Ayrim mashoyixlarning fikrlari haqida

Assalomu alaykum! Qadrli "Zikr ahlidan so‘rang" hay’ati a’zolari sizlarga bir savol bilan murojaat qilishga izn bergaysiz. Yaqinda bir adabiyotshunos olimlarimizdan birlarining tasavvuf adabiyotiga oid kitoblarida o‘qib qoldimki mashoyixlarimiz aytishgan ekan : Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratgandan so‘ng unga O‘z ruhidan jon puflagan. Ana shu ruh bilan Odamga Allohga bo‘lgan cheksiz ishq muhabbat ham o‘tgan ekan. Allohning haqiqiy orif bandalari mana shuning uchun hijron azobida yashar ekanlar. Ularning aytishiga qaraganda inson bir kun kelib Allohga butkul qo‘shilib singib ketar emish. Iqtibos tugadi. Bu qarashlar qanchalik dinimiz, aqidamiz va tasavvufimizga to‘g‘ri keladi? Chunki o‘ylashim bo‘yicha bunday qarashlar ayrim insonlarni chalg‘itib ham qo‘yishi mumkinku. Yana tasavvuf adabiyotiga oid ilmiy kitoblarda o‘qidimki so‘fiylarning qarashlariga nasroniylik, buddaviylik, yahudiylik dinlarining hamda yunon falsafasining ham ta’siri bor emish. Javobingiz uchun oldindan rahmat.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! “inson bir kun kelib Allohga butkul qo‘shilib singib ketar emish” bu so‘zning zohiri va bunday e’tiqodda bo‘lish kufr sanaladi. Tasavvufni to‘g‘ri anglamaganlar nazdida g‘uluga ketishlar juda ko‘p. Buzg‘unchi toifalar Qur’onga o‘zgartirish kiritishdan noumid bo‘lganlaridan keyin diniy adabiyotlarni o‘zgartirib, uni buzib ko‘rsatishga qattiq uringanlar. Xususan tasavvufga oid adabiyotlarga dindan bo‘lmagan tushunchalar ko‘p kiritilgan. Shuning uchun tasavvufga oid ta’limotlarni Shoh Valiyulloh rohimahulloh ayiganlaridek tariqatni bizgacha sahih, mustafiz yo‘llar orqali etib kelgan mashoyixlardan olish kerak. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:24 | Savol-javoblar | 149 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar