Yuqish

Assalomu alaykum! Ba’zan “Islomda yuqish yo‘q” degan gaplarni eshitamiz. Buni qanday tushinish kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: لَا عَدْوَى وَلَا هَامَةَ وَلَا نَوْءَ وَلَا صَفَرَ. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kasallik yuqishi yo‘q, boyqush yo‘q, nav’u yo‘q va sofar yo‘q», dedilar». Uchovlari rivoyat qilganlar. Sharh: Islomdan oldingi johiliyatda ham johillikning turli-tuman ko‘rinishlari mavjud edi. Jumladan, tibga oid masalalarda ham. Ushbu faslda keladigan hadisi shariflar ana o‘sha narsalarni muolaja qiladi, ularni Islom dini qanday qilib to‘g‘ri yo‘lga solganligini tushuntiradi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qi¬lingan bu hadisi sharifda johiliyatning to‘rtta johilligi inkor qilinmoqda. 1. «Kasallik yuqishi yo‘q» Johiliyat ahlida «Xastaliklarda o‘ziga yarasha quvvat bor, ular bir kishidan ikkinchisiga o‘sha quvvat yordamida o‘tadi», degan e’tiqod bor edi. Hozirgi johiliyatda ham xuddi shu e’tiqod bor. «Unday bo‘lsa, xastalik yuqishi yo‘qmi?» degan savol paydo bo‘lishi turgan gap. Bunga javob shuki, xastalik Alloh iroda qilsagina yuqadi. Xuddi shu ma’no Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflarida va shunga o‘xshash boshqa hadisi shariflardagi «Kasallik yuqishi yo‘q» degan gaplarida mujassam bo‘lgan. Dunyodagi har bir narsa faqatgina Alloh taoloning irodasi bilan bo‘ladi. Jumladan, xastalik yuqishi ham. Odamlardan johiliyat e’tiqodlarini ketkazish uchun shunga o‘xshash hassos narsalarga alohida e’tibor berilgan. 2. «Boyqush yo‘q» Johiliyat davrida turli narsalardan shumlanish mavjud bo‘lib, bu narsa ularning e’tiqodiga aylanib qolgan edi. Jumladan, «Qaerga boyqush qo‘nsa, o‘sha erda yomonlik bo‘ladi, o‘sha er xarobaga aylanadi», degan e’tiqod bor edi. Islom bu narsani ham inkor etdi. Birovga ko‘ngilsizlik yoki yomonlik etadigan bo‘lsa, boy¬qush yoki boshqa qush qo‘ngani sababli emas, Alloh taoloning irodasi ila bo‘ladi. Alloh iroda qilsa, har qanday holatda ham bandaga xastalikni oriz qilganidek, boyqush qo‘nsa ham, qo‘nmasa ham yomonlikni voqe’ qilishi, gullab, yashnab yotgan joylarni xarobaga, vayronaga aylantirishi mumkin. 3. «Nav’u yo‘q» «Nav’u» – johiliyat ahli «yomg‘ir yog‘diradi», deb e’tiqod qiladigan yulduz. Ular o‘zlaricha «Yomg‘irni o‘sha yulduz yog‘diradi», deyishar edi. Albatta, bu ham noto‘g‘ri. Yomg‘irni faqatgina Alloh taoloning O‘zi yog‘diradi. 4. «Sofar yo‘q» Johiliyat ahlining Safar oyi to‘g‘risida ham bid’at-xurofotdan iborat aqiydalari bor edi. Ular «U oyda safar qilib bo‘lmaydi, u bo‘lmaydi, bu bo‘lmaydi», deyishar edi. Islom bunday bo‘lmag‘ur e’tiqodlarni ham rad etdi. Oylarning hammasi ham Alloh taoloning oylari, kunlarning hammasi ham Alloh taoloning kunlari ekanligini e’lon qildi. Qolaversa, bu oyning ismi arab tilidagi «sod» harfi bilan yoziladi. Yo‘lga chiqish, uzoq masofaga otlanib chiqish degan ma’nodagi safar so‘zi esa «sin» harfi bilan yoziladi. Sofar oyida safar qilib bo‘lmaydi, degan gaplarning qanchalik bo‘lmag‘urligi shundan ham ko‘rinib turibdi. Ushbu hadisi sharif asosan e’tiqodga oid masalalarni, jumladan, tibga oid e’tiqod masalasini ham muolaja qilmoqda. Demak, bizlar «Kasallik o‘zi yuqmaydi, Alloh taolo iroda qilsagina yuqadi», degan e’tiqodni mahkam tutishimiz kerak ekan. Bu masala keyin keladigan hadisi shariflarni o‘rganishimiz jarayonida yana ham oydinlashib boradi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:22 | Savol-javoblar | 135 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar