Lahm go‘sht

Assalamu alaykum! Ustozlar avval ham bu savolni bergan edim. Unda Ustozimiz vafot etgan vaqtlari edi, shu sababmi javob ololmadim. Bir majlisda ilmli kishi “go‘sht sotish uncha halol kasb emas, sotganda ham bir xil sotish kerak, lahmni alohida sotmaslik kerak” dedilar. Ba’zan zarur bo‘lsa qimmatroq narxga lahm sotib olamiz buning hukmi qanday? Noo‘rin savolim uchun oldindan uzr.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida ham sahobalardan bir nechalari qassobchilik bilan shug‘ullanganlar. “Go‘sht sotish o‘zi uncha halol kasb emas” degan gap noto‘g‘ri. U kishi hozirgi qassoblarning tarozidan urib qolishlari, ba’zilarni suyakni oz, ba’zilarga ko‘p qilib berishlari noto‘g‘ri deyishi bor gap. Undaylarning holiga voy. Alloh taolo “Mutoffifin” surasida marhamat qiladi :  وَيْلٌ لِّلْمُطَفِّفِينَ 1. Vayl bo‘lsin o‘lchovdan urib qoluvchilarga.
«Vayl» so‘zining ikki xil ma’nosi bor, biri «Voy bo‘lsin», ikkinchisi esa do‘zaxning nomlaridan biri «Vayl», ya’ni «O‘lchovdan urib qoluvchilarga Vayl do‘zaxi bo‘lsin» deganidir.
Bizningcha, ikki ma’no bir-birini to‘ldirib keladi: «Vayl»ga tushgan odamning holiga voy bo‘ladi, holiga voy bo‘lgan odam «Vayl»ga tushadi.
Demak, Islom o‘zining dastlabki kunlaridan boshlaboq, birovning haqqini haromdan eyishga qarshi qattiq urush ochgan. U o‘lchovdan oz-oz urib qoluvchilarning ham do‘zaxga tushib, holi voy bo‘lishini e’lon qilgan. Qur’oni Karim bu masalani ushbu surai karimadan boshqa suralarda ham ko‘targan. Xususan, Shua’yb alayhissalom qissasida u zotning qavmlarining eng katta aybi o‘lchovda birovning haqidan urib qolish ekani takror-takror ta’kidlangan. Har safar shu haqda so‘z ketganda, Alloh taolo o‘sha qavmni mazkur aybi uchun halok qilgani ham takrorlangan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa o‘z hadisi shariflarida oyati karimalarning ma’nolarini ta’kidlaganlar. Jumladan, imom Hokim va Tobaroniy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zot sollallohu alayhi vasallam: «O‘lchovdan urib qolmaslar. Nabototdan man qilinurlar va qahatchilik ila tutilurlar», – deganlar. Bu «O‘lchovda birovning haqidan urib qolish bilan mashg‘ul bo‘lgan qavmning yurtidan baraka ko‘tarilib, ocharchilikka duchor bo‘lurlar» deganidir.
Birinchi oyatda o‘lchovdan urib qoluvchilarga beriladigan jazo e’lon qilib bo‘linganidan so‘ng, endi keladigan oyatlarda ular mazkur qabih ishni qanday shaklda olib borishlari vasf qilinadi. الَّذِينَ إِذَا اكْتَالُواْ عَلَى النَّاسِ يَسْتَوْفُونَ ۝  وَإِذَا كَالُوهُمْ أَو وَّزَنُوهُمْ يُخْسِرُونَ۝ 2. Ular odamlardan narsa o‘lchab olsalar, to‘liq olarlar.
3. Va agar odamlarga o‘lchab yoki tortib bersalar, kamaytirarlar.
Ha, o‘lchovda urib qoluvchilar asosan olibsotar savdogarlar bo‘ladilar. Ular savdogarliklarini halollik, poklik bilan qilsalar, eng barakali kasbni qilgan bo‘lar edilar, ko‘p foyda topar edilar. Ammo ular ochko‘z, ebto‘ymas shaxslarga aylanib qolganlar. Shuning uchun savdodan tushgan foydani eb, to‘ymasdan, o‘lchovdan ham urib qolib – yalab to‘ymoqchi bo‘ladilar.
Ular kishilardan narsa o‘lchab olayotganlarida zarracha ham kamaytirmasdan, iloji bo‘lsa, bir oz ortig‘i bilan o‘lchab olishga urinadilar. O‘zlari birovga o‘lchab yoki tortib berganlarida esa kamaytirib beradilar. Ana o‘shalar shu yo‘l bilan foyda ko‘rmoqchi bo‘ladilar. Kishilarga sezdirmay, oson yo‘l bilan molu mulk kasb qilmoqchi bo‘ladilar. Ehtimol, ular bu besh kunlik dunyoda qo‘lga tushmay, qilgan jinoyatlarining jazosini tortmay, qutulib ketarlar. Ammo... أَلَا يَظُنُّ أُولَئِكَ أَنَّهُم مَّبْعُوثُونَ 4. Ana shular albatta qayta tiriltirilishlarini o‘ylamaydilarmi?
Qayta tiriltirilganlarida ham... لِيَوْمٍ عَظِيمٍ 5. Buyuk bir Kunda.
Qayta tiriltirilurlar. يَوْمَ يَقُومُ النَّاسُ لِرَبِّ الْعَالَمِينَ 6. U Kunda odamlar olamlar Robbi huzurida tik turarlar.
Ha, barcha xaloyiq albatta qayta tiriltiriladigan kun Ulug‘ Kundir. U kunda odamlar Robbul olamiyn huzurida tik turib, bu dunyoda qilgan zarracha amallari haqida ham hisob-kitob beradilar. Ana shunda bu dunyoda o‘lchovdan urib qolganlar nima qiladilar? «Nima uchun falon kuni o‘lchov paytida Pistonchining haqidan buncha narsani urib qolding?» deb so‘ralsa, nima deb javob berishlarini o‘ylab ko‘rmaydilarmi?! Ana o‘shanda vayl – do‘zaxga tushib, hollariga voy bo‘lishini o‘ylab ko‘rmaydilarmi?!
Yuqoridagi oyatlarda savdoda kishilar haqidan urib qoluvchi firibgarlar haqida so‘z yuritildi. Tarozimi, metrmi yoki boshqacha o‘lchovmi – baribir, ular kishilardan narsa olayotganlarida to‘liq, balki ortiqcha oladilar, ammo xaridorlarga o‘lchab berayotganda kam beradilar. Ular bu ishni qiyomatdan qo‘rqmaganlaridan qiladilar. Shuning uchun ham kelasi oyatlarda ish ular o‘ylaganlaridek emas, balki boshqacha bo‘lishi, har bir narsaning aniq hisob-kitobi borligi bayon qilinadi. كَلَّا إِنَّ كِتَابَ الفُجَّارِ لَفِي سِجِّينٍ 7. Yo‘q! Albatta, fojirlarning kitobi «sijjiyn»dadir.
Yo‘q!!! Unday qilmasinlar! Bu yo‘llaridan qaytsinlar! O‘zlarini o‘nglasinlar! Va bilib olsinlarki, albatta, ular kabi fojirlarning kitobi oxiratda, mazkur odamlar Robbul olamiyn huzurida tik turib, hisob beradigan Ulug‘ Kunda «sijjiyn»da bo‘ladi. وَمَا أَدْرَاكَ مَا سِجِّينٌ 8. «Sijjiyn» ne ekanini senga nima bildirdi?!
Ya’ni «Sen sijjiyn nima ekanini qaerdan ham bilarding. Uning mohiyati shunday kattaki, sen uni idrok eta olmaysan. Bilib qo‘y!» كِتَابٌ مَّرْقُومٌ 9. U yozilgan kitobdir.
«Sijjiyn» lug‘atda «o‘ta tor» degan ma’noni anglatadi. Ushbu oyatning ta’rifidan esa u fojir odamning bu dunyoda qilgan kattayu kichik amallari yozib yurilgan «nomai a’mol» kitobi ekanini bilib olamiz. U kitobda biror narsa, hatto zarra miqdorida bo‘lsa ham, yozilmay qolmaydi. Unga yozilgan narsa esa aslo o‘chirilmaydi. Hammasi to‘laligicha qiyomat kuni bandaning o‘ziga ko‘rsatiladi. Ana o‘shaning asosida banda hisob-kitobga tutiladi. Qiyomat kuni fojirlarning nomai a’mollari «sijjiyn»da bo‘lar ekan. Ularning o‘zlari tor do‘zaxga asfalasofilin bo‘lganlari uchun, ularning kitoblari ham ana shunday vasfga ega bo‘lar, ana shunday joyga qo‘yilar ekan. Bundan barcha kofir, fojir va osiylar kerakli xulosa chiqarib, fursatning borida o‘zlarini o‘nglab olishlari kerak. Qiyomatdan qo‘rqib, unga iymon keltirib, unga tayyorgarlik ko‘rib yashasinlar. U kunni yolg‘onga chiqarsalar bo‘lmaydi. Chunki Alloh taolo qiyomat kunini yolg‘onga chiqaruvchilarga do‘zaxni naqd qilib qo‘yibdi: وَيْلٌ يَوْمَئِذٍ لِّلْمُكَذِّبِينَ 10. O‘sha Kunda yolg‘onga chiqaruvchilarga vayl bo‘lsin!
Ha, Alloh taoloning gapi rost, Qiyomat kunining sodir bo‘lishida, O‘sha kunning albatta bo‘lishida hech qanday shubha yo‘q. Ana o‘sha kunda uni yolg‘onga chiqaruvchilarga vayl do‘zaxi va hollariga voy bo‘ladi. «Ular nimani yolg‘onga chiqaradilar?» deysizmi? الَّذِينَ يُكَذِّبُونَ بِيَوْمِ الدِّينِ 11. Ular jazo mukofot kunini yolg‘onga chiqarurlar.
Ha, ular hammaga qilganiga yarasha jazo beriladigan qiyomat kunini yolg‘onga chiqaradilar, uning bo‘lishiga ishonmaydilar, binobarin, havoyi nafslari ko‘yiga kirib, bu dunyoni fisqu fujur, isyonu gunoh, turli yomonlik va betavfiqliklar bilan o‘tkazgan bo‘ladilar. Zotan, وَمَا يُكَذِّبُ بِهِ إِلَّا كُلُّ مُعْتَدٍ أَثِيمٍ 12. Uni faqat tajovuzkor va sergunohgina yolg‘onga chiqarur.
Ha, qiyomat kunini faqat haddidan oshgan tajovuzkorlargina yolg‘onga chiqaradilar. Ha, qiyomat kunini faqat o‘ta gunohkorlargina yolg‘onga chiqaradilar. Ular Alloh taolo O‘z shariati ila belgilab qo‘ygan haddlardan, chegaralardan chiqishga jur’at etganlaridan, qiyomat kunini ham yolg‘onga chiqaradilar.
Ular o‘ta gunohkor bo‘lib, har bir gunohni tap tortmay qilishga jur’at etganlaridan, qiyomat kunini yolg‘onga chiqarishga ham jur’at etadilar. Unday odamlarning bu holga etishlarining asosiy sababi esa... إِذَا تُتْلَى عَلَيْهِ آيَاتُنَا قَالَ أَسَاطِيرُ الْأَوَّلِينَ 13. Qachon unga oyatlarimiz tilovat qilinsa, «Avvalgilarning afsonalari», – der.
Ularning halokatlarining boshlanishi shu erda. Alloh taolo barchani hidoyatga boshlash uchun O‘z oyatlarini Qur’on sifatida nozil qildi. Ularga Qur’on oyatlari tilovat qilib berildi. Ular Allohning oyatlarini tingladilar. Aslida, Qur’on oyatini tinglaganlaridan keyin unga iymon keltirib, amal qilishlari kerak edi. Mazkur yolg‘onga chiqaruvchilar esa uni «o‘tganlarning afsonasi», deb tuhmat qildilar. Afsona asli yo‘q, xayolda to‘qib olingan safsata, deganidir. Holbuki, Alloh taoloning kalomi hurmat qilinmog‘i, to‘g‘ri baholanmog‘i, unga iymon keltirilmog‘i va dasturulamal qilib olinmog‘i kerak edi. Allohning kalomiga shunchalar hurmatsizlik qilgan nobakor haddan oshishi, o‘ta gunohkor bo‘lishi turgan gap. Oqibat esa ma’lum.
Ha, qiyomat kunini yolg‘onga chiqaruvchilar, ularga Alloh taoloning oyatlari tilovat qilinsa, «Bu o‘tganlarning afsonalari», – deydilar. كَلَّا بَلْ رَانَ عَلَى قُلُوبِهِم مَّا كَانُوا يَكْسِبُونَ 14. Yo‘q! Ularning qilgan kasblari qalblariga mog‘or bo‘lib o‘rnashib qolgandir.("Tafsiri Hilol" kitobidan).
Lahmning o‘zini sotib olishdan shariat qaytarmagan. Qassob boshqadan ortib qolgan suyaklarni go‘sht o‘rniga o‘zgaga o‘tkazishi haromdir. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:06 | Savol-javoblar | 162 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar