Bemor kishining namozi haqida

Assalomu alaykum hurmatli ustozlar onam anchadan beri betoblar turib namoz o‘qiy olmaydilar, shuning uchun menga yotib namoz o‘qish qoidalarini to‘liq tushuntirib bersangizlar. Ya’ni qo‘l qaerda turishi kerak, imo ishora qilganda kallani qimirlatish kerakmi va hokozlar.
2. Ko‘p suvda yuvinsalar ham bo‘lmaydi, tayammum qilib namoz o‘qisalar bo‘ladimi?
3. Tayammum qilganlarida yuzi va qo‘llariga mash tortsalar bo‘ldimi? Iltimos tezroq javob beringlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1). BEMORNING NAMOZI HAQIDAGI FASL إِنْ تَعَذَّرَ الْقِيَامُ لِمَرَضٍ حَدَثَ قَبْلَ الصَّلَاةِ أَوْ فِيهَا، صَلَّى قَاعِدًا يَرْكَعُ وَيَسْجُدُ. وَإِنْ تَعَذَّرَا مَعَ الْقِيَامِ أَوْمَأَ بِرَأْسِهِ قَاعِدًا إِنْ قَدَرَ، وَلَا مَعَهُ فَهُوَ أَحَبُّ، وَجَعَلَ سُجُودَهُ أَخْفَضَ مِنْ رُكُوعِهِ.وَلَا يَرْفَعُ شَيْئًا لِيَسْجُدَ عَلَيْهِ، وَإِلَّا فَعَلَى جَنْبِهِ مُتَوَجِّهًا، أَوْ عَلَى ظَهْرِهِ كَذَا، وَذَا أَوْلَى. وَالْإِيمَاءُ بِالرَّأْسِ، فَإِنْ تَعَذَّرَ أَخَّرَ. وَمُومٍ صَحَّ فِي الصَّلَاةِ اسْتَأْنَفَ، وَقَاعِدٌ يَرْكَعُ وَيَسْجُدُ صَحَّ فِيهَا، بَنَى قَائِمًا. صَلَّى قَاعِدًا فِي فُلْكٍ جَارٍ بِلَا عُذْرٍ صَحَّ. وَفِي الْمَرْبُوطِ لَا، إِلَّا بِعُذْرٍ.جُنَّ أَوْ أُغْمِيَ عَلَيْهِ يَوْمًا وَلَيْلَةً، قَضَى مَا فَاتَ وَإِنْ زَادَ سَاعَةً لَا  Namozda undan avval yoki uning asnosida paydo bo‘lgan bemorlik sababli tik turish uzrli bo‘lib qolsa, o‘tirgan holda ruku’ va sajda qilib o‘qiydi. Agar ruku’ va sajda hamda qiyom uzrli bo‘lib qolsa, o‘tirishga qodir bo‘lsa, o‘tirib, boshi bilan imo qiladi. Tik turishga qodir bo‘lib, ruku’ va sajda qilish uzrli bo‘lib qolsa, o‘tirib imo qilish mahbubdir. Sajdasini ruku’sidan pastroq qiladi. Sajda qilish uchun biror narsani ko‘tarmaydi. Agar o‘tirishga ham qodir bo‘lmasa, qiblaga yuzlangan holda, yonboshlab yoki chalqancha tushib o‘qiydi. Chalqancha hol yaxshiroqdir. Imo bosh bilan bo‘ladi. Agar bosh bilan imo qilish ham uzrli bo‘lsa, kechga suradi. Imo qilayotgan odam namoz ichida tuzalib qolsa, namozni yangitdan o‘qiydi. O‘tirgan holda ruku’ va sajda ila namoz o‘qiyotgan odam namoz ichida tuzalib qolsa, tik turgan holda davom ettiradi. Yurib borayotgan kemada uzrsiz o‘tirib namoz o‘qisa, to‘g‘ri bo‘ladi. Bog‘langan kemada to‘g‘ri bo‘lmaydi. Illo, uzr bo‘lsa, to‘g‘ri bo‘ladi. Bir kechayu bir kunduz jinni bo‘lgan yoki hushidan ketgan odam o‘tgan namozlarni qazo qiladi. Agar bir soat ziyoda bo‘lsa ham, qazo qilmaydi. Alloh taolo bandalarni toqatlaridan tashqari amallarga buyurmaydi. Ularning holatlarini e’tiborga oladi. Bemor bo‘lib qolgan kishining bemorligi hisobga olinadi. Namoz o‘ta ahamiyatli ibodatdir, uni vaqtinchalik bo‘lsa ham tark qilib bo‘lmaydi. Agar shunday qilinsa, banda namozdan uzoqlashib qoladi. Namozdan uzoqlashish esa Alloh taoloning rahmatidan uzoqlashishdir. Ayniqsa bemor banda Alloh taologa yolvorishi, Uning rahmatidan umidvor bo‘lishi matlubdir. Shuning uchun bemor kishi ham imkoni boricha namozini o‘qiyveradi. Bu ham Islomning engillik dini ekanining yorqin dalilidir. Kelasi satrlarda ushbu masalani batafsil o‘rganishga harakat qilamiz. Namozda undan avval yoki uning asnosida paydo bo‘lgan bemorlik sababli tik turish uzrli bo‘lib qolsa, o‘tirgan holda ruku’ va sajda qilib o‘qiydi. Agar bemorlik tufayli tik turib namoz o‘qish imkoni bo‘lmasa yoki tik tursa bemorligi ziyoda bo‘lish xavfi bo‘lsa, tuzalishi orqaga surilsa, tik turganda shiddatli alam bo‘lsa yoxud boshi aylansa, o‘tirgan holda ruku’ va sajda qilib namoz o‘qiydi. Bu hukmga dalil quyidagicha: عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حُصَيْنٍ رضي الله عنه قَالَ: كَانَتْ بِي بَوَاسِيرُ، فَسَأَلْتُ النَّبِيَّ صلي الله عليه وسلم عَنِ الصَّلَاةِ، فَقَالَ: «صَلِّ قَائِمًا، فَإِنْ لَمْ تَسْتَطِعْ فَقَاعِدًا، فَإِنْ لَمْ تَسْتَطِعْ فَعَلَى جَنْبٍ». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا مُسْلِمًاImron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Mening bavosirim bor edi. Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan namoz haqida so‘radim. U zot: «Tik turib o‘qi. Agar qodir bo‘lmasang, o‘tirib o‘qi. Agar qodir bo‘lmasang, yonboshlab o‘qi», dedilar».Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan. Agar ruku’ va sajda hamda qiyom uzrli bo‘lib qolsa, o‘tirishga qodir bo‘lsa, o‘tirib, boshi bilan imo qiladi. O‘rnidan turib namoz o‘qiy olmaydigan odam o‘tirgan holida ruku’ va sajda qila olmasa, o‘tirgan holida imo bilan namoz o‘qiydi. Tik turishga qodir bo‘lib, ruku’ va sajda qilish uzrli bo‘lib qolsa, o‘tirib imo qilish mahbubdir. Ruku’ va sajda qila olmasa-yu, tik turishga qodir bo‘lsa ham, o‘tirib, imo bilan namoz o‘qiydi. O‘tirgan holda imo bilan namoz o‘qish tik turib imo bilan namoz o‘qishdan yaxshidir. Chunki o‘tirganda erga yaqin bo‘ladi. Imo bilan namoz o‘qigan odam Sajdasini ruku’sidan pastroq qiladi. Chunki aslida ham sajda ruku’dan past bo‘ladi. Sajda qilish uchun biror narsani ko‘tarmaydi. رَوَى الْبَزَّارُ وَالْبَيْهَقِيُّ عَنْ جَابِرٍ رضي الله عنه وَالطَّبَرَانِيُّ عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: أَنَّ النَّبِيَّ  صلي الله عليه وسلم عَادَ مَرِيضًا، فَرَآهُ يُصَلِّي عَلَى وِسَادَةٍ، فَأَخَذَهَا فَرَمَى بِهَا، فَأَخَذَ - أَيِ الْمَرِيضُ- عُودًا لِيُصَلِّي عَلَيْهِ، فَأَخَذَهَا فَرَمَى بِهِ، وَقَالَ: «صَلِّ عَلَى الْأَرْضِ إِنِ اسْتَطَعْتَ، وَإِلَّا فَأَوْمِ إِيمَاءً، وَاجْعَلْ سُجُودَكَ أَخْفَضُ مِنْ رُكُوعِكَ» Bazzor va Bayhaqiy Jobir roziyallohu anhudan, Tabaroniy Ibn Umar roziyallohu anhumodan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir bemorni ko‘rgani bordilar. Uning bolish ustiga namoz o‘qiyotganini ko‘rib, uni olib, otib yubordilar. U – ya’ni bemor – bir cho‘pni olib, o‘shanga sajda qilmoqchi bo‘ldi. Ul zot uni ham olib, otib yubordilar va: «Agar qodir bo‘lsang, erga sajda qil. Bo‘lmasa imo qil. Sajdangni ruku’ingdan pastroq qil», dedilar». Imo bilan namoz o‘quvchi bir narsaga boshini egib, peshonasini qo‘yib sajda qilsa durust. Ammo boshini egmasdan, haligi narsani peshonasiga olib borib tekkizsa bo‘lmaydi. Agar o‘tirishga ham qodir bo‘lmasa, qiblaga yuzlangan holda, yonboshlab yoki chalqancha tushib o‘qiydi. Chalqancha tushganda oyog‘ini qiblaga qaratib, tizzalarining ostiga biror narsa qo‘yib, bir oz ko‘tarib qo‘yiladi. Shunda qiblaga oyog‘ini cho‘zmagan bo‘ladi. Boshining ostiga yostiq qo‘yib, yuzi qiblaga qaratiladi. Chalqancha hol yaxshiroqdir. Shunda imosi Ka’ba tarafga bo‘ladi. Imo bosh bilan bo‘ladi.  Qosh yoki ko‘z bilan bo‘lmaydi. Agar bosh bilan imo qilish ham uzrli bo‘lsa, kechga suradi. Ammo namoz soqit bo‘lmaydi. Qodir bo‘lganda uning qazosini o‘qib beradi. Agar o‘sha bemorlikdan tuzalmay vafot qilsa, afv qilinadi. Fidya berish ham lozim bo‘lmaydi. Imo qilayotgan odam namoz ichida tuzalib qolsa, namozni yangitdan o‘qiydi. Shuningdek, yonboshlab o‘qiyotgan odam o‘tirishga qodir bo‘lib qolsa ham, namozni o‘tirgan holda yangitdan boshlaydi. O‘tirgan holda ruku’ va sajda ila namoz o‘qiyotgan odam namoz ichida tuzalib qolsa, tik turgan holda davom ettiradi.Yurib borayotgan kemada uzrsiz o‘tirib namoz o‘qisa, to‘g‘ri bo‘ladi.  Agar kema kichik bo‘lib, unda bosh aylanishi va turg‘unsizlik muhaqqaq bo‘lsa, o‘tirib namoz o‘qish joiz. Ammo kemada tik turib o‘qish imkoni bo‘lsa, tik turib o‘qigan afzal. رَوَى الدَّارَقُطْنِيُّ وَالْحَاكِمُ: أَنَّ النَّبِيَّ صلي الله عليه وسلم سُئِلَ: كَيْفَ أُصَلِّي فِي السَّفِينَةِ؟ فَقَالَ: صَلِّ قَائِمًا إِلَّا أَنْ تَخَافَ الْغَرَقَImom Dora Qutniy va Hokim qilgan rivoyatda aytilishicha:«Nabiy alayhissalomdan:«Kemada qanday qilib namoz o‘qiyman?» deb so‘raldi. «Tik turib o‘qi, g‘arq bo‘lishdan qo‘rqsanggina (o‘tirib o‘qi)», dedilar». Bog‘langan kemada to‘g‘ri bo‘lmaydi.  Ya’ni bog‘langan kemada uzrsiz o‘tirib namoz o‘qish to‘g‘ri emas. Chunki odatda bog‘langan kemada bosh aylanmaydi va tik turish qiyin bo‘lmaydi. Illo, uzr bo‘lsa, to‘g‘ri bo‘ladi. Ya’ni bog‘langan holda ham kema qattiq chayqalib turgan bo‘lsa, unda o‘tirib namoz o‘qish to‘g‘ri bo‘ladi. Bir kechayu bir kunduz jinni bo‘lgan yoki hushidan ketgan odam o‘tgan namozlarni qazo qiladi. Ibn Umar, Ammor ibn Yosir va hazrati Ali roziyallohu anhum o‘zlaridan ketganlaridan keyin hushlariga kelganlarida namozni qazo qilib o‘qiganlar. رَوَى الدَّارَقُطْنِيُّ عَنْ يَزِيد مَوْلَى عَمَّارِ بْنِ يَاسِرٍ: أَنَّ عَمَّارَ بْنَ يَاسِرٍ أُغْمِيَ عَلَيْهِ فِي الظُّهْرِ وَالْعَصْرِ وَالْمَغْرِبِ وَالْعِشَاءِ، وَأَفَاقَ نِصْفَ اللَّيْلِ فَقَضَاهُنَّDora Qutniy Ammor ibn Yosirning mavlosi Yaziddan rivoyat qiladi:«Ammor ibn Yosir peshin, asr, shom va xuftonda hushidan ketib yotdi. Yarim kechada o‘ziga keldi va hammasini qazo qildi». Agar bir soat ziyoda bo‘lsa ham, qazo qilmaydi. Bu erdagi «soat» oltmish daqiqani emas, bir oz muddatni bildiradi. Ya’ni mazkur ikki holat bir kechayu bir kunduzdan bir oz o‘tib ketsa, namozlarning qazosini o‘qimay qo‘yaveradi.("Kifoya" kitobidan). 2). Suv zarar qilsa tayammum qilib namoz o‘qisa bo‘ladi. 3). Yuzi va qo‘llariga mash tortsa bo‘ladi. Suv etadigan joylariga to‘liq mash tortishlari shart. Buni siz o‘ylaganchalik qiyin joyi yo‘q. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 14:24 | Savol-javoblar | 204 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar