Namozlari qolib ketmoqda

Assalomu alaykum! Sizlardan iltimos onam ibodatlarini vaqtida bajarishi, iymoni mustaxkam bo‘lishi uchun ikki qator bo‘lsa xam ruxiy ko‘mak bersangizlar. Hozirgi kunda to‘y, o‘lim kabi marosimlarda namozlar qolib ketadi, ayollar yig‘ilib olib dinimizda yo‘q va to‘qima narsalar haqidi suhbatlashishadi. Shunga chek ko‘yish uchun. Alloh rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Shu erda e’tibor berish kerak bo‘lgan bir nuqta bor. Jannatga kirish boshqa, birdaniga do‘zaxga tushmasdan, azoblanmasdan birinchilardan bo‘lib jannatga kirish boshqa narsa. Mo‘min qalbida zarracha iymoni bo‘lsa kunlar kelib bir kun jannatga kirishi aniq. Ammo gunohga bulg‘ansa, namozlarni tark qilsa, haromlarga qo‘l ursa Alloh taolo undaylarni do‘zaxga tushirishini aytgan. “Nima bo‘lsa ham mo‘min bo‘lsak bir kun jannatga kirar ekanmizku” degan narsa shaytonning aldovidir. Chunki hadisda bir vaqt namozni tark qilgan bir huqub do‘zaxda bo‘ladi – deyilgan. Huqubni tafsir qilganlar 80.000 yil deganlar. Oyatda qiyomatning bir kuni bu dunyoning 1000 kuni kabi ekanligi aytilgan. Oxiratni cheki bo‘lmagani uchun qayta o‘lim va qayta qiyomat qoim bo‘lmagani uchun bunga ajablanishning hojati yo‘q. Hadisda do‘zax ahlining eng engil azob tortuvchisi Abu Tolib ekanligi va unga do‘zaxda olovdan kovush kiydirilishi va uning ta’sirida miyasi qaynab turishi aytilgan. عَنْ أَبِي الْمَلِيحِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنَّا مَعَ بُرَيْدَةَ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي غَزْوَةٍ فِي يَوْمٍ ذِي غَيْمٍ فَقَالَ: بَكِّرُوا بِصَلَاةِ الْعَصْرِ فَإِنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ تَرَكَ صَلَاةَ الْعَصْرِ فَقَدْ حَبِطَ عَمَلُهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالنَّسَائِيُّ Abul Maliyh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bulutli kunda Burayda roziyallohu anhu bilan g‘azotda birga bo‘ldik. U kishi: «Asr namozini tezroq o‘qinglar, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Asr namozini tark qilsa, amali behuda ketadi», deganlar», dedi». Buxoriy va Nasaiy rivoyat qilganlar. Sharh: Avvalo hadisning roviyci Abul Maliyh roziyallohu anhu bilan yaqindan tanishib olaylik. Abul Maliyh kunyasi bilan mashhur bo‘lgan bu kishining to‘liq ismlari Omir ibn Usoma al-Hazmiy bo‘lib, tobe’inlardan edilar. Hadislarni otalaridan, Ma’qal ibn Yasor, Nubayshatal Huzamiy, Avf ibn Molik, Oisha onamiz, Ibn Abbos, Abu Izza al-Xuzaiy, Ibn Umar, Amr ibn Oss, Jobir, Anas, Abdulloh ibn Utba, Abu Sufyon va boshqa sahobalardan rivoyat qiladilar. Bu kishidan Muhammad, Mubashshir, o‘g‘illari Abdurrahmon va boshqalar rivoyat qilganlar. Bu zot hijratning 98-sanasida vafot etganlar. Hadisda nomlari kelgan Burayda roziyallohu anhu mashhur sahobiylardan bo‘lib, to‘liq ismlari Burayda ibn al-Husoyn al-Aslamiydir. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan 164ta hadis rivoyat qilganlar. 62-hijriy sanada Marvda g‘oziy hollarida vafot etganlar. Burayda roziyallohu anhu Xurosonda eng oxiri vafot etgan sahobiy hisoblanadilar. U kishining qabrlari hozirgi Turkmaniston hududida joylashgan. Burayda roziyallohu anhu bulutli kunda Asr namozining vaqti chiqib ketishidan qo‘rqib, g‘azotdagi sheriklariga uni tezroq o‘qib olishni tavsiya etar ekanlar, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan ushbu hadisini dalil qilib keltiribdilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Asr namozini tark qilsa, amali behuda ketadi», degan ekanlar. Bu ham Asr namozining ahamiyati ulkan ekanligidan darak beradi. Ulamolarimiz Asr namozini tark qilish bilan amal behuda (habata) bo‘lishi haqida turli mulohazalar aytganlar. «Habata» so‘zi aslida yoqmaydigan o‘t-o‘lan eb qo‘yib, qorni shishgan hayvonga nisbatan ishlatiladi. Uning egan narsasi behuda ketadi, foyda o‘rniga zarar beradi. Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Kim iymonni inkor qilsa, uning amali habata bo‘ladi», deya marhamat qilgan. Shundan kelib chiqqan umumiy qoidaga binoan, amalni kufr habata qiladi. Boshqa narsa habata qilmaydi. Mazkur ulamolarning Asr namozini tark qilish amalni habata etishi haqidagi mulohazalari ham namozni tark qilish kufrmi-yo‘qmi ekanligi to‘g‘risidagi fikrlarga bog‘liq. «Namozni qasddan tark qilsa, kofir bo‘ladi» degan ulamolar bu hadisni «Asr namozini qasddan tark qilsa, amallar habata bo‘ladi», deb sharhlashgan. «Namozni qasddanmi, noqasddanmi, umuman, tark qilgan odam kofir bo‘ladi» deganlar o‘z fatvolariga mana shu hadisni ham dalil qilib keltiradilar. «Namozni qasddan emas, dangasalik qilib tark qilgan odam kofir emas, osiy bo‘ladi», deganlar ham «Bir namozni tark qilish yomonligini, lekin Asr namozini tark qilish hammasidan ham yomonligini bildirish uchun bu hadisda o‘ta shiddatli ibora keltirilgan. Aslida faqat kofirlikkina amallarni habata qiladi», deydilar. Nima bo‘lganda ham, ushbu hadisdan Asr namozini tark qilish juda ham katta gunoh ekanligi bilinib turibdi. Lekin bu – Asr namozini o‘qisa bo‘ldi, boshqa namozlar unchalik ahamiyatli emas, degani emas. Har bir namozni o‘qimaslik, ulkan gunohdir. Lekin Asr namozini o‘qimaslik yana ham ulkanroq gunoh. ("Hadis va Hayot" kitobidan). فَوَيْلٌ لِّلْمُصَلِّينَ۝ الَّذِينَ هُمْ عَن صَلَاتِهِمْ سَاهُونَ۝ 4. Bir «namozxonlar»ga vayl bo‘lsinki… 5. Ular namozlarini unutuvchilardir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Dinda bo‘lmagan gaplarni dindan deyish Alloh va rasuliga xiyonat qilish hisoblanadi. عَنْ عَبْد ِاللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: بَلِّغُوا عَنِّي وَلَوْ آيَةً، وَحَدِّثُوا عَنْ بَنِي إِسْرَائِيلَ وَلَا حَرَجَ، وَمَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Mendan bir oyat bo‘lsa ham etkazinglar. Bani Isroil haqida gapiringlar, tanglik yo‘q. Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi o‘rindig‘iga joylashaversin», dedilar». Buxoriy va Termiziy rivoyat rivoyat qilganlar. Sharh: Hadisning roviysi Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu bilan tanishmiz. Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uchta muhim masalani bayon qilmoqdalar. 1.«Mendan bir oyat bo‘lsa ham etkazinglar». Ya’ni, mening bilganim oz narsa, faqat birgina oyat, deb o‘tirmanglar. O‘shani bo‘lsa ham odamlarga etkazinglar, demoqdalar. 2.«Bani Isroil haqida gapiringlar, tanglik yo‘q». Bu ish ruxsat berilgan doirada bo‘lishi kerakligini ulamolarimiz ta’kidlaganlar. Chunki boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ahli kitoblarni tasdiqlamanglar ham, yolg‘onchi ham qilmanglar. Allohga va U zotdan o‘zimizga nozil qilingan narsaga iymon keltirdik, denglar», deganlar. Shuning uchun ularning shariatimizga muvofiq narsalarini tasdiqlaymiz, shariatimizga nomuvofiqlarini yolg‘on, deymiz. 3.«Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi o‘rindig‘iga joylashaversin». Bilib turib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytmagan narsani u zotdan, deb gapirish shunchalar yomon narsaki, kim shu ishni qilsa, do‘zaxiy bo‘lishi turgan gap. Ushbu hadisdan olinadigan foydalar: 1. Oz bo‘lsa ham, o‘zi bilgan ilmni o‘zgalarga etkazish zarurligi. 2. Bani Isroil haqida shariatimiz izn bergan ma’noda gapirish joizligi. 3. Kim Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxiy bo‘lishi. Ushbu hadisi sharifni hayotimizga tatbiq qilishga juda muhtojmiz. Bilgan narsalarimizni oz-ozdan bo‘lsa ham, o‘z birodarlarimizga o‘rgatishimiz zarur. Qanchadan-qancha kishilar kalimai shahodatni o‘rganishga muhtojlar. Ularga bu narsani bilganlar o‘rgatmasa, kim o‘rgatadi? Qanchadan-qancha kishilar aqalli bir oyatni ham, Qur’ondagi kichik suralarni ham bilmaydilar. Ularga ham bilganlar o‘rgatmay, kim o‘rgatadi?! Tahorat, g‘usl, namoz, janoza va boshqa ko‘plab shar’iy ahkomlarni bilmaydiganlarimiz ko‘p. Bularning hammasini ularga biladiganlar o‘rgatishi lozim. Ba’zi narsalarni bilganlar undan ham ko‘ra ko‘proq narsalarni bilishga intilishlari, o‘zlaridan ko‘proq biladiganlardan o‘rganishlari lozim bo‘ladi va hokazo. «Bani Isroil» va boshqa ahli kitoblar haqida ham bilganlar bilmaganlarga gapirib, shariatimizning ularga bo‘lgan munosabatlarini tushuntirib berishlari lozim. Chunki bilimsizlik oqibatida ular bilan noto‘g‘ri munosabat va aloqalar vujudga kelmoqda. Kishilarimiz adashib, katta xatolarga yo‘l qo‘ymoqdalar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qilishining ham oldini olish lozim. Bilib-bilmay, turli gaplarni hadis deb aytish katta gunohdir. Bu o‘sha odamning do‘zaxga kirishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun haqiyqiy ekanligiga to‘liq ishonch hosil qilmasdan turib, hadis aytish yaxshi emas. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 23:57 | Savol-javoblar | 188 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar