Qur’oni Karim etti xil shevada nozil bo‘lganmi?

Assalomu alaykum! Bir do‘stim “Qur’on etti xil shevada nozil bo‘lgan, Jabroil farishta payg‘ambarimizga etti xil o‘qib o‘tkazgan ekan” dedi. Shu to‘g‘rimi? Mishari Roshid tilovatini eshitdim bir surada “avxalaxa” deb o‘qidi yana shu surani boshqa tilovatida “avxelaxa” deb o‘qidi. Javob uchun oldindan samimiy minatdorchiligimni qabul etgaysiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bismillaahir Rohmaanir Rohiim.
Alloh taolo O‘z hikmati ilohiysi ila O‘zining oxirgi kalomini arab tilida nozil qilishni iroda qildi va uni fasohatu balog‘at va boshqa jihatlarda inson zoti qurbi etmaydigan darajada yuksak va oliy etdi. Arablarning kattayu kichigi, olimiyu shoiri ‒ barcha barchasi uning qarshisida tiz cho‘kkancha taslim bo‘lishga majbur bo‘ldi. Uning turli usulda o‘qilishi esa alohida bir mo‘jiza bo‘ldi.
Qur’oni Karim dastavval bir xil suratda nozil etilar va qiroat qilinar edi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlar Madinaga hijrat qilishgach, ko‘plab arab qabilalari Islomga kira boshladi. Ularning ichida qarisi ham, yoshi ham, erkagi ham, ayoli ham, bilimlisi ham, bilimsizi ham bor edi. Shu bois, ularning Qur’on o‘rganishlarida ma’lum qiyinchiliklar ko‘ndalang bo‘lishi tabiiy edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam  Alloh taolodan ular uchun engillik berishini so‘rab iltijo qildilar. U zotning duolari sabab bo‘lib, Alloh taoloning azaliy irodasi yuzaga chiqdi: Qur’oni Karimni bir necha suratda o‘qishga ijozat bo‘ldi.
Qur’oni Karimning mazkur qiroat uslublari Payg‘ambar alayhissalomning qalblariga nozil bo‘lar, u zot oyatlarni o‘zlariga qanday nozil qilingan bo‘lsa, xuddi shu tarzda sahobalarga etkazar, ta’lim berar edilar. Bu jarayon Rasul alayhissalomning sahobalarga oyatlarni o‘qib berishlari bilan ham, ularning qiroatlarini eshitishlari bilan ham amalga oshaverar edi. Bu turlilik o‘sha davrda "harf" deb atalar edi.
Ammo bu, Qur’onning har bir so‘zi bir necha xil o‘qiladi, degani emas. Balki bunda ayrim so‘zlarni ikki­uch xil o‘qish mumkinligi nazarda tutiladi. Misol uchun, «Fotiha» surasidagi «maaliki» kalimasi «maliki» tarzida ham o‘qiladi. Shuningdek, ayrim mad, idg‘om, iqlob kabi qoidalarda ham turlilik mavjud bo‘lib, ba’zi madlar bir necha miqdorda cho‘zilishi, bir qiroatda idg‘om yo iqlob bo‘lmaydigan harflar boshqasida idg‘om yoki iqlob qilinishi mumkin.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, qiroatdagi ushbu turlilik Qur’onning ma’nosiga xalal bermaydi, balki, uning mazmuini yoritib berishi, yanada boyitishi mumkin. Misol uchun, «maaliki» kalimasi «ega» degan ma’noni anglatsa, «maliki» «padshoh» degan mazmunni bildiradi. Tilshunos olimlarning ta’kidlashlaricha, ikkisi ham bir o‘zakdan yasalgan ushbu ikki so‘zning har biri o‘ziga xos ma’no anglatadi: «ega» biror narsaga egadorlikni bildirsa, «podshohlik» o‘sha o‘zi ega bo‘lgan narsani to‘la tasarruf etishni anglatadi. Bu ikki ma’no bir­birini to‘ldirishi natijasida mazkur oyatning mazmuni «U Zot Qiyomat kunining egasi va uning tasarrufini qiluvchi podshohi» degani bo‘ladi. Bunga o‘xshash misollar juda ham ko‘p.
Bu turlilik bir qarashda arab lahjalariga monand kelsada, aslida ularning birortasiga ham to‘la bo‘ysunmaydi, hech bir umumiy qoidaga bosh egmaydi, balki hammasidan ustun turadi. Ammo ularning qaysinisidir qaysidir qabila kishilari uchun boshqasidan oson bo‘lishi mumkin edi. Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’onni kishilarga ta’lim berishda ularning o‘zlariga oson bo‘lgan suratida o‘rgatar edilar. Ba’zi sahobalar bir nechta qiroat turini, ayrimlari deyarli barcha turini o‘zlashtirib borar edi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan keyin sahobai kiromlar o‘zlariga ma’lum bo‘lgan, Rasul alayhissalomdan ta’lim olgan oyatlarni o‘zlari o‘rgangan suratda keyingi avlodga, ya’ni tobeinlarga etkazdilar. Tobeinlar ham o‘z navbatida olgan omonatlarini keyingi avlodga ‒ taba’a tobeinlarga topshirdilar. Mana shu tarzda bu omonat bizgacha og‘izma og‘iz hech bir o‘zgarishsiz etib kelmoqda.
Yana shuni alohida aytib o‘tish lozimki, Qur’onni mazkur ko‘rinishlarda qiroat qilishda hech kim o‘zboshimchalik qilgan emas, balki har biri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bevosita o‘zlarining ta’limlariga asoslangandir. Ulamolar ehtiyot yuzasidan hatto ozchilik rivoyat qilgan, ya’ni mutavotir darajasiga etmagan qiroat turlarini ham qabul qilmaslikka kelishishgan va ularni alohida, ma’lumot ma’nosida naql qilib qoldirishgan.
Tobeinlar va taba’a tobeinlar davrida boshqa ilmlar qatori qiroat, ya’ni Qur’onni tilovat qilish ilmi ham tartibga solina boshladi. Ma’lum qiroat uslubida o‘qish va o‘qitish bilan ayrim qiroat ustozlari dong taratdi. Keyinroq ushbu uslublar o‘sha ustozlar nomiga nisbat beriladigan bo‘ldi. Ulamolar ushbu uslublarni kitobga tushurar ekan, uni o‘rganishni qulaylashtirish maqsadida dastavval ularning eng mashhurlarini o‘sha ustozlar nomiga nisbat bergan holda qayd qildilar. Bu borada yozilgan eng mashhur ilk asarlarda ulardan ettitasi jamlangan edi. Ana shundan etti qiroat tushunchasi kelib chiqdi. Ular shunchalik mashhur bo‘lib, ommalashib ketdiki, boshqa qiroatlar musulmonlar orasidan unutilib ketishi xavfi tug‘ildi. Shunda Muhammad ibn Jazariy rahmatullohi alayhi tomonidan yana uchta qiroatni tartibli ravishda mazkur etti qiroatga ilova qilindi. Shunday qilib, Islom olamida barcha tomonidan tan olingan, mutavotir darajasida naql qilingan o‘nta qiroat mashhur bo‘lib, bugungi kungacha musulmonlar ularni o‘z silsilalari asosida o‘rganib, yodlab, asrab kelmoqdalar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan qiroatlar mana shu o‘n qiroatda o‘z aksini topganini ulamolar ta’kidlaydilar.
Ko‘plab mashhur qorilar o‘sha qiroatlarda Qur’on tilovatini kishilarga etkazib kelgan va hozir ham etkazmoqdalar. Siz esga olgan qiroat shayxlari ham ana shular jumlasidandir. Savolingizga qisqacha javob shundan iborat. Batafsil ma’lumot uchun kerakli manbalarga murojaat qilishingiz mumkin.(“quran.uz” saytidan). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:44 | Savol-javoblar | 141 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar