Turmush haqida

Assalomu alaykum! Bir qiz islomiy oila qurishni istaydi, lekin uydagilari barchasi bunga qarshi. Shuni hisobga olganda, yigit ilmini, iymonini yashirib, xuddi oilasi xohlagandek, yigitday o‘zini ko‘rsatsa bo‘ladimi. Lekin to‘ylari ham islomiy bo‘lmaydi, qiz yigitga "agar menga uylansangiz juda katta ërdam qilgan bo‘lardiz. Axir meni Islomni tushunmaydigan yigitga berishmoqchi, men yasholmayman" degan so‘zlarni yigitga aytgan. Ustozlar qanday maslahat berasizlar?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Allohga taqvo qilavering O‘zi bir yo‘lga yo‘llaydi. Alloh taolo O‘zining kalomida : «Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, unga U Zotning O‘zi kifoyadir. Albatta, Alloh O‘z ishini etkazuvchidir. Batahqiq, Alloh har bir narsaga o‘lchov qilib qo‘ygandir», – deydi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu «Qur’ondagi eng katta umidbaxsh oyat, ushbu «va man yattaqillaha yaj’al lahuu maxrojan va yarzuqhu min haysu laa yahtasib» degan ekanlar. Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy alayhissalom: «Albatta, banda qilgan gunohi tufayli rizqdan mahrum bo‘ladi. Qadarni duodan o‘zga hech narsa rad qila olmaydi, umrni yaxshilikdan o‘zga hech narsa ziyoda qila olmaydi», – deganlar. «Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, unga U Zotning O‘zi kifoyadir» jumlasining tafsiriga ulamolarimiz quyidagi hadisni keltiradilar. Nabiy alayhissalom Abdulloh ibn Mas’udga qilgan nasihatlarida jumladan: «...Va bilki, agar ummatning barchasi yig‘ilib, senga manfaat etkazmoqchi bo‘lsalar ham, Alloh sen uchun taqdir qilib qo‘ygan narsadan o‘zga hech bir narsa qila olmaydilar. Agar senga zarar etkazish uchun to‘plansalar ham, Alloh sen uchun taqdir qilib qo‘ygan narsadan o‘zga hech bir narsa qila olmaydilar», – deganlar. (“Tafsiri Hilol” kitobidan “Taloq” surasi 2-oyat). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:03 | Savol-javoblar | 153 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar