Muhammad ismi

Assalomu alaykum! Bir okamiz “Domladan eshitdim Muhammad deb ism qo‘yilgan bolani kim qarg‘asa yoki so‘kib qo‘ysa 4 mazhabda kofir bo‘ladi. Agar nikohda bo‘lsa taloq tushadi” debdi. Shundaymi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Shu gapni aytgan inson o‘zi iymoniga ehtiyot bo‘lsin. Chunki shariatimizda Muhammad ismli farzandni yoki birorta insonni so‘kish kufr degan joyi yo‘q. U gapni aytgan kishi Alloh va rasuliga tuhmat qilibdi. Kufr deyish biror dalilga suyangan bo‘lishi kerak. Holbuki  biror oyatda ham hadisda bunday gap kelmagan. Nomi domla yoki qori aka bo‘lsa og‘ziga kelganini gapiravermasligi kerak. Tug‘ri, payg‘ambar alayhissalomni shaxsan haqorat qilish, so‘kish alohida masala. Bu borada ulamolar agar u zotni haqorat qilsa yoki tahqirlab so‘ksa iymoniga futur etishini aytganlar. عَنْ عَبْد ِاللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: بَلِّغُوا عَنِّي وَلَوْ آيَةً، وَحَدِّثُوا عَنْ بَنِي إِسْرَائِيلَ وَلَا حَرَجَ، وَمَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Mendan bir oyat bo‘lsa ham etkazinglar. Bani Isroil haqida gapiringlar, tanglik yo‘q. Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi o‘rindig‘iga joylashaversin», dedilar». Buxoriy va Termiziy rivoyat rivoyat qilganlar. Sharh: Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uchta muhim masalani bayon qilmoqdalar. 1.«Mendan bir oyat bo‘lsa ham etkazinglar». Ya’ni, mening bilganim oz narsa, faqat birgina oyat, deb o‘tirmanglar. O‘shani bo‘lsa ham odamlarga etkazinglar, demoqdalar. 2.«Bani Isroil haqida gapiringlar, tanglik yo‘q». Bu ish ruxsat berilgan doirada bo‘lishi kerakligini ulamolarimiz ta’kidlaganlar. Chunki boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ahli kitoblarni tasdiqlamanglar ham, yolg‘onchi ham qilmanglar. Allohga va U zotdan o‘zimizga nozil qilingan narsaga iymon keltirdik, denglar», deganlar. Shuning uchun ularning shariatimizga muvofiq narsalarini tasdiqlaymiz, shariatimizga nomuvofiqlarini yolg‘on, deymiz. 3.«Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi o‘rindig‘iga joylashaversin». Bilib turib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytmagan narsani u zotdan, deb gapirish shunchalar yomon narsaki, kim shu ishni qilsa, do‘zaxiy bo‘lishi turgan gap. Ushbu hadisdan olinadigan foydalar: 1. Oz bo‘lsa ham, o‘zi bilgan ilmni o‘zgalarga etkazish zarurligi. 2. Bani Isroil haqida shariatimiz izn bergan ma’noda gapirish joizligi. 3. Kim Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxiy bo‘lishi. Ushbu hadisi sharifni hayotimizga tatbiq qilishga juda muhtojmiz. Bilgan narsalarimizni oz-ozdan bo‘lsa ham, o‘z birodarlarimizga o‘rgatishimiz zarur. Qanchadan-qancha kishilar kalimai shahodatni o‘rganishga muhtojlar. Ularga bu narsani bilganlar o‘rgatmasa, kim o‘rgatadi? Qanchadan-qancha kishilar aqalli bir oyatni ham, Qur’ondagi kichik suralarni ham bilmaydilar. Ularga ham bilganlar o‘rgatmay, kim o‘rgatadi?! Tahorat, g‘usl, namoz, janoza va boshqa ko‘plab shar’iy ahkomlarni bilmaydiganlarimiz ko‘p. Bularning hammasini ularga biladiganlar o‘rgatishi lozim. Ba’zi narsalarni bilganlar undan ham ko‘ra ko‘proq narsalarni bilishga intilishlari, o‘zlaridan ko‘proq biladiganlardan o‘rganishlari lozim bo‘ladi va hokazo. «Bani Isroil» va boshqa ahli kitoblar haqida ham bilganlar bilmaganlarga gapirib, shariatimizning ularga bo‘lgan munosabatlarini tushuntirib berishlari lozim. Chunki bilimsizlik oqibatida ular bilan noto‘g‘ri munosabat va aloqalar vujudga kelmoqda. Kishilarimiz adashib, katta xatolarga yo‘l qo‘ymoqdalar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qilishining ham oldini olish lozim. Bilib-bilmay, turli gaplarni hadis deb aytish katta gunohdir. Bu o‘sha odamning do‘zaxga kirishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun haqiyqiy ekanligiga to‘liq ishonch hosil qilmasdan turib, hadis aytish yaxshi emas. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni haqoratlash kufr. Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 14:05 | Savol-javoblar | 168 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar