Sut puli

Assalomu alaykum! Maxr haqida topib o‘qidim rahmat. Lekin shularni o‘qish jarayonida “Qalin puli bid’at” deyilgan javobga ro‘baro‘ keldim. Buning sababi nima? Shu haqida batafsil izoh bersangizlar.
2. Biz o‘zbeklarda qalin pulidan tashqari sut puli ham olinar ekan. Sut puli shariatimizda bor narsami? Ba’zan eshitib qolaman sut puli va qalin olingandan keyin, nikoh o‘qilayotganda palonchi maxrga falon narsa so‘rabdi degan gap so‘zlarni. Shariatimizda bunga qanday izoh beriladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloma Haskafiy:
“Kelin taraf, kelinni kuyovga topshirayotgan paytida oladigan narsasini er qaytarib olishga haqlidir. Chunki u pora hisoblanadi” deganlar.
(Durrul muxtor).
Ibn Obidin rahmatullohi alayh ushbu iborani sharhlab :
“Kelinning aka yoki shu kabilar kuyov tarafidan biror narsa(qalin puli yoki sut puli) olmagunlaricha kelinni bermasalar, shuningdek qalin pulini olmagunicha singlilarini berishdan bosh tortsalar, (er o‘sha pulni bersa) pul holida yoki o‘zgartirilgan holida qaytarib olish haqqiga egadir. Chunki erni ularga bergan narsasi pora hisoblanadi” deganlar. (Roddul muhtor).
Buning o‘rniga shariatimiz ayol kishining o‘ziga mulk qilib beriladigan mahrni joriy qilgan. «Mahr» aqdi nikoh yoki er-xotin bo‘lish bilan erning zimmasiga yuklanadigan xotinga berilishi lozim bo‘lgan moldir. Mahr turli nomlar bilan nomlanadi, Qur’oni Karimda sadoq, sadaqa, ajr, fariyza, nihla atamalari ishlatilgan. Ba’zi ulamolar mahrning o‘nta nomi borligini aytganlar. Bizda «mahr» atamasi mashhur bo‘lgani uchun shu so‘zni qo‘llaymiz. Alloh taolo Niso surasida shunday degan: وَآتُواْ النَّسَاء صَدُقَاتِهِنَّ نِحْلَةً فَإِن طِبْنَ لَكُمْ عَن شَيْءٍ مِّنْهُ نَفْسًا فَكُلُوهُ هَنِيئًا مَّرِيئًا «Ayollarga mahrlarini ko‘ngildan chiqarib bering. Agar undan biror narsani sizga rozi bo‘lib bersalar, bas, uni englar. Osh bo‘lsin, ofiyat bo‘lsin» (4-oyat). Ushbu oyati karima mahr berish erga vojib ekanini anglatuvchi to‘rtta oyati karimadan biridir. Aqdi nikoh bo‘lishi bilan mahr berish vojib bo‘ladi. Agar qovushmay turib ajrashadigan bo‘lsalar ham. Lekin mahrni berish nikohning shart yoki ruknlaridan emas. Usiz ham nikoh bo‘laveradi, ammo mahrning oldi-berdisi qachon bo‘lsa bo‘laveradi. Ushbu oyatda er o‘ziga xotin bo‘lishga rozi bo‘lgan ayolga mahrni og‘rinib emas, chin ko‘ngildan chiqarib berishi lozimligi uqtirilmoqda. Mahr kelinning o‘z mulkiga aylanishiga ham ishora qilinmoqda. Ayol mahrni olganidan keyin nima qilsa, o‘zi biladi. Jumladan, ushbu oyatda zikr qilinganidek eriga qaytarib bersa ham o‘zining ishi. Agar kelin o‘z ixtiyori bilan rozi bo‘lib, eri bergan mahrining hammasini yoki bir qismini unga qaytarib bersa, er uni bemalol olib, tasarruf qilsa bo‘laveradi. عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رضي الله عنه، قَالَ رَسُولُ اللهِ صلي الله عليه وسلم فَالْتَمِسْ وَلَوْ خَاتَمًا مِنْ حَدِيدٍ رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (uylanmoqchi bo‘lgan kishiga):  «...bir temir uzuk bo‘lsa ham top», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan. 
Ul zot biror nikohni mahrsiz qo‘ymaganlari sobitdir. Musulmonlarning barchasi nikoh mahrsiz bo‘lmasligiga ijmo’ qilganlar. Mahrning ozi o‘n dirhamdir. O‘n dirham bir dinorga teng keladi. Bu nisobga etgan molning yigirmadan biri, deganidir.("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 14:01 | Savol-javoblar | 196 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar