Masjidlarning qiblaga ne chog‘lik to‘g‘riligini tekshirish

Internetda qiblalocator. com degan sayt bor. Bu sayt qizil chiziq bilan haritada ko‘rsatilgan nuqtadan qiblaga bo‘lgan yo‘nalishni ko‘rsatib beradi. Bu sayt internet harita hizmatlari asosida ishlaydi va mening tushunishimcha aniqligi ancha yaxshi. Shu saytdan masjidlarni qiblaga qanchalik to‘g‘ri yuzlanganligini ko‘rmoqchi bo‘lib Toshkentdagi 5ta masjidni tekshirgandim.   Bu tekshirishlarim shuni ko‘rsatdiki, ba’zi masjidlar qiblaga unchalik to‘g‘ri yuzlanmaganday. Masofa uzoqligini hisobga olsak qibladan ancha uzoqlashib ketganga o‘xshaydi. Bu masjidlarda namoz o‘qish hukmi haqida ma’lumot bersangiz.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Mazkur asbobni masjidlarni tekshirish uchun emas, masjidi yo‘q joyda qiblani aniqlash uchun qilingan. Masjidlar qurilganda bu kabi vositalar yo‘q edi. O‘sha vaqtning imkoni ila qibla aniqlangan va manashu to‘g‘ri. Namozda qibla tomonga yulanish farz. Yuzlanganda sizning qizil chizig‘ingiz ila Ka’abning qoq o‘rtasidan chiqish farz emas. Ka’baning bir tomoni 12 metr. Agar siz aytadigan holat bo‘lsa, namozdagi saflar 12 metrdan ziyod bo‘lmasligi kerak. Holbuki 120 va undan ko‘p metrlik saflar bo‘ladi. Siz mazkur imkoniyatdan masjid yo‘q joyda qiblani aniqlash uchun foydalaning. Bor masjidlarni tekshirmang. Bu ishning keragi yo‘q. Odamlar o‘rtasida ixtilof chiqishiga sabab bo‘lib qolasiz.  

26 May 2022, 23:19 | Savol-javoblar | 171 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar