Raqsga tushgan tariqatchilar

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, shu kunlarda Fasebook saxifasida bir video juda keng tarqalib ketdi. Unda bir necha erkak kishilar doira qurib o‘tirib Allohnig nomini zikr qilgan xolda xunukdan xunuk xarakatlar bilan raqsga tushishdi. Odam juda ko‘p to‘plangan, xattoki tasvirchilar xam taklif etilgani ko‘rinib turibdi. Ularga salbiy munosabatda bulib gunox kilmayapmanmi? Dinimizda shunday xolatlar kuzatilganmi? "Tasavvuf xakida tasavvur" kitobini o‘qiganimda bunday kimsalar tariqatni noto‘g‘ri talqin qilganliklari yozilgan. Shunday ekan nega bu xolatga indamay qarab turibmiz? Mayli bir kulbada 3-4 kishi yig‘ilib mukkasidan ketishsa, adashganlar bo‘lar deb aytamiz. Lekin bu videodagi yoshi ulug‘ insonlar xuddi shunday bo‘lishi kerakdek o‘zini tutishyapti, xatto tasvir olib ommaga ko‘rsatishganichi. G‘ayridinlar: "Isloming shumi?", "Xind raqqoslariku" degan ma’noda fikr bildirishmoqda. Shunga g‘azabim kelayapti. Shu xolatga shariatimiz nima deydi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Aslida nafsni tarbiyalash, ruhiy tarbiya, riyozat, murshid va muridlik haq. Asli Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga borib taqaladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zimmalariga yuklatilgan vazifalardan biri ruhiy tarbiya edi. U zotning tarbiya qilgan shogirdlari, ya’ni sahobalari tazkiyatunnafs borasida eng oliy nuqtaga etganlar. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: “Biz, ya’ni sahobalar egan taomimizning tasbeh aytib turganini eshitib turar edik” deganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Qur’on, fiqh, hadisni ta’lim olgan sahobalar ruhiy tarbiya qilishni ham ta’lim olganlar. Bu narsa silsila orqali hozirgi kunimizgacha etib keldi va qiyomatgacha davom etajak. Qur’on, hadis va fiqhni ta’lim berishni o‘z usullari, nizomi bo‘lganidek ruhiy tarbiyaning ham o‘z usuli bor. Bu usullar ham insonlarning mijoziga qarab turlicha bo‘ladi. Qaysi iqlimga qaysi usul ko‘proq foydali bo‘lsa shu usuldan foydalaniladi. Masalan Qur’on yodlatishda qaysidir o‘lkalarda sanoq qilib yodlatilsa, qaysidir o‘lkalarda yana boshqacha usuldan foydalanishadi. Bu usullardan ko‘zlangan maqsad Qur’onni yod olish, usullar asliy maqsad emas. Zikrdan ham asl maqsad ko‘p zikr qilib Alloh taologa bo‘lgan taalluqni kuchaytirish. Bu borada kimdir maxfiy usulni tanlagan bo‘lsa kimdir jahriy usulni tanlagan. Hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga kirganlarida ikki halqini ko‘rganlari kelgan. Biri ilm halqasi bo‘lsa ikkinchisi zikr halqasi bo‘lgan. Demak zikr halqasini tuzish sobit, o‘sha zikr halqalarida insonlar beixtiyor vajd(o‘zidan ketib qolish) sodir bo‘lgan. Sahobalarda buni “Keling iymonlashamiz” deb nomlangan. Ammo hozirgi kundagi bayt aytib raqsga tushishlar dinimizda yo‘q. Hindiston va Pokiston taraflarda ham “Baralviy” degan bir toifa chiqqan bo‘lib, ular ham ayni shu kabi ishlar bilan shug‘ullanishadi. Ularni she’r aytib cholg‘u chaluvchilarni qavvoliy deyishadi. Humoyun podshohligi davrda Sayyid Ibrohim ibn Mu’in degan imom Hasan roziyallohu anhuning avlodlaridan bo‘lgan mashhur valiyulloh zod o‘tgan edilar. Humoyunning davrida Dehlida ilmda ham hikmatda ham teng bo‘lgan emas. U zot go‘shanishin shaxs edilar. Hamma vaqt kitob mutolasiga mashg‘ul edilar. Samo’(siz keltirgan videodagi bayt aytib zikr tushuvchilar) majlisi bo‘lar edi. U kishi bunday majlislarni aslo xush ko‘rmasdilar. Shoh Abdulhaq muhaddis Dehlaviy o‘zlarining “Axborul axyor” kitoblarida u zotning samo’ majlisiga tegishli bir voqe’asini keltirganlar. Dehlida shayx Rukniddin ibn Abdulquddus Gango‘hiy degan zot bo‘lgan edilar. Sayyid Ibrohim bilan hamasr edilar va samo’ majlislariga qatnashib turar edilar. Qutbiddin Baxtiyor Kokiy rahmatullohi alayhning mozorlari yonida samo’ majlisi bo‘ldi. Shunda shayx Rukniddin sayyib Ibrohimni ham o‘sha majlisga taklif qildi. Sayyid Ibrohim Rukniddinni majlisga borishdan avval “muroqaba qilib ko‘ring, izn bersalar boramiz” deb muroqaba qilishga buyurdilar. Qutbiddin Baxtiyor Kokiyning mozorlariga  borib muroqabaga o‘tirdilar. Qavvoliylar majlisni qizdirib, junbushga kelganlarida shayx Rukniddinga Qutbiddin Baxtiyor Kokiy: “Bu badbaxtlar bizning miyamizni barbod qilmoqdalar. Hamma vaqt bizga shunday tashvish tug‘diradilar” deganlari kashf bo‘ldi. Kelib holatni Sayyid Ibrohimga aytib berganlarida u kishi kulib “Shundan keyin ham yana qatnashasizmi” dedilar. Sayyid Ibrohim rahmatullohi alayh hijriy 953-yilda vafot topganlar. Nizomiddin Valiy rahmatullohi alayhning qabristoniga Amir Xusravning yoniga dafn qilinganlar. Biz uchun ustozimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning ular borasida aytgan “Ularning ishlari noto‘g‘ri, haqiqiyi  tasavvufdan bexabar kishilar” degan gaplari kifoya qilish kerak, chunki ustozimiz rahimahullohning o‘zlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan davom etib kelayotgan butun dunyo ulamolari tan olgan ruhiy tarbiya mashoyixlaridan ijoza olganlar va tarbiya qilishga ham ijoza olganlar. Butun dunyo tasavvuf tashkilotining kotibi ham bo‘lganlar. Bizning yurtdoshlarimizga u kishining gapi nuqta qo‘yuvchi gap bo‘lishi kerak. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 01:24 | Savol-javoblar | 181 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar