Zaif hadis

Assalomu alaykum! Zaif hadis deb nimaga aytiladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ustozimiz rahimahullohning “Mustalahul Hadis” kitobini olib o‘qisangiz, hadis ilmi haqida batafsil bilib olasiz. Zaifning ta’rifi: «Zaif» so‘zi lug‘atda «qoviy» – «kuchli»ning ziddi, ya’ni, «kuchsiz» deganidir. Zaiflik hissiy va ma’naviy bo‘ladi. Hozir o‘rganayotgan mavzuimizda ma’naviy zaiflik iroda qilingan. Ulamolarning istilohida «zaif hadis» deb hasan sifatini uning shartlaridan birining yo‘qolishi tufayli o‘zida to‘liq jamlamagan narsaga aytiladi. Imom Bayquniy o‘zining mashhur «Manzumatul Bayquniya» degan asarida «zaif»ni ta’riflab, shunday deydi: وَكُلُّ مَا عَنْ رُتْبَةِ الْحُسْنِ قُصُرْ          فَهُوَ الضَّعِيفُ وَهُوَ أَقْسَامٌ كُثُرْ Ya’ni, «Hasanlik martabasiga etmagan har bir narsa zaifdir va uning qismlari ko‘pdir». Zaifning tafovuti Zaif hadisning zaifligi, xuddi sahih hadisda tafovut bo‘lgani kabi, tafovutli bo‘ladi. Uning roviylarining zaifligi og‘ir yoki engil bo‘ladi. Ba’zilari «zaif», ba’zilari «juda ham zaif» deyiladi. Undan ham o‘tib ketgani «vohiy» va undan ham pastdagisi «munkar» deyiladi. Bu navlarning eng yomoni «mavzu’ hadis» bo‘ladi. Sanadlarning eng kuchsizi Avval aytib o‘tilganidek, sanadi sahih bo‘lganlari hadislarning ichida eng kuchlilari bo‘ladi. Xuddi shuningdek, ulamolar ham zaif hadisning bahsida sanadi eng kuchsiz bo‘lganlarini ko‘rsatib o‘tganlar. Imom Hokim o‘z kitobida sanadi «vohiy» bo‘lgan hadislardan ko‘pgina misollarni keltirgan. Bu misollarni u kishi sahobalarning ba’zilariga nisbatan yoki ba’zi jihatlarga va yurtlarga nisbatan aytib o‘tganlar. Hokimning kitoblaridan va boshqa kitoblardan sanadi juda ham kuchsiz bo‘lgan hadislarga ba’zi misollarni keltiramiz: a) Abu Bakr roziyallohu anhuga nisbatan eng zaif sanalgan sanadlar: «Sadaqa ibn Musa Daqiqiydan, u Farqod Sabaxiydan, u Murra Toyyibdan, u Abu Bakrdan»; b) Yurtga nisbatan kuchsiz bo‘lgan sanad: Shomliklarga nisbatan sanadi juda ham kuchsiz bo‘lganlarga misol: «Muhammad ibn Qays Maslubdan, u Ubaydulloh ibn Zahrdan, u Ali ibn Yaziyddan, u Qocimdan, u esa Abu Umomadan»; v) Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuga nisbatan eng zaif hisoblangan sanad: «Suddiy Sog‘iyrdan, u Muhammad ibn Marvondan, u Kalbiydan, u Abu Solihdan, u esa ibn Abbosdan». Hofiz ibn Hajar: «Bu yolg‘on silsiladir. Oltin silsila emasdir», degan. Eng kuchsiz sanadga misol: أَخْرَجَ التِّرْمِذِيُّ عَنْ حَكِيمٍ الأَثْرَمِ، عَنْ أَبِي تَمِيمَةَ الْهُجَيْمِيِّ، عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ، عَنِ النَّبِيِّ  صلي الله عليه وسلم قَالَ: «مَنْ أَتَى حَائِضًا أَوِ امْرَأَةً فِي دُبُرِهَا أَوْ كَاهِنًا فَقَدْ كَفَرَ بِمَا أُنْزِلَ عَلَى مُحَمَّدٍ صلي الله عليه وسلم ». ثُمَّ قَالَ التِّرْمِذِيُّ بَعْدَ إِخْرَاجِهِ: لاَ نَعْرِفُ هَذَا الْحَدِيثَ إِلاَّ مِنْ حَدِيثِ حَكِيمٍ الأَثْرَمِ، عَنْ أَبِي تَمِيمَةَ الْهُجَيْمِيِّ، عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ. وَضَعَّفَ مُحَمَّدٌ هَذَا الْحَدِيثَ مِنْ قِبَلِ إِسْنَادِهِ Imom Termiziy Hakiym Asramdan, u Abu Tamiyma Hujaymiydan, u Abu Hurayradan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim ayolga hayzda yoki orqasiga yaqinlik qilsa, yoki kohinga borsa, Muhammadga nozil qilingan narsaga kofir bo‘libdi», – dedilar». Termiziy hadisni keltirganidan so‘ng: «Bu hadisni faqat Hakiym Asramning hadisi orqali bilamiz, u Abu Tamiyma Hujaymiydan, u Abu Hurayradan», deb turib, «Muhammad (imom Buxoriy) bu hadisni «zaif» deb aytgan. Buning zaifligi sanadi tarafidan», degan. Bu hadisning sanadida Hakiym Asram bo‘lganligi uchun u zaiflashgan. Chunki ulamolar bu roviyni «zaif» deb atashgan. Hofiz ibn Hajar o‘zining «Taqriybut–tahziyb» nomli kitobida Hakim Asramni «Unda yumshoqlik (ishonchli ekanligida nuqson) bor», deb baholagan. Zaif hadisni rivoyat qilishning hukmi Hadis ahli bo‘lgan ulamolarning va boshqa ulamolarning nazdida, zaif hadislarni rivoyat qilish joiz. Ularning zaifligini bayon qilmasdan, sanadidagi bir engil tarafini olsa, bo‘laveradi. Lekin mavzu’ hadislarda unday qilish joiz emas. Mavzu’ hadislarni mutlaqo rivoyat qilib bo‘lmaydi. Agar rivoyat qilinsa ham, yolg‘ondan to‘qilganligini aytib, so‘ng rivoyat qilish lozim. Zaif hadisni rivoyat qilishda ikkita shart bor: a) zaif hadis aqiydaviy masalalarga bog‘liq bo‘lmasin; b) zaif hadis shar’iy ahkomlarga, xususan, halol va haromga bog‘liq masalalarni bayon qiluvchi hadis bo‘lmasin. Zaif hadislarni rivoyat qilish va’z–nasiyhat, targ‘ibot, qo‘rqitish, qissa aytish bobida va shunga o‘xshagan narsalarda bo‘lsa, joizdir. Ulamolar zaif hadislarni engil sanab, rivoyat qilgan kishilarning ichida Sufyoni Savriy, Abdurrohman ibn Mahdiy, Ahmad ibn Hanbal ham borligini ta’kidlaydilar. Eslab qolish lozim bo‘lgan narsalardan biri shuki, agar hadisning sanadi zikr qilinmasdan rivoyat qilinayotgan bo‘lsa, «Rasululloh aytdilar», «unday dedilar», «bunday dedilar», deb bo‘lmaydi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan ekan», yoki «bizga etib kelgan ekan», deb Rasulullohga aniq etib borganini ifoda qilmaydigan so‘zlar bilan aytish kerak. Bu kabi hadislarni jazm bilan rivoyat qilib bo‘lmaydi. Chunki uning zaifligi ma’lum bo‘lgan. Zaif hadisga amal qilishning hukmi Ulamolar zaif hadisga amal qilish borasida ixtilof qilganlar. Ularning bu boradagi ixtiloflari asosida uch xil yo‘nalish paydo bo‘lgan. 1. «Zaif hadisga mutlaqo amal qilib bo‘lmaydi», deydigan ulamolarning yo‘nalishi. Bu gapni Yahyo ibn Ma’iyn va boshqa ko‘pgina ulamolar aytganlar. Ularning fikricha, zaif hadisga shar’iy hukmlarda ham, bir narsaga targ‘ibot qilishda ham, yomonlikdan qaytarishda ham, faziylatli ishlarda ham amal qilib bo‘lmaydi. «Qavoidut–tahdiys» kitobining muallifi Muhammad Jamoluddiyn Qosimiyning fikricha, imom Buxoriy va imom Muslim ham shu yo‘lni tutganlar. O‘z asrlarida mazhablarining ko‘zga ko‘ringan imomlaridan bo‘lgan molikiylardan Abu Bakr ibn Arabiy, shofe’iylardan Abu Shoma Maqdisiy, zohiriylardan ibn Hazm ham ushbu yo‘nalishda bo‘lganlar. Ularning fikriga binoan, hadis Qur’ondan keyingi ikkinchi shar’iy manba’ bo‘lganligi uchun, undan faqat sobit bo‘lgani va sobitligi g‘olib bo‘lganini qabul qilish kerak bo‘ladi. Zaifini emas. 2. Agar boshqa dalil bo‘lmasa, zaifga amal qilsa, bo‘laveradi. Bu yo‘nalishdagilar imom Ahmad ibn Hanbal va imom Abu Dovud ham ushbu gapning tarafdorlari ekanligini ta’kidlaydilar. Ular imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhidan: «Agar boshqasi topilmasa, zaifga amal qilinadi», degan qavlni rivoyat qiladilar. Shuningdek, u kishining: «Bizningcha, zaif hadis odamlarning ra’yidan mahbubdir», degan gaplarini misol qilib keltiradilar. Ammo ulamolar imom Ahmad «zaif» deb atagan hadis ko‘pchilik uchun ma’lum bo‘lgan, «mardud» deb baholanadigan va tark qilinishi lozim bo‘lgan «zaif» emasligini ta’kidlaydilar. Bu haqda Ibnul Qayyum aytadi: «Uning (Ahmad ibn Hanbalning) huzurida «zaif»dan murod: botil va munkar, rivoyatida tuhmatga uchragan roviy bor, rivoyat qilish ham, amal qilish ham mumkin bo‘lmagan hadis emas. Uning nazaridagi «zaif» «sahih»ning qarshisidagi hadis bo‘lib, «hasan hadis»ning qismlaridan biridir. U hadislarni «sahih», «hasan» va «zaif»ga taqsimlamas edi. Balki, «sahih» va «zaif»ga taqsimlar edi». 3. Zaif hadisga faziylatli ishlarda, mav’izada, qissalarda, targ‘ibotda, yomonlikdan qaytarishda va shunga o‘xshash narsalarda amal qilsa, bo‘ladi. Jumhur ulamolar: «Agar zaif hadis faziylatli amallarga xos bo‘lsa, unga amal qilish mustahabdir», deydilar. Lekin unga amal qilishning uchta sharti bor. Hofiz ibn Hajar mazkur uchta shartni quyidagicha ifoda qiladi: a) zaifligi juda ham shiddatli bo‘lmasligi kerak; b) o‘sha hadisning ma’nosi shariatda amal qilinib turgan bir aslning ostiga kiradigan bo‘lishi kerak; v) amal qilinishi bilan birga, uning sobitligiga e’tiqod qilmaslik kerak, balki «ehtiyot shart» degan tushunchada bo‘lish lozim.(“Mustalahul Hadis” kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 11:53 | Savol-javoblar | 245 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar