Evangeliye - Qur’ondagi Injilmi?

"Bibliya"da Iso (a. s. ) hayotlari haqida hikoya qiluvchi to‘rtta kitobni ruschada "Evangelie" deyishar ekan. (Inglizcha ‘Evangel‘ [Ivenjl] - xushxabar). Qarasam, talaffuzi "Injil"ga juda yaqin. Keyin "Alloh Isoga Injilni nozil qildik deganda uning shogirdlari yozib qoldirishini taqdir qildik deyishni iroda qilgan ekanda. " deb o‘yladim Taassufki, Moida surasida ". . . va biz senga Tavrot va Injilni ta’lim berdik. " degan oyatni o‘qib qoldim. Iso qaysi Injilni ta’lim olganlar?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Iyso alayhissalomga berilgan injil yo‘q, hozirgi injillarni keyinroq turli odamlar yozishgan. Injillar Haqida   Biz, musulmonlar Alloh taolo Iyso alayhissalomga Injil nozil qilganiga iymon keltiramiz. Busiz iymonimiz butun bo‘lmaydi. Lekin o‘sha ilohiy kitobning asli hozir yo‘q. Chunki Iyso alayhissalomning vaqtlarida Injil kitob shaklida bo‘lmagan. Hech kim hech narsani yozmagan. U zotdan keyin ba’zi kishilar o‘zlari kitob yozib, «Mana shu injil, menga vahiy qilindi, men yozib oldim», deb chiqdilar. Asta-sekin ularning soni ko‘payib boraverdi. Ularning har biri o‘zining injili haq ekanligini da’vo qilar edi. Orada gap-so‘z, oldi-qochdi ko‘paydi, ixtiloflar kuchaydi. Shunda imperator Konstantin milodiy 325 sanada Niqiyada (Nicea) katta majlis chaqirdi. Bu majlisda ikki ming qirq sakkizta patriarx qatnashgan. So‘ngra turli jamoalardan ikki mingdan ortiq ruhoniy o‘nlab injillarni ko‘tarib keldilar. Imperator majlis ahli oldiga mavjud injillardan eng ishonchlisini tanlab olish vazifasini qo‘ydi. Ular uzoq tortishuvlardan keyin to‘rt dona injilni tanladilar. Hozirda nasorolar e’tiqod va amal qiladigan injillar ana o‘sha to‘rt injildir. Mutto injili. Bu injil eng qadimgi injil hisoblanadi. U Iyso alayhissalomdan to‘rt yil keyin yozilgan bo‘lib, u ibroniy tilda edi. Ammo o‘sha asl ham yo‘q. Hozir bori o‘shaning tarjimasidir. Lekin tarjimon ham, u qaysi matndan tarjima qilgani ham hozirgacha ma’lum emas. Buning ustiga, muallif Mutto Iyso alayhissalomning havoriylaridan emas edi. Keyinroq uni xoin Yahuzoning o‘rniga saylagan edilar. Markos injili. Bu injil yunon tilida Iyso alayhissalomdan yigirma uch yil keyin yozilgani aniq. Ammo uni kim yozganligi aniq emas. Ba’zi nasorolar «Uni Pyotr yozgan», deydilar. Boshqalari esa «Uni Pyotrning o‘limidan keyin Markos yozgan», deydilar. Bu injilni nima deyish mumkin? Yigirma uch yildan so‘ng, Masih alayhissalom gapirmagan tilda yozilgan, kim yozgani aniq bo‘lmagan kitob muqaddas kitob bo‘la oladimi? Luka injili. Bu kitob Masih alayhissalomdan yigirma yil keyin yozilgan. Luka u zotning shogirdlaridan emas. U Polning shogirdi. Uning ustozi ham Iyso alayhissalomni ko‘rgan emas. Buning ustiga, Pol nasorolikka dushman bo‘lgan yahudiylardan ekan. Shuning uchun hiyla bilan nasorolikka qarshi ko‘p buzg‘unchiliklar qilgan ekan. Yuhanno injili. Bu injil Iyso alayhissalomdan o‘ttiz ikki yil keyin yozilgan. Ba’zi nasoro toifalari «Uni Iyso alayhissalomning shogirdlaridan biri Yuhanno ibn Zabdiy yozgan», deydilar. Besh yuzta taniqli nasoro olimlari ishtirokida yozilgan Britaniya entsiklopediyasi bu kitobni qalbaki kitob, degan ekan. Izohning hojati bo‘lmasa kerak.

26 May 2022, 22:52 | Savol-javoblar | 164 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar