Majburlash

Assalomu alaykum! "Aqidatut tahoviya sharhining talhiysi" kitobida  Allohga masiyat bo‘lganda boshqaga itoat etish shirkligi to‘g‘risida yozilibdi. "Kifoya" kitobida majburlash to‘g‘risidagi mavzuni ham o‘qiganman. Bugungi kunda soqol qo‘yishni ota-onalar, qarindoshlar va madrasalardagi mudarrislar ham taqiqlashmoqda ekan. Jumladan mening otam va qarindoshlarim ham, lekin kitobdagidek majburlash yo‘q.
1. Masalan bir kishi “dinimning ko‘rsatmasi” deb soqol qo‘ydi. So‘ng uni ota-onasi farzandidan xavotirlanib qaytardi. U esa keyin ota-onasining ra’yi uchun soqolini olib tashladi.
2. Yana boshqa bir talaba “dinimning hukmi, Payg‘ambarim(alayhissalom)ning buyruqlari” deb soqol qo‘ydi va bir muncha vaqtdan so‘ng u o‘qishga kirdi. So‘ng u erda mudarrislari soqolni olishligini buyurdi. Keyin mazkur talaba o‘qishdan, Alloh taoloning buyurgan farz ilmini o‘rganishligidan, haydalishidan qo‘rqib, soqolini qirdi yoki juda kalta qilib oldi. Mazkur holatga qanday fatvo bor.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Siz hech narsaga chalg‘imay qattiq ilm olishga harakat qiling
Alloh taolo “Nahl” surasi 106-108-oyatlarida marhamat qiladi :
106. Kim iymondan so‘ng Allohga kufr keltirsa, – qalbi iymon ila orom topa turib, zo‘rlanganlar bundan mustasno, – kim ko‘ksini kufrga ochsa, bas, ularga Allohdan g‘azab bor. Ularga buyuk azob bor.
Islom dini yangi kelgan davrda Makka kofirlari oz sonli musulmonlarni misli ko‘rilmagan qiynoqlarga, azob-uqubatlarga soldilar. Kofirlarning bu ishlardan ko‘zlagan birdan-bir maqsadlari mo‘minlarni iymondan qaytarib, yana kofir qilish edi. Ammo musulmonlar bu azoblarga sabr qilish bilan insoniyat tarixi sahifalariga oltin harflar bilan yoziladigan namunalar ko‘rsatdilar. Mushriklar buyuk sahoba hazrati Bilol roziyallohu anhuni turli yo‘llar bilan azobladilar. Misol uchun, u kishini shiddatli issiq paytida chalqancha yotqizib, ko‘kslariga kun issig‘ida qizib turgan og‘ir xarsang toshlar qo‘yib, yo dindan qaytishni, yoki shu holatda o‘lib ketishni taklif etdilar. Hazrati Bilol esa «Ahad, Ahad» degan so‘zlarni takrorladilar, xolos.
Shuningdek, boshqa musulmonlar ham qattiq qiynoqlarga chidadilar.
Mushriklar sahobalardan Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va u kishining otalari Yosir roziyallohu anhu hamda onalari Sumayya roziyallohu anholarni ham tutib kelib, dindan qaytarish uchun qattiq azobladilar. Ular azoblarga chidam bilan sabr qilib, iymonlaridan qaytishga ko‘nmadilar. Sumayya roziyallohu anhoning ikki oyoqlarini qoziqqa bog‘lab, avrat joylariga nayza sanchdilar. So‘ngra Ammorning otasi Yosir roziyallohu anhuni ham o‘ldirdilar. Bu ikki ulug‘ inson – eru xotin Islom yo‘lida, iymon uchun birinchi shahidlar bo‘lish sharafiga erishdilar. Ammorning ko‘z o‘ngida ham onasini, ham otasini o‘ldirgan mushriklar uni ham o‘ldirishga qasd qilganlarida, uning og‘zidan kofirlarni rozi etadigan gap chiqdi. Shunda mushriklar uni o‘ldirmadilar. Odamlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
– Ey Allohning Rasuli, Ammor murtad bo‘ldi, – dedilar. Bunga javoban, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– Yo‘q! Ammor boshidan tovonigacha iymonga to‘liqdir. Iymon uning etiga ham, qoniga ham singib ketgandir, – dedilar.
Ammor ibn Yosir roziyallohu anhuning o‘zlari ham yig‘lagan holda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, bo‘lib o‘tgan ishlarni aytib:
– Endi nima bo‘ladi? – deb so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga:
– Qalbingni qanday sezmoqdasan? – dedilar. Ammor roziyallohu anhu:
– Iymonga oromli, – dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
– Agar ular takrorlasalar, sen ham takrorlagin, – dedilar.
Ana shu hodisadan so‘ng Alloh taolo biz o‘rganayotgan mazkur oyati karimani nozil qildi. Undan ko‘rinib turibdiki, iymondan keyin kufrga qaytib, murtad bo‘lish ulkan gunohdir. Kim iymonga kelganidan so‘ng, Allohga kufr keltirsa, ko‘ksini kufrga ochsa, u Allohning g‘azabi va ulkan azobiga duchor bo‘ladi. Faqat bir toifa odamlargina bundan mustasno bo‘ladilar.
«...qalbi iymon ila orom topa turib, zo‘rlanganlar bundan mustasno...»
Ammor ibn Yosir roziyallohu anhuga o‘xshab, qalbi iymonga to‘liq bo‘lgani holda, muhaqqaq o‘limdan qutulish uchungina o‘zini iymondan qaytgan qilib ko‘rsatishsa, joiz. Shuningdek, hazrati Bilol roziyallohu anhu kabi, chidab turaversa ham, joiz.
Islom tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, hazrati Bilol roziyallohu anhuga o‘xshashga intilgan kishilarni ko‘proq ko‘ramiz.
Mashhur tafsirchilardan Ibn Kasir rahmatullohi alayhi sahobalardan biri Abdulloh ibn Huzofa roziyallohu anhu haqlarida quyidagilarni rivoyat qiladilar. U kishi rumliklarga asir tushibdilar. U kishini podshohlari oldiga olib borishibdi. Podshoh unga:
– Nasroniy bo‘l, seni mulkimga sherik qilaman va qizimga uylab qo‘yaman, – debdi. U kishi esa:
– Agar hamma mulkingni va arablarning hamma mulkini bersang ham, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning dinlarini bir lahzaga ham tark qilmayman, – deb javob beribdilar.
– Unda seni o‘ldiraman, – debdi Rum podshohi.
– Bilganingni qil, – debdilar Abdulloh ibn Huzofa roziyallohu anhu.
Shunda podshohning amri bilan u kishi osib qo‘yilib, kamonchilar unga tegar-tegmas holda o‘q otib turishibdi. Podshoh yana sahobiyga nasroniylik dinini taklif etibdi. Qabul qilmaganlaridan keyin osilgan joylaridan qaytarib tushirishibdi. Podshoh katta qozonni qizdirishni amr qilibdi. Qozon rosa qiziganda, bir musulmon asirni olib kelib, unga tashlashgan ekan, asir bir zumda jizg‘anak bo‘lib qolibdi. Podshoh Abdulloh ibn Huzofa roziyallohu anhuga yana nasroniylikni qabul etishni taklif qilibdi. U kishi yana bosh tortibdilar. Shunda podshoh u kishini qozonga tashlashga buyuribdi. Jallodlar u kishini qozonga yaqinlashtirganlarida, yig‘labdilar. Podshoh, endi qabul etsa kerak, deb umid qilib, huzuriga chaqirib, nimaga yig‘layotganlarini so‘rabdi. U kishi roziyallohu anhu:
– Allohning yo‘lida qozonga tashlanayotgan jonim bittagina bo‘lganidan, tanamdagi tukim sonicha bo‘lmaganidan yig‘lamoqdaman, – degan ekanlar.
Musaylamatul Kazzob o‘z qo‘liga tushgan Habib ibn Zayd roziyallohu anhuga:
– Muhammad Allohning Rasuli, deb guvohlik berasanmi? – dedi.
– Guvohlik beraman, – dedi Habib ibn Zayd roziyallohu anhu.
– Mening Allohning rasuli ekanimga guvohlik berasanmi? – dedi Musaylamatul Kazzob.
– Eshitmayapman, – dedi Habib ibn Zayd roziyallohu anhu.
Musaylamatul Kazzob uning etidan bir parcha kesib turib, yana so‘radi. U yana:
– Eshitmayapman, – dedi. Musaylamatul Kazzob uning tanasidan parcha-parcha qilib kesaverdi. Habib ibn Zayd roziyallohu anhu o‘lgunicha sobit turaverdi.
Ulamolarimiz: «Musulmon odam uchun dinu diyonat, iymon yo‘lida kofirlarning azobiga chidash aziymatdir, asl hukmdir; qalbi iymonga to‘la turib, jonni saqlash uchun tili bilan gap aytib, qutulish ruxsatdir», – deydilar
Keyingi oyatlarda esa o‘sha, iymondan so‘ng Allohga kufr keltirgan murtadlarga tegishli boshqa gaplar aytiladi:
107. Bu ularning dunyo hayotini oxiratdan ustun qo‘yganlari va albatta, Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmasligi sababidandir.
Ya’ni o‘sha murtadlarga dunyo hayotini oxiratdan yuqori qo‘yib, iymonni tark etib, kufrga qaytganlari uchun azoblar beriladi.
«…albatta, Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmasligi...»
O‘sha murtadlar hidoyatdan mahrum qilish bilan ham jazolanadilar.
 
108. Ana o‘shalarning qalblari, quloqlari va ko‘zlariga Alloh tamg‘a bosgandir. Ana o‘shalar g‘ofillardir.
Ya’ni ular g‘aflat bosgan bandalardir. Ular biron narsani ibrat ko‘zi bilan ko‘rib, ibrat qulog‘i bilan eshitib, ibrat qalbi ila idrok eta olmaydilar. Alloh ularning qalb, quloq va ko‘zlariga muhr bosib, jazolagandir.("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:51 | Savol-javoblar | 215 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar