Qasam hukmi

Assalomu alaykum! Bolaning haqiqiy onasi bolasini o‘rtaga qo‘yib qasam ichib, yana telefonda boshqa erkak bilan gaplashsa, ichilgan qasam bolaga urmaydimi? Umuman olganda qasam ichishning hukmi haqida tushuncha bersangizlar. Oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Qasam uch turlidir: kishining o‘tgan narsani qilgani yoki tark etganiga qasddan yolg‘on qasam ichishi g‘amusdir. U ila gunohkor bo‘ladi. O‘shanda o‘zi haq ekanini gumon qilsa-yu, ish aksincha bo‘lsa, qasam behudadir. Bunda afv etilishi umid qilinadi. Agar kelajak narsaga qasam ichsa, qasam bog‘lanadi. Mana shu qasamdagina qasamxo‘r bo‘lsa, kafforat o‘taydi. Agar qasamni yoki qasamxo‘rlikni unutib yoki majburlanib qilgan bo‘lsa ham. Qasam «Alloh» lafzi bilan yoki Rohman, Rohiym va Haq kabi ismlaridan biri bilan yoxud Alloh taoloning qasam ichsa bo‘ladigan izzati, jaloli, kibriyosi, azamati va qudrati kabi sifatlaridan biri bilan bo‘ladi. Nabiy, Qur’on, Ka’ba kabi Allohdan boshqa narsalar bilan va rahmati, ilmi, rizosi, g‘azabi, achchig‘i va azobi kabi urfda qasam ichib bo‘lmaydigan sifatlari bilan bo‘lmaydi. Kishining «La amrullohi», «Va aymullaahi», «Va ahdillaahi va miysaqihi», deyishi, «qasamki», «ontki», «ashhadu», deganidan keyin «billaahi»ni aytmasa ham, «Zimmamda nazr, yamin, ahd bor», deganida «Alloh uchun», demasa ham qasamdir. Agar falon narsani qilsa u kofir ekanligini aytsa, agar kofir bo‘lmasa ham, o‘tgan zamonga bog‘ladimi yoki kelasiga, baribir qasamdir. «Savgand mixo‘rem ba Xudoy» ham qasamdir. «Haqqan», «Allohning haqqi-hurmati», «Savgand xo‘ram bo Xudoy» yoki «Ba taloqi zan», desa yoki agar falon ishni qilsa, unga Allohning g‘azabi, achchig‘i yoki la’nati bo‘lishini aytsa, yoxud «Falon ishni qilsam, men zinokor yoki o‘g‘ri, yoxud aroq ichuvchi-yu, riboxo‘r bo‘lay», desa, qasam bo‘lmaydi. Qasam harflari «vov», «bo» va «to»lardir. Gohida «Allohi la afa’lanna»dagiga o‘xshab u yashirin suratda ham ishlatiladi.("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 14:09 | Savol-javoblar | 167 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar