Tarmoqli marketing

Assalomu alaykum! Rejalashtirgan barcha xayrli ishlaringizga Alloh taolo barakot bersin. Savolim “Gano Excel” haqida. Mani bir jiyanim shu kompaniya faoliyati bilan shug‘ullanib keladi. Yaqinda kompaniya mutaxasisi bilan birga keldi. U menga “bizni faoliyatimiz xalolligi haqida fatvo berilgan” deb aytdi. Man undan fatvoni kim berganini so‘raganimda “O‘zbekiston musulmonlar idorasi, Anvar qori Tursunov shogirdlarini yuborib faoliyat bilan tanishib fatvo berdilar” deb aytdi.  Sizlardan shu narsaga aniklik kiritib berishlaringizni so‘rab iltimos qilaman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Biz bir yil oldin aynan tarmoqli marketing tizimida faoliyat olib boruvchilar haqida dunyo ulamolarining “Joiz emas, harom” degan fatvosini javob tariqasida etkazganmiz. “Robitai Islom uyushmasi”, “Butun dunyo ulamolari ittifoqi uyushmasi” va “Islomiy banklar uyushmasi” a’zosi va tashkilotchilaridan bo‘lgan Muhammad Taqiy Usmoniy hafizaholloh ham o‘zlarining “Fiqhul buyu’” asarlarida “Tarmoqli marketing tizimida savdo qilish, unga a’zo bo‘lish shar’an man qilingan. Tajriba bo‘yicha ko‘p hollarda ularning mahsulotlari arzimas narsalar bo‘lib, juda qimmat narxga sotiladi. Holbuki ular sotiladigan boshqa bozor ham yo‘q. Odamlar ularning mahsulotini tizimga a’zo bo‘lib, katta pul topish maqsadida sotib oladilar. Avvalida bu tizim hech qanday mahsulotsiz faoliyat olib borgan. Ya’ni odamlardan mablag‘ olish evaziga ularga biletlar tarqatishgan. Biletni olgan kishilar tizimga a’zo bo‘lishgan va bilet sotib olishga boshqa mijozlarni ham jalb qilishga kirishishgan. Shu orqali muayyan adadga etgan haridorlarni topgani uchun mablag‘ga ega bo‘lishgan. Bu ochiq-oydin qimor edi va “piramida yo‘li” deb nomlanar edi. Ba’zi davlatlar “Bu qaroqchilik qilib odamlarni mollarini olish” sifatida man qilganlaridan keyin odamlarni chalg‘itish maqsadida (garmon kabi tez ta’sir qiladigan) ba’zi bir mahsulotlarni bilet o‘rniga o‘rtaga kiritishgan va narxini ham qimmat qilib belgilashgan. So‘ng nomini ham “Tarmoqli marketing” deb nomlashgan. Maqsad piramida tizimidagi narsaning ayni o‘zi. Dunyoni ko‘plab mamlakatlarda undaylarni faoliyatiga ta’qiq qo‘yilgan. Garchi(ularni qallobligidan bexabar) ba’zi bir mamlakatlar ta’qiqlamagan bo‘lsalar ham. Bunday tarzda faoliyat yuritish shar’an man qilingan” deb yozganlar. Bundan tashqari ko‘zga ko‘ringan ko‘plab Islom ulamolari bu tizimni nojoiz deb fatvo berishgan. Joiz deb fatvo bergan kim va qanchalik ilmga egaligidan bizning xabarimiz yo‘q. Quyidagi linkda berilgan maqolani o‘qing. Vallohu a’lam! https://info.islom.uz/iqtisod/item/23-tarmoqli-marketingdagi-10-khil-jolgon.html

20 Aprel 2022, 20:06 | Savol-javoblar | 205 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar