Dasturxon egalari

Assalomu alaykum! Do‘zaxning tubida Fir’avn, munofiqlar va dasturxon egalari azoblanadi deyishadi. Shu dasturxon egalari haqida  ma’lumot bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Moida” surasida marhamat qiladi: قَالُواْ نُرِيدُ أَن نَّأْكُلَ مِنْهَا وَتَطْمَئِنَّ قُلُوبُنَا وَنَعْلَمَ أَن قَدْ صَدَقْتَنَا وَنَكُونَ عَلَيْهَا مِنَ الشَّاهِدِينَ 113. Ular: «Undan eyishni, qalblarimiz xotirjam bo‘lishini, bizga rost gapirganingni bilishni va unga guvohlik beruvchilardan bo‘lishni istarmiz», – dedilar. Havoriylarning «Alloh osmondan bizga yasatilgan dasturxon tushirib bersin», deb qilayotgan talablarining bir necha sabablari bor ekan. Birinchisi – undan eb ko‘rmoqchilar. Ehtimol, taomga hojatlari bor. Ehtimol, payg‘ambarga yaqin kishilar sifatida alohida hurmatga sazovor bo‘lmoqchilar. Ehtimol, tabarruk uchun qilmoqchilar. Ikkinchidan, qalblarini taskin toptirmoqchilar. Iymonga kelganlar-u, ammo qalblari yana ham taskin topishini istaydilar. Buning uchun o‘zlari ergashgan payg‘ambarning so‘roviga binoan, o‘zlari iymon keltirgan Alloh tomonidan bir mo‘’jizaning bo‘lishini xohlaydilar. Uchinchidan, payg‘ambar ularga rost gapirganini bilishni istaydilar. Iyso «Allohning payg‘ambariman», demoqda, agar gapi rost bo‘lsa, u o‘ziga xos uslub bilan bu da’voni isbot qilishi kerak bo‘ladi. Eng yaxshi isbot – mo‘’jiza ko‘rsatishdir. O‘sha mo‘’jizani ko‘rsatsa, rost gapirgan hisoblanadi. To‘rtinchidan, havoriylar o‘sha mo‘’jiza sodir bo‘lganiga guvoh bo‘lmoqchilar. Ular Iyso alayhissalomga yaqin kishilar sifatida boshqa kishilar tomonidan turli savollarga tutilishlari turgan gap. Eng ko‘p bo‘ladigan savol, albatta, «U zotning payg‘ambarligini qanday isbotlaysiz?» qabilida bo‘ladi. Ana o‘shanda ko‘rsatilgan mo‘’jizaning guvohi bo‘lganliklarini aytmoqchilar. Yoki bevosita savolsiz ham da’vat chog‘ida, shubhachilarning shubhasini qaytarish paytida bu guvohliklarini aytishlari mumkin. Havoriylar mana shu e’tiborlar ila osmondan yasatilgan dasturxon tushirilishini so‘radilar. Shunda Iyso alayhissalom Parvardigori Olamga murojaat etib, duo qildilar: قَالَ عِيسَى ابْنُ مَرْيَمَ اللَّهُمَّ رَبَّنَا أَنزِلْ عَلَيْنَا مَآئِدَةً مِّنَ السَّمَاء تَكُونُ لَنَا عِيداً لِّأَوَّلِنَا وَآخِرِنَا وَآيَةً مِّنكَ وَارْزُقْنَا وَأَنتَ خَيْرُ الرَّازِقِينَ 114. Iyso ibn Maryam: «Allohim! Robbimiz! Bizga osmondan yasatilgan dasturxon tushirginki, avvalimizgayu oxirimizga bayram va Sendan mo‘’jiza bo‘lib qolsin. Va bizni rizqlantirgin, zotan, O‘zing eng yaxshi rizqlantiruvchisan», – dedi. Ushbu duoda Iyso alayhissalom payg‘ambarlik odobi ila o‘z Ilohi va Robbi – Alloh taologa o‘zlarining bandaliklarini, Unga hojatmand ekanliklarini bildirib, xokisorlik ila nido qilmoqdalar. U kishi Alloh taolodan osmondan dasturxon tushirishni, tushirganda ham, uni xayr-baraka va xursandchilik boisi – bayramga sabab bo‘ladigan qilib tushirishini so‘rab, duo qilmoqdalar. Shu bilan birga, bu dasturxon Alloh tomonidan mo‘’jiza bo‘lib qolishini ham so‘ramoqdalar. Mo‘’jiza sifatida tushirilgan dasturxon rizq bo‘lib qolishini ham istamoqdalar. Alloh taolo payg‘ambari Iyso alayhissalomning bu duolarini ijobatga oldi va quyidagi javobni qildi: قَالَ اللّهُ إِنِّي مُنَزِّلُهَا عَلَيْكُمْ فَمَن يَكْفُرْ بَعْدُ مِنكُمْ فَإِنِّي أُعَذِّبُهُ عَذَابًا لاَّ أُعَذِّبُهُ أَحَدًا مِّنَ الْعَالَمِينَ 115. Alloh: «Albatta, Men uni sizlarga tushiruvchiman. Bas, keyin sizlardan kim kufr keltirsa, albatta, Men uni shunday azoblaymanki, olamlarda hech kimni unday azoblamagayman», – dedi. Haq taolo O‘zining jaloliga – ulug‘vorligiga yarasha javob berib: «Albatta, men uni sizlarga tushiruvchiman», – dedi. Ulamolarimiz moida – dasturxon haqida Qur’oni Karimda boshqa hech qanday ma’lumot yo‘q bo‘lishiga qaramay, xuddi shu jumlaning o‘ziga tayanib: «Dasturxon tushgan, chunki Allohning va’dasi haqdir», – deydilar. Alloh taolo dasturxon tushirish haqidagi so‘rovni ijobat qilish bilan birga, O‘zining doimiy odatini ham esga solmoqda. U odat mo‘’jiza talab qilgan qavm mo‘’jiza kelganidan keyin ham kufr keltirsa, uni qattiq azobga duchor qilishdir. Bu azob ham bu dunyoda, ham u dunyoda bo‘ladi: «Bas, keyin sizlardan kim kufr keltirsa, albatta, Men uni shunday azoblaymanki, olamlarda hech kimni unday azoblamagayman», – dedi».(“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 18:16 | Savol-javoblar | 201 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar