Ta’minot

Assalomu alaykum! Bir tanishim oilasi bilan ajrashgan va orada farzand bor. Shu farzandni ta’minoti tanishimning bo‘ynidami? Ya’ni kasal bo‘lsa, dori darmon kerak bo‘lsa olib berishga majburmi yoki ixtiyor o‘zidami?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Farzandning nafaqasi, dori-darmonlarini qilish otaning zimmasiga vojibdir. Er xotin birga yashasalar ham, alohida yashasalar ham. Alloh taolo “Baqara” surasida marhamat qiladi : وَالْوَالِدَاتُ يُرْضِعْنَ أَوْلاَدَهُنَّ حَوْلَيْنِ كَامِلَيْنِ لِمَنْ أَرَادَ أَن يُتِمَّ الرَّضَاعَةَ وَعلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ لاَ تُكَلَّفُ نَفْسٌ إِلاَّ وُسْعَهَا لاَ تُضَآرَّ وَالِدَةٌ بِوَلَدِهَا وَلاَ مَوْلُودٌ لَّهُ بِوَلَدِهِ وَعَلَى الْوَارِثِ مِثْلُ ذَلِكَ فَإِنْ أَرَادَا فِصَالاً عَن تَرَاضٍ مِّنْهُمَا وَتَشَاوُرٍ فَلاَ جُنَاحَ عَلَيْهِمَا وَإِنْ أَرَدتُّمْ أَن تَسْتَرْضِعُواْ أَوْلاَدَكُمْ فَلاَ جُنَاحَ عَلَيْكُمْ إِذَا سَلَّمْتُم مَّآ آتَيْتُم بِالْمَعْرُوفِ وَاتَّقُواْ اللّهَ وَاعْلَمُواْ أَنَّ اللّهَ بِمَا تَعْمَلُونَ بَصِيرٌ۝ 233. Onalar farzandlarini to‘liq ikki yil emizurlar. (Bu) emizishni batamom qilmoqchi bo‘lgan kishi uchundir. Ularni ma’ruf ila edirib, kiyintirish tug‘dirganning zimmasidadir. Hech bir jonga imkoniyatidan tashqari narsa yuklatilmas. Ona ham o‘z bolasi tufayli, ota ham o‘z bolasi tufayli zarar tortmasin. Merosxo‘rga ham xuddi shunday. Agar o‘zaro rozi bo‘lib, maslahatlashib, sutdan ajratishni iroda qilsalar, ikkovlariga gunoh yo‘q. Agar farzandlaringizga emizuvchi talab qilmoqchi bo‘lsangiz, beradiganingizni ma’ruf ila avvaldan topshirsangiz, sizlarga gunoh yo‘q. Va Allohga taqvo qiling hamda bilingki, Alloh qilayotgan amallaringizni albatta ko‘rib turuvchidir. Farzand Alloh bergan ulug‘ ne’matdir. Ota-ona bu ne’matga shukr qilishlari lozim. Shukrning asosiysi farzandni ne’mat beruvchi Zot – Allohning roziligini qozonadigan qilib tarbiyalashdir. Tarbiya esa emizishdan boshlanadi. Bu ishda ota-onaning kelishmovchiliklari, oralarining buzilishi uzr bo‘la olmaydi. Kattalarning janjali tufayli murg‘ak go‘dak zarar tortmasligi, unga Alloh bergan haq-huquqlar poymol qilinmasligi kerak. Go‘dakning haqlaridan biri va onaning eng mo‘’tabar vazifasi farzandni ikki yil emizishdir. Yangi tug‘ilgan go‘dakning jismi va ruhining o‘sishiga onasining sutidan afzal ozuqa yo‘q. Bolaning suyagi onaning suti bilan shakllanadi, shuningdek, uning boshqa taraflari, ruhiy rivojlanishiga ham ona suti zarur ozuqa hisoblanadi. Ushbu ozuqaning muddati to‘liq ikki yil bo‘lishi kerak. Bu qur’oniy haqiqatni adashgan insoniyat bir ming to‘rt yuz yildan keyin tushunib etdi. Hozirgi paytda bir necha yillik ilmiy tekshirishlardan so‘ng olimlar «Go‘dak bola uchun eng yaxshi ozuqa onaning suti va uni to‘liq ikki yil emizish kerak» degan gapni aytishmoqda. Buni musulmonlarga Allohning O‘zi Qur’oni Karimda aytib qo‘ygan. «Onalar farzandlarini to‘liq ikki yil emizurlar. (Bu) emizishni batamom qilmoqchi bo‘lgan kishi uchundir». Onalar farzandlarini ikki yil emizar ekanlar, albatta, otalarga ham o‘ziga yarasha vazifa yuklangan. Ularning «Onasi bilan ajrashib ketganman», deb o‘zlarini chetga olib turishga haqlari yo‘q, balki: «Ularni ma’ruf ila edirib, kiyintirish tug‘dirganning zimmasidadir». Bu ishni yaxshilab ado qilish kerak, nomiga emas. Ammo haddan ham oshilmaydi: «Hech bir jonga imkoniyatidan tashqari narsa yuklatilmas». Ya’ni bu nafaqa ishida ham otaning iqtisodiy holiga qaraladi. Uning imkonidan tashqari, ortiqcha sarf-xarajat taklif qilinmaydi. Demak, ona bolani emizsin, ota uni boqib, kiyintirsin, hammasi imkonga yarasha bo‘lsin: «Ona ham o‘z bolasi tufayli, ota ham o‘z bolasi tufayli zarar tortmasin». Onaning bolasi sababidan zarar tortishi – er tomonidan unga emoq-ichmoq va kiyinmoqqa nafaqa berilmasligi yoki oz berilishi. Shuningdek, emizishga qo‘ymasdan, bolani undan tortib olish kabi ishlar. Bolasi sababidan otaning zarar ko‘rishiga onaning qo‘polligi, haddan tashqari ko‘p nafaqa so‘rashi, bola sababli turli yomonliklar qilishi kiradi. «Merosxo‘rga ham xuddi shunday». Oyati karimaning ushbu jumlasidagi «merosxo‘r» kimning merosxo‘ri ekani haqida tafsir ulamolari ikki xil fikr aytganlar. Ba’zilari otaning merosxo‘ri, desa, qolganlari bolaning merosxo‘ri, deganlar. Mabodo ota vafot etib, farzandiga nisbatan o‘z burchini ado eta olmasa, unda bu burchni uning merosxo‘rlaridan biri ado etadilar. Bu merosxo‘rlar otadan qolgan merosni olishga haqli bo‘lganlaridek, undan qolgan farzandning nafaqasiga ham burchlidirlar. Merosxo‘rga ham xuddi otaga bo‘lgan munosabatda bo‘linadi. Imkondan ortiq narsa taklif qilinmaydi, bola sababidan zarar etkazilmaydi va hokazo. Bolaning merosxo‘ri, deganda, mabodo bola vafot etsa, uning merosini oladigan shaxs tushuniladi. «Agar o‘zaro rozi bo‘lib, maslahatlashib, sutdan ajratishni iroda qilsalar, ikkovlariga gunoh yo‘q». Ya’ni agar ota bilan ona o‘zaro maslahat qilib, rozi bo‘lib, bolani ikki yildan oz yoki ko‘p muddatda sutdan ajratmoqchi bo‘lsalar, gunohi yo‘q, bu o‘zlarining ishlari. Faqat bolaning foydasini ko‘zlasalar bo‘ldi. Shu bilan birga, turli holatlar ham bo‘lib turadi. Misol uchun, ona emizishga qodir bo‘lmay qolishi yoki emizishdan bosh tortishi mumkin. Unday holatda: «Agar farzandlaringizga emizuvchi talab qilmoqchi bo‘lsangiz, beradiganingizni ma’ruf ila avvaldan topshirsangiz, sizlarga gunoh yo‘q». Bu ish otaning vazifasi hisoblanadi. U o‘z bolasiga emizuvchi ayol topadi va unga xizmat haqini oldindan berib qo‘ysa, gunoh bo‘lmaydi. Xizmat haqini avvaldan olgan ayol bolani yaxshiroq parvarishlashi mumkin. Oyatning oxirida yana bir bor taqvoga, Allohdan qo‘rqishga da’vat qilinadi. Bu esa mazkur masalaning g‘oyat muhim ekaniga dalildir: «Va Allohga taqvo qiling hamda, bilingki, Alloh qilayotgan amallaringizni albatta ko‘rib turuvchidir». Yana taqvoga chaqiriq. Islomiy hayotning o‘zining barcha sohalarida taqvoga bog‘liqligi ushbu oyati karimalar majmuasida yaqqol zohir bo‘lib turibdi. Hatto bolani emizish, tarbiya qilish bobida ham taqvo bilan ish tutish ta’kidlanmoqda. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:33 | Savol-javoblar | 132 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar