Bu menga halolmi?

Assalomu alaykum! Avvalo Haq va to‘g‘ri yo‘lni faqat Alloh bilguvchidir. O‘zim imkon qadar kolbasa va sosiska mahsulotlarini iste’mol qilmaslikka harakat qilaman. Ammo bugun ertalab nonushta qilish uchun bir yaqin yoshi kattaroq inson bilan oshxonaga kirganimizda qaynatilgan sosiskadan boshqa narsasi yo‘q ekan. Shunda sherigim bilan qo‘shilib sosiska eyishga majbur bo‘ldim. Allohdan kechirishini so‘rab egan bo‘lsamda, dilimda shubha o‘yg‘ondi. Aytingchi, men u sosiskani halol yoki harom ekanligini bilmagan holda iste’mol qildim, bu menga halolmi? Bu ishimda gunoh yo‘qmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Shariatimizda ikki narsani asosiy qoida qilib olingan. Birinchisi : Go‘shti eyiladigan hayvonlar shariatga muvofiq so‘yilmasa, ulardagi oquvchi qon chiqib ketmaganligi va Allohning ismlaridan birortasi zikr qilgani topilmagani uchun u haromligicha qoladi. Tasmiya aytib so‘yilgani sobit bo‘lgach, halolga hukm qilinadi. Ikkinchisi : Asli halol bo‘lgan narsalar biror yo‘l bilan harom qilinganligi sobit bo‘lmasa, halolligicha qoladi. Ushbu qoidalarga binoan siz aytgan sosiskaning go‘shtini so‘yishda “Bismillah” aytganligi aniq bo‘lsa eyish joiz. Agar odatda aytmaydigan bo‘lsa, yoki harom o‘lganlarni ham siz aytgandek mahsulot qilib yuboradigan bo‘lsa, eyishingiz halol bo‘lmaydi. Alloh taolo “An’om” 121-oyatida marhamat qiladi : وَلاَ تَأْكُلُواْ مِمَّا لَمْ يُذْكَرِ اسْمُ اللّهِ عَلَيْهِ وَإِنَّهُ لَفِسْقٌ وَإِنَّ الشَّيَاطِينَ لَيُوحُونَ إِلَى أَوْلِيَآئِهِمْ لِيُجَادِلُوكُمْ وَإِنْ أَطَعْتُمُوهُمْ إِنَّكُمْ لَمُشْرِكُونَ۝ Ustida Allohning ismi zikr qilinmagan narsalarni emanglar. Shubhasiz, u fisqdir. Albatta, shaytonlar o‘z do‘stlariga sizlar bilan tortishishni vasvasa qilurlar. Agar ularga itoat qilsangiz, albatta, sizlar ham mushriklar bo‘lursizlar. Ulamolarimiz ushbu oyatning tafsirida «Agar musulmon kishi hayvonni so‘yayotib, Allohning ismini zikr qilishni unutib qo‘ysa, so‘ygan go‘shti halol», deganlar. Ammo bilib turib, qasddan zikr qilmasa, unday go‘sht harom bo‘ladi. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:36 | Savol-javoblar | 156 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar