Xristian

Assalomu alaykum! Ustoz Xristian dindagilar Allohni tanidimi? Iso alayhissalom ularga tanitganmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Moida” surasi 116-117-oyatlarida marhamat qiladi : وَإِذْ قَالَ اللّهُ يَا عِيسَى ابْنَ مَرْيَمَ أَأَنتَ قُلتَ لِلنَّاسِ اتَّخِذُونِي وَأُمِّيَ إِلَهَيْنِ مِن دُونِ اللّهِ قَالَ سُبْحَانَكَ مَا يَكُونُ لِي أَنْ أَقُولَ مَا لَيْسَ لِي بِحَقٍّ إِن كُنتُ قُلْتُهُ فَقَدْ عَلِمْتَهُ تَعْلَمُ مَا فِي نَفْسِي وَلاَ أَعْلَمُ مَا فِي نَفْسِكَ إِنَّكَ أَنتَ عَلاَّمُ الْغُيُوبِ۝ 116. Esla, Alloh aytdi: «Ey Iyso ibn Mar¬yam! Sen odamlarga: «Meni va onamni Allohdan o‘zga ikki iloh qilib olinglar», – deganmiding?» U aytdi: «O‘zing pok¬san! Men haqqim yo‘q narsani ayta olmayman-ku. Agar aytgan bo‘lganimda, batahqiq, Sen uni bilar eding. Sen mendagi narsalarni bilasan, men Sendagi hech narsani bilmasman. Albatta, Sening O‘zinggina g‘ayblarni nihoyatda biluvchidirsan. Bu oyatda ham Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga xitob qilinib, Alloh taolo bilan Iyso alayhissalom oralaridagi ushbu savol-javobni eslashga amr etilmoqda. Bu savol-javob ham nasorolarning Iyso alayhissalomni va u kishining onalari Bibi Maryamni «Xudo» deb da’vo qilishlari butunlay noto‘g‘ri ekanini fosh etadi. Fosh etganda ham, qiyomat kuni hamma jamlanganda, barcha payg‘ambarlar alohida jam qilinganda, ularning guvohligida fosh etadi! Nasorolarning aqiydalari botil ekani aynan Iyso alayhissalom bilan bo‘lib o‘tadigan savol-javobda fosh qilinishi alohida ma’no kasb etadi: «…Alloh aytdi: «Ey Iyso ibn Maryam! Sen odamlarga: «Meni va onamni Allohdan o‘zga ikki iloh qilib olinglar», – deganmiding?» Albatta, Alloh taolo Iyso ibn Maryamning bu gapni hech aytmaganini va aytmasligini ham juda yaxshi biladi. Esi bor odam bunday gapni aytmaydi. Ammo Iyso alayhissalomni «Xudo» deb aytganlarning qilmishi naqadar noo‘rin, noma’qul va jirkanch ekanini hammaga yana bir bor ko‘rsatish uchun shunday savol beriladi. Oddiy inson qila olmaydigan ishni qanday qilib payg‘ambar, payg‘ambar bo‘lganda ham, Iyso alayhissalomdek ulul azim payg‘ambar qilishi – odamlarga «Meni va onamni Xudo qilib olinglar», deyishi mumkin? Aslo mumkin emas! Shuning uchun ham Iyso alayhissalomning javoblari Allohga Uning pokligini tasdiqlash, «subhanaka – «O‘zing poksan!» deyish bilan boshlanmoqda: «Men haqqim yo‘q narsani ayta olmayman-ku». Ya’ni «Mening «Allohni qo‘yib, meni va onamni xudo qilib olinglar», deb aytishga mutlaqo haqqim yo‘q-ku, qanday qilib aytaman?» «Agar aytgan bo‘lganimda, batahqiq, Sen uni bilar eding». Bu ham payg‘ambarlik va bandalik hissi bilan aytilgan gap. Haqiqatan ham agar farazan, shunday gap aytilgan bo‘lganida, Alloh bilar edi va unga yarasha chora ko‘rilar, bu xabar barchaga tarqalar edi. Shuning o‘ziyoq Iyso alayhissalomning hech qachon xudolik da’vosini qilmasliklarini ko‘rsatib turibdi. «Sen mendagi narsalarni bilasan, men Sendagi hech narsani bilmasman. Albatta, Sening O‘zinggina g‘ayblarni nihoyatda biluvchidirsan». Iyso alayhissalomning Alloh taoloning sifatlarini aniq tushungan bir banda va payg‘ambar ekanliklari ushbu javoblaridan yaqqol ko‘rinib turibdi. Alloh taolo har bir bandasining dilida yashirgan narsasini, barcha g‘ayblarni eng yaxshi biladigan Zot bo‘la turib, Iyso alayhissalomdek mashhur bir payg‘ambarning ko‘pchilik ichida xudolikni da’vo qilganini bilmay qolarmidi? Keyingi oyatlarda Iyso alayhissalomning javoblari davom etadi: مَا قُلْتُ لَهُمْ إِلاَّ مَا أَمَرْتَنِي بِهِ أَنِ اعْبُدُواْ اللّهَ رَبِّي وَرَبَّكُمْ وَكُنتُ عَلَيْهِمْ شَهِيدًا مَّا دُمْتُ فِيهِمْ فَلَمَّا تَوَفَّيْتَنِي كُنتَ أَنتَ الرَّقِيبَ عَلَيْهِمْ وَأَنتَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ شَهِيدٌ۝ 117. Men ularga O‘zing menga amr qilgan narsa – «Mening Robbim va sizning Robbingiz Allohga ibodat qiling»dan boshqani aytganim yo‘q. Va modomiki, oralarida ekanman, ularga guvoh bo‘ldim. Meni O‘zingga olganingdan so‘ng Sening O‘zing ularga kuzatuvchi bo‘lding. Zotan, Sen har bir narsaga guvohsan. Demak, Iyso alayhissalom nasorolarga «Men ham, sizlar ham Allohning bandalarimiz va hamisha Unga ibodat qilish zarur», – deb aytganlar. Undan boshqa gapni aytmaganlar. Ya’ni «Meni Xudo qilib olinglar», – demaganlar. Iyso alayhissalom yana boshqa ishlar ham qilganlar: «Va modomiki, oralarida ekanman, ularga guvoh bo‘ldim». Ya’ni «Qilgan ishlari, aytgan gaplari va boshqa narsalariga guvoh bo‘ldim. Jumladan, Sening amringni qanday qabul qilishlariga guvoh bo‘ldim. Mening ular ichida bo‘lgan vaqtimdagi gaplarim shulardan iborat. Men xudolik da’vosini qilganim yo‘q. Mendan keyin nima bo‘lganini O‘zing bilasan». «Meni O‘zingga olganingdan so‘ng Sening O‘zing ularga kuzatuvchi bo‘lding. Zotan, Sen har bir narsaga guvohsan». (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:57 | Savol-javoblar | 152 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar