Qazo namozi bor insonning namozi

Assalomu alaykum! 6 tadan kam qazo namozi bor ya’ni “Sohibi tartib” insonlar hamma vaqt namozni tartibga rioya qilgan holda o‘qiydimi? Ya’ni ba’zi bir hollarda bu tartib buziladimi? So‘raganim sababi agar bir inson asrni qazo qilsa va shom vaqtining oxirida avval asrni, keyin shom namozini o‘qimoqchi bo‘lsa, asrni o‘qib bo‘lgandan keyin shom vaqti chiqib ketish ehtimoli bor paytda qanday ish tutiadi? Oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Avval shomni o‘qib, keyin asrning qazosini o‘qiydi.
Besh farz va vitr orasida ularning hammasi yoki ba’zisi qoldirilganda tartibga rioya qilish farzdir.
Xandaq kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilganlari yuqoridagi hadisda zikr qilindi.
Illo, vaqt tor bo‘lib qolsa yoki unutsa, yoxud oltitadan ziyoda bo‘lsa, bundan mustasno.
Tartibga rioya qilish uch sabab ila soqit bo‘ladi:
1. Vaqtli namozning o‘tib ketish xavfi.
2. Qazolarning oltidan ko‘p bo‘lishi.
3. Ado paytida qazoni unutib qo‘yish.
Agar qazo namozlar adadini bilib bo‘lmaydigan darajada ko‘p bo‘lib ketsa, zimmasidagini ado qilganiga ko‘ngli to‘lguncha qazoni o‘qiydi. O‘ziga oson bo‘lishi uchun avvalgi o‘qimagan namozini va oxirgi o‘qimagan namozini tayin qilib olib, o‘shanga qarab o‘qiyveradi.
Boshqa namozlar qatori, qazo namozini ham quyosh chiqayotganida, qiyomda turganida va botayotganida o‘qib bo‘lmaydi.
Ammo bomdod va asrdan keyin nafl o‘qish mumkin bo‘lmasa ham, qazo o‘qish mumkin.(“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam.

28 Aprel 2022, 22:40 | Savol-javoblar | 160 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar