Ayollarning jamoat namozlari

Assalamu alaykum! Hurmatli ilm ahllari! Allohdan sizga madad tilab, O‘z himoyasi ostida saqlashini so‘rayman! Savolim quyidagicha: "Islomiy testlar" sahifasida test ishlaganimda bir savolga javoban "Ayollarning yolg‘iz o‘zlari namozlarini jamoat bo‘lib o‘qishlari makruhi taxrimiy, ya’ni haromga yaqin makruh" deyilgan javobni ko‘rdim. Sizdan iltimos qilaman shu javobni tushuntirib bersangiz. Chunki Allohga hamd bo‘lsin ko‘p yillardan beri men “Qadr” kechasida yillik qilgan xatmlarimni jamlab bag‘ishlayman. Meni o‘tirishimga (Qadr kechasida) qarindoshlarim, opa-singillarim, kelinlarim ham qo‘shilishgan. Hammamiz Qur’on o‘qiymiz, zikr qilamiz, men Alloh qodir qilganicha amru-ma’ruf, nahiy-munkar qilaman, o‘rgataman, hamda jamoat bo‘lib namoz o‘qirdik. Tarovehlarni ham ko‘pchilik bilan iftorlik qilgan kunlarimiz jamoat bo‘lib o‘qirdik. Endi bu ishimiz nima bo‘ladi? Biz shuncha vaqt haromga yaqin ish qilib qo‘ydikmi? Ramazon oylari yaqinlashmoqda. Men nima qilay endi? Maslahatingizga muhtojman. Katta rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo yaxshi amallaringizni ziyoda qilib, siz kabi opa-singillarimizning adadini ko‘paytirsin. Alloh tavbalarni qabul qiluvchidir. Ayollarning jamoat bo‘lib, birlari imom bo‘lib namoz o‘qishlari shariatimizda makruh taxrimiydir. Bundan saqlanish kerak. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:35 | Savol-javoblar | 183 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar