Gapni tasdiqlash

Assalomu alaykum! Taqdir taqozosi bilan men 2 marotaba parxonga bordim. U erga borishimdan maqsadim, ular xam bir nimani aytarmikan degan maqsadda edim. Lekin men parxonni gaplariga ishonganim yo‘q, astag‘firulloh dedim. Men uni gapini tasdiklaganim ham yo‘q. Endi bu ishim shirkka kirib qolmaydimi? Javob uchun rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ishonmagan odam ular oldiga boradimi? Yaxshiyamki, sizga yoqadigan gap og‘zidan chiqmabdi. Aks holda umrbod ortidan qolmasdingiz. Alloh taolo va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni hech narsa bilmasliklarini aytib tursalar, siz shubha qilib, “biror narsani bilarmikan” deb borishingiz to‘g‘ri bo‘ladimi? Alloh taolo “Jin” surasida marhamat qiladi: عَالِمُ الْغَيْبِ فَلَا يُظْهِرُ عَلَى غَيْبِهِ أَحَدًا۝ “U g‘aybni biluvchidir va hech kimni O‘z g‘aybidan xabardor qilmas. إِلَّا مَنِ ارْتَضَى مِن رَّسُولٍ فَإِنَّهُ يَسْلُكُ مِن بَيْنِ يَدَيْهِ وَمِنْ خَلْفِهِ رَصَدًا۝ 27. O‘zi rozi bo‘lgan Rasul mustasno. Albatta, Alloh uning oldidan ham, ortidan ham kuzatib yuruvchi yo‘llab qo‘yadir… Bu ikki oyatning umumiy ma’nosi quyidagicha: G‘ayb, ya’ni bandalarning ilmi etmagan narsani faqat Alloh taoloning O‘zigina biladi. Hamda uni hech kimga bildirmaydi ham. Ammo ba’zi g‘ayb narsalarni O‘zi xohlagan payg‘ambarlariga bildirishi mumkin. Shunda ham ba’zi gap-so‘zlar aralashib, adashib ketishining oldini olib, o‘sha Payg‘ambarining oldidan ham, ortidan ham muhofaza qilib yuruvchi farishtalarni qo‘yib qo‘yadi. Demak, g‘ayb ilmini faqat Alloh taoloning O‘zi-yu, ba’zisini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilishlari mumkin. Shunday ekan, nima uchun mo‘min-musulmonlar ichidan ko‘plab kishilar turli folbin, romchi va boshqalarga e’tiqod qo‘yib, ularga murojaat qilib, so‘zlariga ishonishadi. Bu bid’at va xurofotdan boshqa narsa emas. ("Tafsiri hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 22:29 | Savol-javoblar | 148 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar