Voz kechish

Assalomu alaykum! Yoshim 19 da, men umrimni faqat ibodatga bag‘ishlamoqchiman. Asosiy muommo shundaki, meni umuman ayol zotidan ko‘nglim qolgan va bu dunyodan zino va ayollardan pok o‘tib, faqat Allohga ibodat qilmoqchiman. Ayollar mening nazdimda faqat boshga muommo tug‘diradi. Shu vaqtgacha ayollar bilan zino qilmaganman, Xudoga shukur va bundan keyin ham shunday o‘tishini istayman. Savolim shuki, dunyoda ayollardan voz kechib, ibodatda, toq  o‘tishning gunoh joyi yo‘qmi?
2-savolim: Bizda Tipratikan go‘shtini sog‘lik uchun ko‘p iste’mol qilishadi. Tipratikan go‘shti harom emasmi? Javoblar uchun oldindan rahmat, Alloh panohiga olsin sizlarni.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ سَعْدِ بْنِ أَبِي وَقَّاصٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: أَرَادَ عُثْمَانُ بْنُ مَظْعُونٍ أَنْ يَتَبَتَّلَ، فَنَهَاهُ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم، وَلَوْ أَجَازَ لَهُ ذَلِكَ لَاخْتَصَيْنَا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أَبَا دَاوُدَ Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Usmon ibn Maz’un butunlay tarkidunyo qilmoqchi bo‘lgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni nahiy qildilar. Agar unga bu ishda ruxsat berganlarida, o‘zimizni albatta bichib tashlar edik». Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan. Sharh: Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning emikdosh birodarlari bo‘lganligini avval ham bir necha bor aytib o‘tganmiz. Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhuda ibodatga ajrab chiqish mayli juda ham kuchli bo‘lgan. Ushbu faslning avvalida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalaridan u zotning ibodatlari haqida so‘rab, uni oz sanab, keyin tarkidunyochilikning uch xil turini tanlagan uch kishidan biri ham Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhu edilar. Ushbu hadisdagi «butunlay tarkidunyo qilish» ma’nosi uylanishni ham tark qilish ma’nosini o‘z ichiga olgan. Shuning uchun ham roviy Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Agar unga bu ishda ruxsat berganlarida, o‘zimizni albatta bichib tashlar edik», demoqdalar. Islomda bu ish joiz bo‘lmaganligi uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhuga ruxsat bermaganlar. Uylanmay yurish musulmon kishi uchun yaxshi emas, bu ish rohiblik deyiladi. Masihiy diynida ibodatga berilganlar uylanishdan voz kechishlari kerak. Unday ishni qiluvchilar rohiblar, qilayotgan ishlari rohiblik deyiladi. Islomda esa rohiblik yo‘q. Islomda uylanish ham ibodat hisoblanadi. Shu qoidaga ko‘ra, Alloh taolo halol qilib qo‘ygan narsani o‘ziga harom qilib, o‘zini o‘sha narsadan tiyish bilan go‘yo Allohga qurbat hosil qilishga urinish ham gunohdir. Chunki halol va harom qiluvchi yagona Zot Alloh taoloning O‘zidir. Imom Buxoriy va Imom Muslimlar Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Uch kishidan iborat bir guruh Pay¬g‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari oldiga u zotning ibodatlari haqida so‘rab kelishdi. Bu haqda xabar berilganida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ibodatlari ularga oz ko‘rindi va «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qayoqdalar-u, biz qayoqdamiz, u zotning oldingiyu keyingi gunohlari mag‘firat qilingan», dedilar. Bittalari: «Men endi doimo kechasi bilan namoz o‘qib chiqaman», dedi. Ikkinchisi: «Men doimo ro‘za tutaman, og‘zim ochiq yurmayman», dedi. Uchinchisi esa: «Men ayollardan chetda bo‘laman, hech uylanmayman», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning oldiga kelib: «Sizlar shu-shu gaplarni aytdingizmi? Allohga qasamki, ichingizda Allohdan eng ko‘p qo‘rquvchingiz menman va Unga eng ko‘p taqvo qiluvchingiz ham menman. Lekin men ro‘za ham tutaman, og‘zim ochiq ham yuraman. Namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham, ayollarga uylanaman ham. Kim sunnatimdan o‘zini tortsa, mendan emas», dedilar. Shu bilan Alloh taolo halol qilgan narsalarni o‘ziga harom qilib ont ichish yoki vazifa qilib olish bekor qilindi. Hamda hech kimning Alloh taolo halol qilgan narsalarni harom qilishga haqqi yo‘qligi ta’kidlandi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:05 | Savol-javoblar | 145 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar