Sunnati mashru’a haqida

Assalamu alaykum! Har dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutish sunnat deb odamlar ro‘za tutishadi. Hadislarda payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning har xafta dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutgani aytilganmi yoki bir xafta dushanba tutsa ikkinchi xafta payshanba kunlari ro‘za tutganlari aytilganmi yoki buning aksimi? Bu sunnat amali shariatimiz tomonidan mandub sunnat hisoblanadimi yoki mustahab sunnatmi? Savoldagi xato va kamchiliklar uchun uzr so‘rayman. Javobingiz uchun kattadan katta rahmat.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! - وَانْطَلَقَ أُسَامَةُ بْنُ زَيْدٍ  إِلَى وَادِي الْقُرَى فِي طَلَبِ مَالٍ لَهُ، فَكَانَ يَصُومُ يَوْمَ الْاِثْنَيْنِ وَيَوْمَ الْخَمِيسِ، فَقَالَ لَهُ مَوْلَاهُ: لِمَ تَصُومُ يَوْمَ الْاِثْنَيْنِ وَالْخَمِيسِ وَأَنْتَ شَيْخٌ كَبِيرٌ؟ فَقَالَ: إِنَّ نَبِيَّ اللهِ  كَانَ يَصُومُهُمَا، وَسُئِلَ عَنْ ذَلِكَ فَقَالَ: إِنَّ أَعْمَالَ الْعِبَادِ تُعْرَضُ يَوْمَ الْاِثْنَيْنِ وَيَوْمَ الْخَمِيسِ فَأُحِبُّ أَنْ يُعْرَضَ عَمَلِي وَأَنَا صَائِمٌ. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ.

1335. «Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu o‘z molining talabida Vodiy al-Quro tomon jo‘nadi. U dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutar edi. Xodimi unga:
«Nima uchun qari chol bo‘la turib, dushanba va payshanba kunlari ro‘zasini tutasiz?» dedi.
«Allohning Nabiysi bu ikki kunning ro‘zasini tutar edilar. Bu haqda so‘ralganlarida:
«Albatta, bandalarning amallari dushanba va payshanba kunlari taqdim qilinadi. Amalim taqdim qilinganda ro‘zador holda bo‘lishni yaxshi ko‘raman», dedilar», dedi».
«Sunan» egalari rivoyat qilganlar.
Sharh: Avvalo hadisi sharifning roviysi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mahbublari Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu bilan yaqindan tanishib olaylik:
Usoma ibn Zayd ibn Horisa ibn Shurahbil al-Kalbiy, kunyalari Abu Muhammad. Onalari Ummu Ayman, ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning murabbiyalari.
Bu zot ulug‘ sahobalardan bo‘lib, Makkada tavallud topdilar. Islomda o‘sdilar. Chunki otasi Islomga avvalgi kirgan zotlardan edilar. Rasululloh Usomani xuddi nevaralari Hasan va Husaynlarni yaxshi ko‘rgandek qattiq yaxshi ko‘rar edilar. Usoma Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Madinaga hijrat qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida Usomaning yoshlari hali yigirmadan oshmagan edi. Rasululloh alayhissalom hayotlik paytlarida Usomani askarlar ustidan qo‘mondon qilib tayinlagan edilar. Abu Bakr va Umar roziyallohu anhularning xalifalik davrlarida ham u zot mana shu amalda o‘tirdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan so‘ng Vodiy al-Quroga ko‘chib, mana shu erda istiqomat qildilar. So‘ngra Damashqqa ko‘chib o‘tdilar. So‘ng yana Madinaga ko‘chib, vafotlariga qadar mana shu erda yashadilar.
Hammasi bo‘lib, 128ta hadis rivoyat qildilar. Bu hadislarni otalari, onalari va Ummu Salama onalarimizdan rivoyat qildilar.
Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu hijratning 54-yili Muoviyaning xalifalik davrida vafot etdilar.
Vodiy al-Quro Madinai munavvara bilan Shom orasidagi bir vodiy bo‘lib, u erda Madina ahlining molu mulklari bo‘lar edi.
Ulug‘ sahobiy Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu o‘z xizmatchilarining «Nima uchun qarib qolsangiz ham dushanba va payshanba kunlari qiynalib, ro‘za tutasiz?» degan savoliga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘sha kunlar ro‘zasini tutganlari uchun tutishlarini aytdilar.
Ha, sahobai kiromlar uchun, chin musulmonlar uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga har bir narsada ergashish katta baxt va shonu sharaf edi. Ular kattayu kichik ishlarini o‘z habib Payg‘ambarlari Muhammad ibn Abdulloh sollallohu alayhi vasallamning sunnati saniyalariga moslab qilishga harakat etganlar. Sunnatga xilof ish qilishni zalolat deb bilganlar.
Qolaversa, Usoma ibn Zayd roziyallohu anhuga u kishining xodimlari bergan savolni ba’zi sahobalar ham Nabiy sollallohu alayhi vasallamga berib, nima uchun dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutish afzal ko‘rilishini bilishga qiziqqanlar.
Javob bitta – hadisda zikr qilinganidek, har dushanba va payshanba kunlari bandalarning qilgan amallari Alloh taolo huzurida arz qilinar ekan.
Albatta, o‘sha arz qilinadigan amallarning qabul bo‘ladigani bor, qabul bo‘lmaydigani bor. Arz paytida amalning egasi ro‘za tutgan holida Alloh taologa iltijo qilib tursa, uning sababidan ko‘proq amali qabul bo‘lishi mumkin ekan.
Shuning uchun har dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutishga harakat qilinadi. Ro‘zaning ushbu rivoyatda zikr qilinayotgan hikmatidan tashqari taqvo, mehr, sabr va sog‘liqqa tegishli va boshqa hikmatlari ham borki, uni unutmasligimiz kerak.

1336- وَقَالَتْ أُمُّ سَلَمَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا :كَانَ رَسُولُ اللهِ  يَأْمُرُنِي أَنْ أَصُومَ ثَلَاثَةَ أَيَّامٍ مِنْ كُلِّ شَهْرٍ أَوَّلُهَا الْاثْنَيْنِ وَالْخَمِيسِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ.

1336. «Ummu Salama roziyallohu anho:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga har oydan uch kun ro‘za tutmog‘imni, ularning birinchisi dushanba va payshanba bo‘lishini amr qilar edilar», dedilar».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu rivoyatda ham dushanba va payshanba kunlari ro‘zasiga targ‘ib borligi ko‘rinib turibdi.

1337- قَالَتْ عَائِشَةُ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا: كَانَ النَّبِيُّ  يَصُومُ مِنَ الشَّهْرِ السَّبْتَ وَالْأَحَدَ وَالْاِثْنَيْنِ، وَمِنَ الشَّهْرِ الْآخَرِ الثُّلَاثَاءَ وَالْأَرْبِعَاءَ وَالْخَمِيسَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَحَسَّنَهُ.

1337. «Oisha roziyallohu anho:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir oydan shanba, yakshanba va dushanba kuni, boshqa oydan esa seshanba, chorshanba va payshanba kuni ro‘za tutar edilar», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan va hasan, degan.
Sharh: Bu rivoyatda ham oldingi rivoyatlardagi ma’no ta’kidlanmoqda. Islom ummatidagi solih kishilar dushanba va payshanba kunlari ro‘zasini doimo tutib kelganlar va tutmoqdalar. Alloh taolodan bizni ham ana shu solihlar qatorida qilishini so‘rab, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga binoan, ushbu ikki kunning ro‘zasini tutishda bardavom bo‘laylik. (“Hadis va Hayot”).

Usuli fiqh” kitobidan javob topasiz. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:05 | Savol-javoblar | 185 | Ro‘za
|
Boshqa savol-javoblar