Iltimos, ukamga nasihat qilsangiz

Ukamning uylanganiga 1 yil bo‘ldi. Qiz bilan uchrashib, ko‘rib, yoqtirib olgan. Barcha muammolarga nazarimda birinchi kechada kelindan belgi kelmaganligi (jumada tug‘ilgan ekan) sabab bo‘ldi. Lekin ukamga 3 ta ginekologlarning "bu bokira" degan xulosasini olib keldim. Onam ishondilar, lekin ukam shubha qildiyu, gumoni guvohsiz bo‘lgani uchun yashayverdi. Boshida 3-4oy yaxshi yashashdi, keyin esa ukamning kelinga nisbatan munosabati sovuq va dag‘allasha boshladi va bekordan bekor qo‘pollik qilib zulm qilib kelyapti. Ukam umuman kelinga yaqinlashmay qo‘ydi. Hozir ukam qat’iy “xotinimni ko‘rgani ko‘zim yo‘q, ajrashaman” deb turib olgan. Men kelinga “sabr qiling, bu ham Allohning sinovii, uyga keta ko‘rmang” deb, mana 7 oydan buyon olib o‘tiribman. Ukam va kelin ibodatda, faqat diniy ilmdan yiroq. Ukamni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun hadis va oyatlar bilan masalalar keltirib bering iltimos. Javobingizni ko‘rsatib qo‘ymoqchiman, shoyad shu bilan noto‘g‘ri ish qilayotganini tushinib etsa.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Ochiq oydin dalil bo‘lmasa birovni zinokorlikda gumon qilish katta gunoh bo‘ladi. Xususan mutaxassislar ta’kidlab turgan bo‘lsa. Bu bir odamning gumon asosida umrini zoe qilish bo‘ladi. Buning javobgarligini o‘ylash kerak. Buni Nur surasida bayoni kelgan: 4. Pokiza ayollarga (bo‘hton) toshi otib, so‘ngra to‘rtta guvoh keltira olmaganlarni sakson darra uringlar va ularning guvohligini abadiy qabul qilmanglar. Ana o‘shalar fosiqlardir. 5. Bundan keyin tavba qilib, o‘zini isloh qilganlar mustasnodir. Zero, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir. Jamiyatda o‘ziga yarasha tartib-intizom, o‘zaro hurmat, har bir odamning qadr-qimmati, or-nomusi himoyalangan bo‘lishi lozim. Og‘ziga kuchi etmagan vaysaqilarning har turli gap-so‘zlar tarqatib, odamlarning obro‘sini to‘kaverishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Ayniqsa, zinoga oid gaplar birovning obro‘sini to‘kish bilan birga, jamiyatda nopok, fahsh kayfiyatni tug‘diradi. Bo‘lmag‘ur kishilarning uyat gaplar tarqatishi, xususan, yoshlar tarbiyasining buzilishiga sabab bo‘ladi. Ana shunday vaysaqilarning tili tiyib qo‘yilmasa, ular birga o‘nni qo‘shib, turli gaplarni tarqataveradilar va shaxslarga ham, jamiyatga ham katta zarar etkazadilar. Shuning uchun shariatning hukmi bo‘yicha, birovni zinoda ayblagan odamdan bu ayblovning rostligiga to‘rtta guvoh keltirish talab qilinadi. Agar to‘rtta guvoh keltira olmasa, ko‘pchilik ichida bo‘hton qilganlikda ayblanib, sakson darra uriladi. Buning ustiga, u Islom jamiyatida ishonchsiz kishiga aylanib, guvohligi qabul qilinmay qo‘yadi. Bu esa o‘zini bilgan kishi uchun odamgarchilikdan chiqish bilan barobardir. Qur’oni Karim bo‘htonchini «fosiq», ya’ni «Allohning amridan chiqqan odam» deb vasf qilmoqda, bu ham juda yomon sifatdir. Endi bunday odam faqat ixlos bilan tavba qilgandagina va o‘zini butunlay tuzatgandagina fosiqlikdan chiqishi mumkin. Shunda uning guvohligi yana qabul qilinadigan bo‘ladi. Demak, faqat tavba qilishi kifoya emas. Balki, shu bilan birga, o‘zini o‘nglaganini jamiyat a’zolariga amalda ko‘rsatishi ham zarur. Buning uchun pokiza odamni qaerda, kimlarning oldida, qanday qilib zinoda ayblagan bo‘lsa, o‘sha erda, o‘sha odamlarning oldida, o‘shanday qilib poklaydi va o‘zini qoralaydi. So‘ngra tavba qiladi. Jamiyat uni bir yil davomida kuzatadi. Shu muddat ichida haqiqatan o‘zini tuzatib, shariatga xilof ishlarni qilmasa, undan fosiq nomi olinadi va guvohligi qabul qilinadigan bo‘ladi. Shuning uchun zinoni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlar soni to‘rt kishiga etmasa, jim yurishlari lozim. Agar guvohlar to‘rt kishiga etsa, bu xabarni odamlar ichida gapirib yurmasdan, hukumatga etkazish va zinokorni jazoga tortish chorasini ko‘rishlari kerak. Ana shunda ular to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘ladilar. Oyati karimada: «Pokiza ayollarga (bo‘hton) toshi otib, so‘ngra to‘rtta guvoh keltira olmaganlarni sakson darra uringlar», – deyilmoqda. Odatda, ayollarni zinoda ayblash ko‘proq bo‘lgani uchun ular zikr qilinmoqda, lekin erkaklarni zinoda ayblaganlardan ham to‘rtta guvoh keltirish talab qilinadi, keltira olmasalar, jazoga tortiladilar. Oyatda «(bo‘hton) toshi otib» deyilmoqda, ya’ni yomon so‘z aytish tosh otishga o‘xshatilmoqda. Bu ham birovni zinoda ayblash naqadar yomon ish ekanini ko‘rsatadi. So‘ngra ayblovchi gapining rostligini tasdiqlash uchun to‘rtta guvoh keltirishi shart ekani ta’kidlanmoqda. Shariat hukmi bo‘yicha, to‘rtta guvoh keltirish faqat zinodagina talab qilinadi. Boshqa ishlarda bitta yoki ikkita guvoh kifoya qiladi. Boshqa holatlarda bo‘lgani kabi, bunda ham guvohlar tekshirib ko‘riladi, ular odil bo‘lmoqlari, shariat ishlariga xilof qilmagan bo‘lishlari shart qilib qo‘yiladi. Birovni zinoda ayblashni shar’iy istilohda «qazf» deyiladi. Demak, bu oyatda gap qazf haqida ketmoqda. Boshqa xususda emas. Misol uchun, o‘g‘rilik, aroqxo‘rlik yoki shariat harom qilgan boshqa ishlar sodir etishda ayblov tushadigan bo‘lsa, ayblovchi o‘z gapini tasdiqlab bera olmasa, hukumat unga nisbatan o‘zi bilib jazo qo‘llaydi. Ammo zinoda ayblash bo‘lganda, ushbu oyatning hukmiga amal qilish shart. Oyati karimadan «Erkak kishi ayol kishini zinoda ayblab, unga bo‘hton toshi otsa, qazf sodir bo‘ladi» degan ma’no chiqmoqda. Lekin, aslida esa erkak kishi erkak kishini, ayol kishi ayol kishini yoki ayol kishi erkak kishini qazf qilsa ham, baribir jazoga tortiladilar. Oyati karimada ko‘rsatilgan jazoni qo‘llash uchun bo‘hton qiluvchi pokiza shaxsga nisbatan zino qilganlik aybini qo‘ygan bo‘lishi shart. Agar fisqu fujuri, zinokorligi bilan tanilgan odamni ayblasa, unga nisbatan bu jazo qo‘llanilmaydi. Balki o‘sha vaqtning hukumati sharoitni hisobga olib, oyatdagidan ko‘ra engilroq jazo beradi. Bir odam boshqasini zinoda ayblab, so‘ngra to‘rtta guvoh keltira olmasa, darhol uni ushlab, sakson darra urilavermaydi. Balki boshqa jinoyatlardagi, jumladan, zino sodir bo‘lgandagi kabi, oldin jinoyatchining, jabrlanuvchining shaxsi va qilingan jinoyat yaxshilab o‘rganiladi. Shu uch toifada – jinoyat, jinoyatchi va jabrlanuvchida kerakli shartlar topilgandagina, jinoyatchiga jazo beriladi. Jazo joriy etilishi uchun jinoyatchida quyidagi shartlar mavjud bo‘lishi lozim: 1. Jinoyatchi balog‘atga etgan bo‘lishi kerak. Agar balog‘atga etmagan shaxs birovni zinoda ayblab, bo‘hton qilsa, unga nisbatan ushbu oyatda zikr qilingan jazo chorasi qo‘llanilmaydi. Unga nisbatan o‘sha davr hukumati tomonidan ta’zir beriladi. Albatta, munosib ravishda. 2. Jinoyatchi aqlli bo‘lishi kerak. Agar jinni birovni zinoda ayblasa, unga nisbatan mazkur jazo chorasi qo‘llanilmaydi. Shuningdek, biror narsaning ta’sirida hushi joyida bo‘lmagan odam birovni zinoda ayblasa ham, uzrli hisoblanadi. Lekin aqlu hushi joyida yo‘qligi shariat harom qilgan narsalarning iste’moli tufayli bo‘lsa, unga uzr yo‘q. Masalan, aroq ichib, mast bo‘lgan odam birovni zinoda ayblasa-da, keyin «Mastlikda bilmay aytib qo‘yibman», desa, uzri qabul qilinmaydi. 3. Jinoyatchi o‘z ixtiyori bilan zinoda ayblagan bo‘lishi kerak. Agar birov uni majbur qilgan bo‘lsa, ushbu oyatda zikr etilgan jazoga tortilmaydi. 4. Jinoyatchi jabrlanuvchining otasi yoki bobosi bo‘lmasligi kerak. Oyatda zikr etilgan jazoni qo‘llash uchun bo‘hton qilingan kishida quyidagi shartlar mavjud bo‘lishi lozim: 1. Jabrlanuvchi oqil bo‘lishi kerak. Agar jinni odamni birov zinoda ayblasa, unga nisbatan mazkur jazo joriy qilinmaydi. Ya’ni jinni odam zino qilgani sobit bo‘lganda ham, jazoga tortilmaydi. 2. Jabrlanuvchi balog‘atga etgan bo‘lishi kerak. Agar birov kichkina bolani zinoda ayblasa, unga nisbatan oyatda zikr etilgan jazo joriy qilinmaydi. Chunki kichkina bola shariat ishlariga taklif qilingan emas, agar, farazan, undan zino sobit bo‘lsa ham, jazoga tortilmaydi va kishilar o‘rtasida obro‘si to‘kilmaydi. 3. Jabrlanuvchi musulmon bo‘lishi shart. Agar birov musulmonmas odamni zinoda ayblasa yoki musulmon odamni musulmon bo‘lishidan oldin zino qilgan, desa, unga nisbatan mazkur jazo qo‘llanilmaydi. 4. Jabrlanuvchi hur bo‘lishi kerak. Agar bir odam qul yoki cho‘rini zinoda ayblasa, unga nisbatan ushbu oyatda zikr qilingan jazo qo‘llanilmaydi. Chunki qul va cho‘rilarning ixtiyorlari o‘zlarida emas. Qolaversa, ularga Qur’onda hurlarga beriladigan jazoning yarmi tayin qilingan. 5. Jabrlanuvchi pokiza bo‘lishi, zino va uning shubhasidan uzoqda bo‘lishi lozim. Ya’ni umrida zino qilganligi hech sobit bo‘lmagan yoki shubha ham tug‘ilmagan bo‘lishi kerak. Shuningdek, zino bo‘lmasa ham, iffatiga futur etkazadigan turli bo‘lmag‘ur ishlarni qilmagan, iffatini saqlab yurgan odam bo‘lishi kerak. Demak, mazkur holatlarga qarab, jinoyatchiga nisbatan oyatda zikr qilingan jazo qo‘llaniladi yoki ta’zir beriladi. Ta’zir berish esa o‘sha vaqtning hukumati tomonidan munosib ravishda belgilanadi. Jinoyatchi va jabrlangan taraflarda hamma shartlar mavjud bo‘lishi bilan birga, jinoyatda, ya’ni zinoda ayblashda ham ma’lum bir shartlar ko‘rinishi kerak. Agar bu ishda ham kamchilik bo‘lsa, oyatda zikr qilingan jazo chorasi tatbiq etilmaydi. Avvalo, jinoyatchi, ya’ni bo‘htonchi jabrlanuvchini, ya’ni bo‘htonga uchragan shaxsni «zino» lafzi bilan ochiq-oydin bo‘hton qilgan va bu ishga guvohlar mavjud bo‘lishi lozim. Misol uchun, «Ey zinokor», «Sen zinokorsan» yoki «Zinodan bo‘lgan bolasan» kabi so‘zlarni odamlar oldida aytgan bo‘lsagina, hadd – shar’iy jazo qo‘llashga loyiq jinoyat qilgan hisoblanadi. Agar kinoya bilan aytgan bo‘lsa, misol uchun, «Sen fojirsan», «Sen fosiqsan», «Sen iflossan» kabi so‘zlarni ishlatgan bo‘lsa, uning e’tiboriga bog‘liq bo‘ladi. Zinoni e’tiborda tutib aytgan bo‘lsa, unga hadd qoim qilinadi – jazo beriladi. Boshqa ma’noda aytgan bo‘lsa, boshqacha chora ko‘riladi. Shuningdek, birovni bachchabozlikda ayblasa ham, zinoda ayblagan bilan barobar bo‘ladi. Bo‘htonchiga qarshi chora ko‘rishni talab qilishga faqat jabrlanuvchi yoki jabrlanuvchi bilan nasabi bir, u bilan birga or-nomusga qoladigan shaxsgina haqlidir. Mahkamaga arz etgan odam, ya’ni bo‘hton qilgan odam tuhmatga qolgan odamning Falonchi bilan zino qilayotganini aniq ko‘rganligi haqida guvohlik beruvchi to‘rt kishini olib kelishi kerak. U guvohlar zinoga guvohlik berishda zikr etilgan shartlarga ega bo‘lishlari va o‘shanday ravishda barcha qonun-qoidalarga rioya qilgan holda guvohlik berishlari kerak. Agar bu ish amalga oshmasa, bo‘htonchiga sakson darra uriladi. Ish mahkamaga etib borgandan keyin kechib yuborishga hech kimning haqqi yo‘q. Shikoyatchi ham, mahkama ham kechib yubora olmaydi, kelishib, bosdi-bosdi qilib ham bo‘lmaydi. Ba’zi bir to‘lov tufayli rozi qilish ham bo‘lmaydi. Mahkamaga etgan ishda tavba ham, istig‘for aytish ham, boshqa choralar ham foyda bermaydi. Mahkamaga etmasidan oldin kechirilsa bo‘ladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Hadd(shar’iy jazo)larda o‘zaro afv qilinglar, menga etgandan keyin haddni qoim qilish vojib bo‘lib qoladi», – deganlar. Ulamolarimiz tabiiy bir savol paydo bo‘lishi mumkinligini ham e’tiborga olganlar. O‘sha savol quyidagicha: Bir odam birovning zino qilayotganini aniq ko‘rsa-yu, lekin guvohlikka to‘rt kishini keltira olmasa, bu uning yolg‘onchi ekaniga dalil emas-ku, nima uchun uni sakson darra urib, odamlar ichida sharmanda qilib, guvohligini qabul etmay, «fosiq» deb e’lon etish kerak? Bu savolga ulamolarimiz quyidagicha javob beradilar: Agar bir kishi kimningdir zino qilayotganini ko‘rsa, etarli dalili bo‘lmay turib, uni odamlar o‘rtasida tarqatishi xatodir. Bu ishi xuddi bir odam iflos narsaning ustida o‘tirgan-u, o‘sha iflos narsani boshqa tomonga tarqatgan kabi bo‘ladi. Bunday holatda o‘sha iflos narsani etarli hujjat-dalil bilan bir yo‘la yo‘qotish kerak. Ya’ni davlatga murojaat qilib, hujjat-dalil bilan isbotlab, jazosini berish kerak yoki hech qayoqqa yoyilmay, o‘z joyida qolib ketishini ta’minlash kerak. Lekin befoyda ravishda u iflos shaxslarning tegirmoniga suv quymaslik kerak. Shuning uchun ham hujjat-dalilsiz birovni zinoda ayblagan kishi o‘zi rostgo‘y bo‘lsa ham, amali fisq hisoblanadi.

26 May 2022, 17:49 | Savol-javoblar | 197 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar