Bamdod namozini o‘qish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, men Rossiyada ishlayman. Bu erda xufton soat salkam 23-00da bamdod esa 03-00 da. Kunduzi ishlayman, xufton namozini o‘qib yotaman, bamdodga esa charchab uxlab qoliyapman. Ertalab yana ishga chiqishim kerak. Shunga biror maslahat bersangiz, nima qilishni bilmay qoldim. Iltimos men haqimga duo qiling, ishimni o‘ngidan bersin va bamdodni o‘z vaqtida o‘qiy. Javob uchun oldindan rahmat Alloh sizlardan rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Naaziat” surasida marhamat qiladi : وَأَمَّا مَنْ خَافَ مَقَامَ رَبِّهِ وَنَهَى النَّفْسَ عَنِ الْهَوَى۝ 40. Va ammo kim Robbining huzurida turishdan qo‘rqqan va nafsni havoyi xohishdan qaytargan bo‘lsa... Kim foniy dunyoda Alloh taologa ro‘baro‘ bo‘ladigan maqomdan qo‘rqib, o‘z havoyi nafsini jilovlab, din amridan chiqmay yurgan bo‘lsa...  فَإِنَّ الْجَنَّةَ هِيَ الْمَأْوَى۝ 41. bas, albatta, jannat (unga) joy bo‘ladir. Chunki Alloh taolo O‘ziga iymon keltirib, ibodat ila o‘tgan har bir bandaga jannatdan joy berishni va’da qilgan. Mazkur oyatlar har bir inson o‘zining kim ekanini aniq o‘lchab oladigan daqiq tarozidir. Ortiqcha gapning keragi yo‘q. O‘tgan oyatlarda «Toommatul kubro» – «katta ofat» bo‘lgan qiyomatning ba’zi holatlari vasf qilinib, so‘ngra kimlar jahannamga tushadi-yu, kimlar jannatdan joy olishi aytib o‘tilgandan so‘ng, endi keladigan oyatlarda qiyomatga iymoni yo‘qlarning u kunga nisbatan ishonchsiz qarashlari bayon qilinadi. Ularning Nabiy sollallohu alayhi vasallamga istehzoli savol berishlari u zotga bevosita xitob qilib aytiladi. “Maa’uun” surasida : فَوَيْلٌ لِّلْمُصَلِّينَ۝  الَّذِينَ هُمْ عَن صَلَاتِهِمْ سَاهُونَ۝  4. Bir «namozxonlar»ga vayl bo‘lsinki…5. Ular namozlarini unutuvchilardir. Ya’ni namozning ma’nolarini, hikmatlarini, insonning vijdonini poklashini, qalbda marhamat-shafqatni qo‘zg‘ashini unutganlarning holiga voy! Joyi jahannam! Alloh taolo «Ankabut» surasining 45-oyatida: «…albatta, namoz fahsh va munkardan qaytarur», – degan. Kim namoz o‘qisa-yu, yomon ishlardan qaytmasa, u namozini unutganlar jamoatidan bo‘ladi. Ushbu oyatlarning ma’nosi haqida mufassirlarimiz bir qancha ta’villar aytganlar. Abul Oliya: «Bular namozni o‘z vaqtida o‘qimaydiganlar, ruku’ va sajdalarini yaxshilab, batamom qilmaydiganlar», – degan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Bu shunday namozxonki, u o‘zi o‘qigan namozidan savob umid qilmaydi va uni o‘qimasa, iqobidan qo‘rqmaydi», – deganlar. Ibn Jarir Tobariy keltirgan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ushbu oyat haqida so‘ralganda, «Ular namozni o‘z vaqtidan orqaga suradiganlar», – deganlar. Mufassirlarimiz ushbu jumladagi kelishik qo‘shimchalariga ham alohida e’tibor berganlar. Oyatda «An solatihim saahuun» – «namozlarini unutuvchilar», deyilmoqda, «fii solatihim» – «namozlarida» deyilmayapti. Shundan oyatda munofiqlar haqida so‘z ketayotgani kelib chiqadi. Chunki mo‘min kishi ham namoz ichida ba’zi narsalarni unutishi mumkin. Lekin unutish bilan unutishning farqi bor. Munofiqning namozni unutishi o‘qimaslik, unga e’tiborsizlik qilishi ila bo‘ladi. Mo‘min esa namozning ichida biror narsani unutib, xatoga yo‘l qo‘ysa, sahv sajdasi qilib, darhol to‘g‘rilaydi. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:51 | Savol-javoblar | 153 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar