْ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم فَاحِشًا وَلَا لَعَّانًا وَلَا سَبَّابًا، كَانَ يَقُولُ عِنْدَ الْمَعْتَبَةِ مَا لَهُ تَرِبَ جَبِينُهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ Anas roziyallohu anhu: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fahsh so‘z aytuvchi, la’natlovchi va so‘kuvchi bo‘lmaganlar. U zot itob qilish paytida «U peshonang erga ishqalgurga nima bo‘lgan?» der edilar», dedi». Buxoriy rivoyat qilganlar. Sharh: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning birovdan achchiqlari chiqqanda aytadigan gaplari shundan iborat edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olib, har bir mo‘min-musulmon so‘kish, la’natlash va fahsh so‘z aytishdan o‘zini chetga olmog‘i lozim. عَنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: إِنَّ اللَّعَّانِينَ لَا يَكُونُونَ شُهَدَاءَ وَلَا شُفَعَاءَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «La’natlovchilar qiyomat kuni guvoh ham, shafoatchi ham bo‘lmaydilar», dedilar». Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar. Sharh: Bu dunyoda odamlarni la’natlab yuradigan odamlar u dunyoda yuqori martabalarga erisha olmas ekanlar. Kim u dunyoda guvohlik yoki shafoatchilik kabi oliy maqomlarga erishish niyatida bo‘lsa, zinhor birovni la’natlamasin. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: لَا يَنْبَغِي لِصِدِّيقٍ أَنْ يَكُونَ لَعَّانًا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Siddiq uchun la’natlovchi bo‘lish yarashmaydi», dedilar». Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar. Sharh: Siddiqlik o‘zini bilgan har bir banda uchun ulug‘ bir maqomdir. Alloh taolo Qur’oni Karimda «Allohga va Uning Rasullariga iymon keltirgan kishilar – ana o‘shalar siddiqlardir ‎‎va Robbilari huzuridagi shohidlardir. Ularning ajrlari va nurlari bordir», degan («Hadid» surasi, 19-oyat). Bas, ana shunday maqom egalariga hech qachon la’natlovchi bo‘lish yarashmaydi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:49 | Savol-javoblar | 159 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar