Ajr yoziladimi?

Assalamu alaykum! Oddiy savol berganimdan hijolatdamn. Agar musulmon inson birovga yordam berib yoki xizmat qilib rahmat eshitsa, shu eshitgan rahmatiga yarasha ajr oladimi? Agar rahmat aytuvchi nasroniy yoki majusiy bo‘lsachi? Tashakkur!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Zalzala” surasida marhamat qiladi: فَمَن يَعْمَلْ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ خَيْرًا يَرَهُ ۝  وَمَن يَعْمَلْ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ شَرًّا يَرَهُ ۝ 7. Bas, kim zarra vaznicha yaxshilik qilsa ham ko‘radir. 8. Va kim zarra vaznicha yomonlik qilsa ham ko‘radir. Yaxshilikning ham, yomonlikning ham katta-kichigi bo‘lmaydi. Hammasining hisob-kitobi bo‘ladi, qiyomatda javob berish kerak. Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qiladilar: So’so’a ibn Muoviya ismli odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelganda, ul hazratlari unga «Faman ya’mal misqola zarrotin xoyron yaroh, va man ya’mal misqola zarrotin sharran yaroh»ni o‘qib berganlarida, u: «Bundan boshqa narsani eshitmasam ham, menga shuning o‘zi etarli», – degan ekan. Muhammad sollallohu alayhi vasallam: «Bir xurmoning yarmi yoki bir og‘iz shirin so‘z bilan bo‘lsa ham, o‘zlaringizni do‘zaxdan saqlanglar», – deganlar. Ya’ni bu yaxshilikning kichigi bo‘lmaydi, deganlaridir. Boshqa bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘zga ilinmaydigan gunohlardan saqlaninglar, chunki ular to‘planib, kishini halok qiladi», – deganlar. Har doim, ko‘zga ko‘rinmas zarra miqdorida bo‘lsa ham yaxshilikni qilib, shuningdek, ko‘zga ko‘rinmas zarra miqdorida bo‘lsa ham yomonlikdan qochish kerak.(“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 14:14 | Savol-javoblar | 141 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar