Kuni uzun o‘lkalarda namoz vaqti

Assalomu alaykum! Biz Rossiyaning Chelyabinsk shahrida ishlaymiz. Namozlarimizni shu shaharning diniy idoralarida (hanafiy mazhabi) chiqarilgan vaqtlarda o‘qiymiz. Boidod-2:35, quyosh-4:15, peshin-13:20, asr 19:58, shom 21-:38, xufton -23:18da. Shu berilgan vaqtlarda asrning vaqti kirganda ya’ni 19:58 da soya o‘ziga besh barobar bo‘lmoqda. Biz ushbu saytlarda o‘qiganmiz asrning vaqti soya o‘ziga ikki barobar bo‘lganda kiradi. Bu erdagi imomlar “hamma namozini shu vaqtlarda o‘qiydi” deyishdi. Iltimos shu masalaga oydinlik kiritib bersangizlar.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Jabroil alayhissalom menga Baytning (Baytullohning) oldida ikki marta imomlik qildi. Bas, ulardan birinchisida peshinni soya kavushning tasmasicha bo‘lganda o‘qidi. So‘ngra asrni har bir narsaning soyasi o‘z mislicha bo‘lganda o‘qidi. So‘ngra shomni quyosh botib, ro‘zador iftor qiladigan paytda o‘qidi. So‘ngra xuftonni shafaq g‘oyib bo‘lganda o‘qidi. So‘ngra bomdodni fajr yaraqlab, ro‘zadorga taom harom bo‘ladigan vaqtda o‘qidi.
Ikkinchi martada peshinni har bir narsaning soyasi o‘z mislicha bo‘lganda, kechagi asr vaqtida o‘qidi. So‘ngra asrni har bir narsaning soyasi o‘ziga ikki barobar bo‘lganda o‘qidi. So‘ngra shomni birinchi o‘qigan vaqtida o‘qidi. So‘ngra xuftonni kechaning uchdan biri ketganda o‘qidi. So‘ngra bomdodni er yorishib ko‘ringanda o‘qidi. So‘ngra Jabroil menga o‘girilib qaradi-da:
«Ey Muhammad, mana shu sendan oldingi anbiyolarning vaqtidir. Vaqt ushbu ikki vaqtning orasidir», dedi», dedilar».
Termiziy va uning ikki sohibi rivoyat qilishgan.
Shariatimizda namoz vaqtlari shulardan iborat. Shu vaqt kirishi bilan namoz o‘qish joiz bo‘ladi. Qaysidir mamlakat ommaning holatini hisobga olib namoz vaqtlarini belgilashi boshqa narsadir. Masalan bizda peshinni qishda ham yozda ham soat birda o‘qiladi. Holbuki qishda o‘n ikki yarimlarda vaqt kirgan bo‘ladi. Bu ommaning halatidan kelib chiqib belgilangan. Namozning vaqti kirishi bilan o‘qish Alloh taoloning haqqidir. O‘zlariga malol kelmaydigan, qiynalmaydigan vaqtlarda o‘qish bandaning haqqidir. Alloh taolo karim, banda ojiz bo‘lganiligi tufayli Alloh taolo bandalarga oson bo‘lgan vaqtlarda o‘qishni mustahab qilgan. Masalan bamdod vaqti subhi sodiq kirishi bilan boshlanadi. Lekin Alloh taolo bandalarning uyqudan turishlari kabi holatlaridan kelib chiqib, jamoat bilan tong yorishganda o‘qishlarini mustahab qilgan. Yozning issiq kunlarida kunni sovutib o‘qish mustahab. Ayollar jamoat bo‘lmaganlari uchun ularga har bir namozni vaqti kirishlari bilan o‘qishlari mustahabdir. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:25 | Savol-javoblar | 165 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar